Qurbonlikning tarixi
Savol: Qurbonlik ibodatining tarixi qaysi davrga borib taqaladi?
Javob: Qurbonlik ibodatining tarixi ancha eskidir. Bugungi ko‘rinishi Hazrat Ibrohim alayhissalom va o‘g‘li Ismoil alayhissalomga borib taqaladi. Hazrati Ibrohim bir kuni o‘g‘li Ismoilni qurbonlik qilayotganini tushida ko‘radi, bu - ilohiy vahiy bo‘ladi. Hazrati Ibrohim ahvolni o‘g‘liga tushuntiradi, o‘g‘li ham bunga tayyor, rozi ekanligini bildiradi. Hazrati Ibrohim o‘g‘li Ismoilni qurbonlik qilishga tayyorlanayotganda Janobi Haq ularning bu samimiyatlari va taslimiyatlari sababli Ismoilning o‘rniga bir qo‘y yuboradi. Hazrati Ibrohim Ismoilning o‘rniga bu qo‘yni qurbonlik qiladi. Qur’oni Karimda bu haqda aytiladi: «Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): «Ey, o‘g‘ilcham, men tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y (fikr) qilishingni bir (o‘ylab) ko‘rgin», - degan edi, u aytdi: «Ey, otajon, senga (tushingda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qilgin. Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan topursan». Bas, qachonki ikkisi ham (Allohning amriga) bo‘yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (erga) yotqizgan ediki, Biz unga nido qildik: «Ey, Ibrohim! Darhaqiqat, sen tushni tasdiq etding. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz». Albatta, bu (qurbonlikka buyurishimiz) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni evaz qilib berdik. Keyingi (avlod)lar orasida u (Ibrohim) haqida yaxshi gaplarni qoldirdik. Ibrohimga salom! Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz! Darhaqiqat, u Bizning mo‘‘min bandalarimizdandir!». (As-soffat surasi, 102-111-oyatlar).