Bu oyatlarni dalil keltirgandin so‘ngra yana Suhayl aytdi:
— Xudo haqqi, men aniq bilurman, bu Islom dini yangi chiqqan quyosh yanglig‘dur. Soat sayin yuqoriga ko‘tarilgay. Bir kun bo‘lurkim, bu quyosh butun olamni yoritgay. Bo‘sh iymonlik bir necha kishilar so‘ziga aldanmanglar. Allohga tavakkal qilinglar. Alloh haqqi, dini Islom oyoq uzra doim turg‘usidur. Alloh so‘zi — Qur’on albatta kamoliga yetkusidur. Bu dinga yordam berguvchilarga Alloh yordam berur. Ichimizda eng yaxshimiz Abu Bakr Siddiq bu dinga bosh bo‘ldi. Bundan buyon kundan-kunga Islom dini yanada ko‘tarilib, quvvat topgay. Shuni bilinglarkim, har kimsa dindan qaytib, murtad bo‘lsa, to‘xtovsiz uning boshini kesib o‘ldirgaymiz, — deb so‘zini tamom qildi.
Iymon-Islom haqiqati bilan o‘rnashmagan, Pay¬g‘ambarimizning vafotlarini eshitib ko‘ngillari qo‘zg‘alib turgan birmuncha odamlar buning so‘zini anglashgandin keyin, o‘tga suv sepgandek bo‘lib bosildilar. Bu mo’jizani ko‘ringlarkim, sakkiz yil ilgari bu kishi Badr urushida asir tushgan edi. Hazrati Umar: «YO Rasululloh, ruxsat qiling, buning oldi tishlarini sug‘urib olay, ikkinchi hech bir joyda sizga va musulmonlarga qarshi so‘zga chiqolmay qolsun», deganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Umar, bir kun kelurkim, bu kishi Islom dini haqida ko‘p foydali so‘zlar qilgay», degan edilar. Sakkiz yildan so‘ng yuqoridagi va’zni bilan, bu mo’jizani isbot qildi.
Yana o‘z so‘zimizga qaytaylik. Mukriz ibn Hafs degan kishi yuqoridagi va’zni so‘zlaguvchi Suhayl ibn Amrga fidya moli bermak bo‘lib, Madinaga keldi. Uni asir tutib, saqlagan kishi bilan bu haqda so‘zlashib kelishdi. Keluvchi kishini asir o‘rnida tutqin olib, Suhaylni bo‘shatdilar. So‘ngra o‘zi borib, Makkadin keltirgan fidya molini topshirgandan keyin, har ikkovi birga Makkaga qaytdilar. Yana Valid ibn Valid, bu kishi ham asir tushganlardin edi. Ikki qarindoshi, birisi Xolid, ikkinchisi Hishom fidya mollarini berib, buni qutqardilar. Bu kishi Makka shahriga kelgandin so‘ngra, darhol iymon keltirdi. Unga aytdilar: «Fidya molini bermasdin burunroq iymon keltirgan bo‘lsang, moling o‘zingga qolgan bo‘lur edi». Anda ul aytdi: «Molini qizg‘anib, moli uchun iymon keltirdi, demasinlar», dedi. So‘ngra Madinaga hijrat qilmoqchi bo‘lgan edi, qarindoshlari to‘sib, qaytardilar.
Yana, Vahb ibn Umayr, bu ham Badr asirlaridan edi. Buning otasi Umayr Quraysh shaytonlaridan bo‘lib, Rasululloh Makkada turgan chog‘larida bundin ko‘p kulfatlar ko‘rgan edilar. Bir kuni Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayr bilan o‘ltirishib, Badr urushida o‘lganlarni eslashib yig‘lashdilar. Shu orada Umayr:
— Hozir bo‘ynimda bir muncha qarz bordur, buni to‘lab, qarzdan qutulay desam, qo‘limda molim yo‘qdur. Agar o‘zim o‘lib ketsam, bola-chaqalarim chog‘ay bo‘lib, xoru zor bo‘lg‘aylarmu, deb qo‘rqinchim bor. Agar shul ishlarim bo‘lmasa, Alloh haqqi, Madinaga borib, Muhammadni o‘ldirar erdim. O‘g‘lim ular qo‘lida asirdur, shuni bahona qilib borur edim, — dedi. Bu so‘z Safvonning tilagi bo‘lganligidan unga ko‘p xush keldi. Anda Safvon aytdi:
— Agar shundoq qilur bo‘lsang, qarzingni o‘z bo‘ynimga olurman. Bola-chaqalaringni o‘z ayol va oilamga qo‘shurman.