* X-XI asrlarga kelib G‘arb tezlik bilan Sharq olimlarining fandagi yutuqlarini o‘rganishni boshlagani tarixdan ma’lum. Albatta, bunda tarjimonlar mahorati ham ko‘p narsani hal qilardi. Shunday tarjimonlarning ozmi-ko‘pmi «mahorati» o‘laroq, mohiyat qay darajada o‘zgarganligi ma’lum bo‘lmasa-da, ammo mualliflarning ismlari yaxshigina o‘zgargan. Masalan, Muso-al Xorazmiy nomini «Algorazmi», «Algorifm», «Algoritm» kabi o‘ndan ortiq nomda tarjima qilishgan bo‘lsa, kitobi tarjima qilinganida muallifining nomi tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketgan hollar undan ham ko‘p. Misol uchun, Abu Bakr Ar-Roziy — Babakar Razes, Az-Zar¬qaliy — Arxazil, An-Nasaviy — Nasuenskiy, Abu Bashar Al-Balxiy — Albumasr, Ibn Boja — Avempas kabi.
* Frantsiyada iste’dodli bolalarni saralab olish va ularga alohida e’tibor berish siyosatiga norozilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Buning ustiga Frantsiya olim va pedagoglari bunday siyosat, birinchidan, turli guruhdagi yoshlarning tabaqalashuvi, ijtimoiy psixologik muhitning beqarorlashuviga va oxir-oqibatda ijtimoiy nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishini, ikkinchidan esa, jamiyatda sun’iy ravishda ajratib qo‘yilgan iste’dodli yoshlar orasida takabburlik, ya’ni boshqalarga nisbatan bepisandlik alomatlarining paydo bo‘lishi, insoniy fazilatlar tanazzuliga olib kelishi mumkinligini ta’kidlaydilar.