30/6. Suhaybdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sizlardan avval o‘tgan ummatlarda bir podshoh bor edi. Uning bir sehrgari bo‘lib, yoshi ulg‘ayganida podshohga quyidagicha murojaat qildi: «Men qarib qoldim. Menga biror yosh odam yuborgin. Unga sehrgarlikni o‘rgataman». Podshoh unga bir bolani sehr o‘rgatish uchun yubordi. U bolaning yo‘lida bir rohib (ibodat qiluvchi) bor edi. Kunlarning birida bola uning huzurida o‘tirib, so‘zlarini eshitib, hayratda qoldi. Bola agar sehrgar oldiga borsa, rohibga ham uchrab, uning huzurida biroz o‘tirar edi. Bir kuni sehrgar huzuriga borganida, u (kech qolgani uchun) bolani urdi. Bola esa bu holdan rohibga shikoyat qildi. Rohib: «Agar sehrgardan qo‘rqsang, ahlim meni ushlab qolgani uchun (kechikdim), degin. Agar ahlingdan qo‘rqsang, sehrgar meni ushlab qolgani uchun kechikdim, degin», dedi. Kunlar shu alfozda davom etdi. Bir kuni bola katta bir jonivorni uchratdi. U jonivor kishilarning yo‘lini to‘sib olgan edi. Shunda u: «Bu kun sehrgar afzalmi yoki rohib afzalmi, bilaman!?» deb bir toshni oldi-da, «Allohim, agar rohib ishi Senga sehrgarning ishidan mahbubroq bo‘lsa, bu jonivorni halok qilgin, kishilar o‘tib olishsin», dedi. Bola toshni otib uni o‘ldirdi va kishilar o‘tib ketishdi. Bola rohibga kelib, bu haqda xabar berdi. Rohib bolaga: «Ey bolam, sen bugun mendan ham afzalsan. Sen bir maqomga yetding. Sen tez kunlarda (har xil sinovlar bilan) sinalasan. Agar shunday holat bo‘lsa, meni hech kimga ko‘rsatmagin», dedi. U bola tug‘ma ko‘r, peslarni tuzatib va kishilardagi boshqa kasalliklarni davolar edi. Podshohning sheriklaridan birining ko‘zi ojiz bo‘lib qolib, bu bola haqida xabar topdi. Bolaning huzuriga ko‘p hadyalar bilan kelib: «Agar menga shifo bersang, bularning hammasini senga beraman», dedi. Buni eshitgan bola: «Men biror kishiga shifo bera olmayman. Shifoni Allohning O’zi beradi. Agar Allohga iymon keltirsang, Unga duo qilaman, senga shifo beradi», dedi. U kishi Allohga iymon keltirdi. Va Alloh u kishiga ham shifo berdi. Bir kuni u kishi odatdagidek podshoh huzurida o‘tirganida, podshoh unga: «Ko‘zingni kim davoladi?» dedi. Sherigi: «Rabbim davoladi», dedi. Shunda podshoh: «Mendan boshqa ham Rabbing bormi?» deganida, u: «Rabbim - sening Rabbing Allohdir», dedi. Podshoh uni azoblashda bardavom bo‘ldi. Oxiri u kishi bolani ko‘rsatib berishga majbur bo‘ldi. Podshoh bolani tutib keltirdi. Va unga: «Ey bola, sen sehrgarlikda shu darajaga yetibsanki, tug‘ma ko‘r va peslarni tuzatib, unday va bunday ishlarni qilayotgan emishsan?» dedi. Bola: «Men hech kimni tuzatayotganim yo‘q. Albatta Alloh shifo beryapti», dedi. Podshoh uni azobladi va bunda bardavom bo‘ldi, u rohibni ko‘rsatib qo‘ydi. Rohib ham (podshoh huzuriga keltirilib, unga) diningdan qayt, deyildi. Rohib