Internet nima?
Internet - o'g'ri! Vaqtni o'g'irlaydi. Shunday o'g'irlaydiki, qanday qilib topshirib qo'yganingizni bilmay qolasiz. Shunday o'g'riki, unga har kuni qayta-qayta o'lja bo'laverasiz. Qadimda o'g'rini qo'li kesilar ekan. Bunisi o'zgacha, o'g'ri bizni qo'limizni bog'lab olgan.
Internet - sehrgar! Shunday sehrlaydiki, bitta ekranga termulib 4-5 soat o'tiraverasiz. Qorin ochgani, tashqarida yomg'ir yog'gani, hatto oyog'ingizni ostidan sichqon o'tib ketganini bilmaysiz. Bu ham yetmaganday, u butun aqlingizu qalbingizni o'ziga qaratib olgan. Tashqaridan qaraganda, xuddi muzlatilgan shaxzodaga o'xshaysiz.
Internet - muhabbat! Ha, siz sevib qolgansiz. Odam o'z sevgilisiga ham bunchalik uzoq tikilib o'tirmasa kerak. Bu qadar berilib, hatto yurgan yo'lingizda uni o'ylaysiz. Ekranga qarab o'tirib birdan jilmayasiz, goh asabiylashasiz. Bu telbalik emasmi, tashqaridan qarasak?!
Internet - dengiz! Cheksiz ummon. Uning oxiriga yetaman desangiz qirg'og'i ko'rinmaydi. Bir sho'ng'isangiz go'yoki cho'kib ketasiz. Uning doirasi shu qadar kengki, milliardlab "baliq"lar bemalol suzib yurishadi. Dengizda kichik baliqlar kattalariga ozuqa bo'lishadi...
Internet - surunkali kasallik! Chekishni tashlash ham undan osonroq bo'lsa kerak. U shunday davomiy kasallik bo'lib, uni davosi faqat irodadir. Ammo, yangi asr bolalarida bunga yarasha iroda, ko'pincha, yetarli emas. Bu kasallikni tuzatuvchi mutahassislik ham yo'q. Bu kasallikka qarshi tabletka, ukol, parashoklar, dimlamalar ham yo'q. Xalq tabobati esa, bunaqa kasallik tarixda misli ko'rilmagan demoqda. Yana bir yomon tarafi, to'shakka emas stulga mixlanasiz. Bel, bo'yin, ko'z va hatto miya shikastlanish darajasiga yetib boradi.
Internet - olam! Olam bo'lganda ham, mutlaqo yangi olam. Avval bunaqa olam bo'lmagan. Bundan yigirma yil avval birortasiga Moy Mir (mening olamim) desangiz ustingizdan kulardi. Endi buni bilmasangiz kulguga qolasiz. Har bitta odamning o'z olami bo'lib, internet barchasini bir joyga jamlaydi. O'sha olamga mahliyo bo'lib, haqiqiy olamingizni 99%ga unutasiz. Faqat beixtiyor 1% qoladi, u ham bo'lsa nafas olish uchun.
Internet - narkotika! Qo'rqmang, bu o'xshatish xolos. Oxiri o'limga olib bormaydi, lekin ko'pincha faqat o'limgina uni sizdan mosuvo qiladi. Borgan sari o'z domiga tortib boraveradi. Yangi-yangi qirralari chiqaveradi, battar kirishib ketaverasiz.
Internet - ulfat! Shunday ajoyib ulfatki, hech zeriktirmaydi. Siz xohlagan tilda gapiradi. Sizdan yuz o'girmaydi. Ammo aldab pulingizni shiladi.
Internet - sayohat! Unda siz butun olamni sayohat qilasiz. Google, Yandex, Yahoo, Mail.Ru va boshqalar sizga yaqindan yordam beradi. Istalgan soha bo'yicha, istalgan hududga kira olasin. Google Maps va shunga o'xshash kartalar orqali yer yuzining xohlagan nuqtasini tomosha qila olasiz. YouTube sizga ajoyib yordamchi. Chunki u istalgan videoni ekraningizda namoyish qilib beradi. Go'yoki, siz uchib yuribsiz.
Internet - bozor! Hamma narsa topiladi. Yaxshi narsalar ham, yovuz narsalar ham bor. Xohlaganingizni sotib olasiz. Pulingiz bo'lsa bas. Bozordagilarning yarmidan ko'pi bir-birini aldash bilan band...
Internet - olov! Vaqtingizni va pulingizni kuydirib kul qiladi. Ortga qaytara olmaysiz. Tilsiz ofatdir. Hatto, ba'zi insonlar shu qadar berilib ketganki, parvona misol o'zini ushbu yorug'likka uradi... Ijtimoiy tarmoqlarda 24 soatlab onlaynda, butun olam bilan gaplashadi. Zaruriy gaplar bo'lsa ham mayli, g'irt telba-teskari, oldi-qochti gaplar. Buyoqda esa umr yonib bormoqda...
Internet - tush! Unda hamma narsa bo'lishi mumkin. Tush ko'rayotgan inson, men tush ko'ryapman deb o'ylaymaydi. Uyg'ongach esa tush ekanligini tushunadi. Tushdagi insonlar va ular bilan suhbat ajoyib. Hayotda esa ularni tanimaysiz, ko'rmagansiz. Tushda esa judayam yaqin gaplashasiz. Kimlardir aka-singil, opa-uka va hatto sevishganlar bo'ladi. Hayotda esa biri Rossiyada, biri Amerikada yashaydi, bir-biri bilan yuzma-yuz gaplashmagan. Bir kunda o'ttiz milliondan ortiq inson tashrif buyuradigan Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog'ida hatto qiz bola o'g'il bola bo'lib chiqishi ham mumkinligi odamni ajablantiradi. Tushga nimalar kirmaydi deysiz... Lekin bu tush har kuni davom etaveradi, xuddi Kurtlar Vadisi serialiga o'xshab, hech tugamaydi.
Internet - kino! Unda hamma o'zi uchun o'zi bosh ro'lni ijro etadi. Kimnidir yakson qilish, kimnidir himoya qilish bilan ovora. Bitta akkaunt mag'lub etilsa, yangi akkaunt ochilib davom etilaveradi. Faqat bu safar boshqa qiyofada, boshqa ismda, boshqa xarakterda. Janglar davom etadi...
Xullas, yana juda ko'p misollar keltirish mumkin. Tarixda uchratilmagan bir sinoat. Necha ming yillardan beri necha milliardlab insonlar o'tgan bo'lsada, milodiy XX-asr oxiriga kelibgina paydo bo'ldi, qurib ketgur. Boshimizda bu savdo ham bor ekan. Nailoj, endi bu kashfiyotdan faqat to'g'ri yo'llarda foydalansak bo'lgani.
IRFON, 08.03.2013