22-BOB
MAVZU: OG’IZ VA BURUNNI BIR HOVUCH SUV BILAN CHAYQASH
28. Abdulloh ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamni ko‘rdim, og‘iz va burunlarini bir hovuch suv bilan chayqadilar va buni uch marta (takror) qildilar».
Ya’ni, avval bir hovuch suvdan og‘ziga, burniga suv olib, keyin ikkinchi hovuch suvdan og‘ziga va burniga suv oladi, keyin uchinchi hovuch suvdan og‘ziga va burniga suv oladi, shunday qilib, mazmaza va istinshoqni birgaliqda uch marta qilgan bo‘ladi. Ba’zi ilm kishilarining va mashhur qavlga ko‘ra, Shofi’iyning qavli ana shunday. (Imomi Shofi’iy keyinchalik boshqa fikrga kelgan). Hofiz Ibnul-Qayyum «Zodul-ma’od» kitobida: «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sunnati mazmaza va istinshoqni bir-biridan ajratmaslik edi», deydi. Abu Hanifa esa, mazmaza va istinshoqni (og‘iz chayqash va burunga suv olib qoqishni) bir-biridan ajratib, alohida-alohida qilishi kerak, degan xulosada bo‘lganlar. Abu Hanifa bunday xulosa qilishda ayrim hadislardagi: «Uch marta og‘izlariga va uch marta burunlariga suv oldilar», degan iboralarga asoslanganlar. Bir hovuchdan mazmaza va istinshoq qilganlarini bildirgan hadislar, hanafiy olimlarning xulosasiga ko‘ra ta’vil etilmoqda va bularning ta’vilida ikki xil fikr ilgari surilmokda: birinchi fikrga ko‘ra, bu hadislar shundan dalolat beradiki, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam og‘iz chayqash va burunga suv olganda ikki qo‘llarini emas, faqatgina bir qo‘llarini ishlatganlar, ikkinchi fikrga ko‘ra, og‘iz chayqash va burunga suv olishni faqat o‘ng qo‘l bilangina qilganlar. Al-Ayniy, «mazmaza va istinshoqni bir suv bilan qildilar», degan rivoyat bunday ta’villarga moyil emas, degan fikrni ilgari suradi. Ammo, bu masalada imomlar o‘rtasidagi ixtilof, ta’vil joiz yoki joiz emasligi borasida emas, balki, afzaliyat borasidadur. Afzallik, ustunlik borasida Imomi Azamning xulosasi yuqori ekanligi o‘z-o‘zidan ma’lum.
Bu bobda Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anx,umo)dan ham hadis rivoyat qilingan.
Abdulloh ibn Zaydning hadisi hasan-g‘arib. Molik, Ibn Uyayna va yana boshqalar bu hadisni Amr ibn Yahyodan rivoyat qildilar, lekin «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir hovuch suvdan og‘iz va burunlariga suv oldilar» degan jumlani zikr etishmadi. Bu jumlani bitta Xolid ibn Abdulloh zikr etadi. Xolid ibn Abdulloh esa muhaddislar nazdida siqa (so‘zi ishonchli) va hofiadir.
Ba’zi ilm ahli bunday deydi: «Bir hovuch suvdan ham og‘izga, ham burunga suv olmoq yetarlidir». Ba’zilari esa: «Mazmaza va istinshoqni (og‘iz chayqash va burunga suv olib qoqishni) bir-biridan ajratib (alohida-alohida) qilmoq biz uchun sevimliroq», deydilar. Shofi’iy aytadiki, «Mazmaza va istinshoqni bir hovuch suvdan qilsa, bu joiz. Ammo bularni bir-biridan ajratib (alohida-alohida) qilish, bizningcha, yanada maqbulroq».
Shofi’iyning bu masalada ikki xil so‘zi bor: Birinchisi Abu Hanifaning so‘ziga muvofiqdirki, Termiziy bu o‘rinda shuni naqd etganlar. Ikkinchisi, mashhur bo‘lgan qavlidirki, buni oldingi izoxda bayon etdik.