bosh tortdi. Arra olib kelinib uning boshi o‘rtasiga qo‘yib arralandi, bosh ikkiga bo‘linib ketdi. Keyin podshoh sherigi keltirilib, diningdan qayt, deyildi. U ham bosh tortdi. Arra boshining o‘rtasiga qo‘yilib tortilganida, bo‘linib ikki tarafga tushdi. So‘ngra bolani keltirib, diningdan qayt, deyildi. U ham bosh tortdi. Podshoh bolani bir necha a’yonlariga berib: «Buni falon, falon toqqa olib boringlar. Va tepasiga chiqinglar. Agar cho‘qqiga yetsangiz (bir nasihat qilib ko‘ringlar), dinidan qaytsa, qoldiringlar. Agar qaytmaydigan bo‘lsa, uni o‘sha yerdan uloqtirib yuboringlar», dedi. A’yonlar (podshoh aytgan) toqqa borib, yuqoriga chiqdilar. Bola esa: «Allohim, ularga O’zing xohlagan narsa bilan kifoya qilgin», deb iltijo qilganida, tog‘ bir silkindi. Ular undan qulab tushishdi. Bola (yakka o‘zi) podshoh huzuriga keldi. Podshoh unga: «Hamrohlaringga nima bo‘ldi?» dedi. Bola: «Allohning O’zi ularga kifoya qildi», deb aytdi. Podshoh yana bir nechta a’yonlariga bolani topshirib: «Uni bir katta kemaga ortinglar-da, dengiz o‘rtasiga olib boringlar. (Bir nasihat qilib ko‘ringlar) agar dinidan qaytsa, qoldiringlar. Bo‘lmasa, uni (dengizga) tashlab yuboringlar», dedi. Ular bolani olib borishganida yana u: «Allohim, xohlagan narsang bilan ularga O’zing kifoya qilgin», dedi. Kema birdan to‘ntarildi-da, ular cho‘kib ketishdi. Bola yana (yakka o‘zi) podshoh huzuriga keldi. Podshoh unga: «Hamrohlaringga nima qildi?» dedi. Bola: «Alloh ularga O’zi kifoya qildi, albatta sen men buyurgan narsani qilmaguningcha o‘ldira olmaysan», dedi. Podshoh: «U nima?» dedi. Bola: «Odamlarni bir tepalikka jamlab, meni bir xurmo shoxiga osib, o‘qdonimdan bir o‘qni olib, uni kamonning o‘rtasiga qo‘yib, «Bolaning Rabbisi bo‘lmish Allohning ismi bilan», deb menga otasan. Agar mana shu aytganimni qilsang, meni o‘ldira olasan», dedi.
Podshoh odamlarni bir tepalikka to‘pladi. Bolani bir xurmo shoxiga osib, so‘ngra uning o‘qdonidan bir o‘qni olib, kamonning o‘rtasiga qo‘ydi, keyin «Bolaning Rabbisi bo‘lmish Allohning ismi bilan», deb otganda, o‘q bolaning chakkasiga tegdi. U chakkasiga qo‘lini qo‘yib vafot etdi. Shunda odamlar: «Bolaning Rabbisiga imon keltirdik», deb aytishdi. Podshoh huzuriga kishilar kelib: «Sen o‘zing xavfsirayotgan narsaga qaramaysanmi? Allohga qasamki, sen xavfsirayotgan narsa - odamlarning imonga kelishi bo‘lyapti», deyishdi. Podshoh ko‘chalarning og‘ziga chuqur kavlatishni buyurdi. Chuqurlar kavlab, unga o‘t yoqildi. Va u: «Kimki dinidan qaytmasa, unga tashlansin», dedi. Bu buyruqni bajardilar. Bir payt qo‘lida yosh go‘dagi bor bir xotin keldi. U xotin o‘tga tushishdan o‘zini tortayotgan edi. Haligi go‘dak: «Ey onajonim, sabr qiling. Siz haq yo‘ldasiz», dedi...», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.