Avvalambor shuni ta’kidlash lozimki, Said Ahmad birinchi navbatda o‘zbek hikoyachiligining ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oldi. Uning «Cho‘l burguti», «O‘rik domla», «Lochin», «Xazina», «Hayqiriq», «Iqbol chiroqlari» kabi yana boshqa o‘nlab hikoyalari adabiyotimiz xazinasidan mustahkam o‘rin oldi. Bu hikoyalarda adib Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor kabi ustoz yozuvchilarning an’analarini davom ettirib, inson obrazini mukammallashtirishda yangi yutuqlarga erishdi. Bu hikoyalarning ko‘pchiligi sho‘ro mafkurasi hukmron yillarda yozilgan bo‘lsa-da, adib ularda hukmron mafkura qoliplarini yorib chiqa olgan; uning qahramonlari kommunistik g‘oyalarga xizmat qiladigan yuzaki va shiornamo insonlar emas, balki juda tabiiy va oddiy odamlar, ularning ishlari ham, gap-so‘zlari ham, o‘zlarini tutishi, orzu-umidlari ham tabiiy. Ular tabiiy odamlardek hayotda nimalargadir erishsa quvonishadi, xato qilishsa, adashishsa, to‘siqlarga duch kelib, muvaffaqiyatsizlikka uchrashsa qayg‘urishadi, iztirob chekishadi. Har holda bu odamlarning quvonchlari ham, dardlari ham g‘oyatda tabiiy va ishonarli. Bu hikoyalarni jozibador kdlgan omillardan yana biri va ehtimolki, eng muhimi shundaki, muallif o‘z qahramonlarini dil-dilidan sevadi, ularning go‘zalligi, ma’naviy kamoloti, ruhiy yuksakligi qarshisida sajda qilishga tayyor va bu tuyg‘ularini hikoyalarda shu darajada teran hamda samimiy ifodalaganki, ular o‘quvchini ham hayajonga soladi, o‘quvchi ham o‘zi sezmagan holda bu sodda, ochiq ko‘ngil, go‘zal odamlarni sevib koladi. Buni qarangki, bir necha yillar davomida Stalin zindonlarining bo‘g‘iq havosidan nafas olgan, surgun zulmlarining dahshatini totigan, har qadamida inson yovuzligining mudhishligi nima ekanini, insonning pastkashligi va razolati chegara bilmasligiga duch kelgan Sand Ahmad, baribir, insonga ishonchini yo‘qotib qo‘ymapti, uning qalbidagi insoniylik, insonga muhabbat sovuq o‘lkalarning sovuq tuproqlarida qolib ketmapti. Ayni ana shu sinovlarda toblangan gumanizm, shu gumanizm tufayli vujudga kelgan lirizm va samimiylik Said Ahmad hikoyalarining o‘ziga xos, betakror tarovatini ga’minlaydi, ularni bugun ham kitobxon uchun ardoqli qiladi.
Said Ahmadning hajviyat bobidagi xizmatlarini ham alohidaligini ta’kidlash lozim. U ijodi davomida o‘nlab hajviyot to‘plamlarini e’lon kildi va nihoyat hozirgi paytda o‘zbek hajviyotining ustasi darajasiga yetishdi. Hajv yozishga tutingan shoirmi yoxud nosirnavis bormi — hammasi bugun Said Ahmadni ustoz deb biladi va unnng fotihasini olishga harakat qiladi. U hajviy hikoyalarda ham bir-ikki chiziq bilan insonning tugal portretini chizadi. Said Ahmadning hajvnavis sifatida qalami borgan sari o‘tkirlashib borayotgani uning «Xandon pista» to‘plamida ham yorqin ko‘rinadi. Muallif odamlar o‘rtasida tez-tez uchrab turadigan maqtanchoqlik, chalamullalik, manmanlik, yolg‘onchilik, xushomadgo‘ylik, ovsarlik, meshchanlik, kaltafahmlik kabi illatlarni betakror voqealarda, shiddatli to‘qnashuvlarda ochib beradi. Bu asarlardagi kulgi ilk asarlardagi kabi anglashilmovchilikka yoqi biron yuzaki qarashga asoslangan emas, balki xarakterning mohiyatidan kelib chiqadi. Hajvlardagi kulgu ham o‘ziga xos salmoq kasb etadi — endi u ba’zan yengil tabassum tarzida qahramonga moyillik bilan sug‘orilgan, gohida esa achchiq istehzo, zaharxanda tarzida qahramondagi illatdan hazar qilishga undaydigan bo‘ladi. Har holda, Said Ahmadning aslahaxonasida kulgining turlari juda ko‘p va adib ulardan o‘rni bilan juda yaxshi foydalanadi.