BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
BEMORLAR VA TIB HAQIDA KITOB
1-bob. Bemorlik kafforati va Olloh taoloning «Kimning qilmishi yomon ersa, jazo tortg‘usidir!» degan kalomi sharifi xususida
Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning zavjalari Oisha onamiz raziyallohu anho bunday degan erkanlar: «Musulmon kishiga yetadirgan har bir musibat, hattoki badanining biror yeriga kirgan tikan ham, uning gunohiga kafforat bo‘lg‘usidir!».
Abu Hurayra raziyallohu anhudan bunday deb naql qiladirlar: «Musulmon kishiga yetadirgan har bir mashaqqat — Dard, tashvish, qayg‘u, aziyat yohud nochorlik, va hattoki (badaniga) kirgan tikan ham, Olloh taolo dargohida uning gunohlariga kafforat bo‘lg‘usidir!»
Abdulloh ibn Ka’bning otalaridan naql qilishlariga ko‘ra, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan erkanlar: «Mo‘min odam shamolda goh egilib, goh qaddini tiklab olg‘uvchi sabza giyoh monanddir, munofiq ersa, mo‘rtligi sababidan bir qattiq shamoldayoq sinib ketguvchi arz (kedr) og‘oliga o‘xshaydir!»
Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday debdirlar: «Mo‘min odam balo-qazolarga toqat etmoqlikda sabza giyoh monanddir. Chunkim, mo‘min har tarafdin shamol esganda egilib, so‘ng yana qaddini tiklab olg‘uvchi sabza giyoh yanglig‘ balo-qazolarga chidab, yengilmag‘aydir. Fojir (osiy) odam ersa, mo‘rt arz og‘ochi kabidir, Olloh taolo uni, istasa, birdaniga sindira olur!».
Abu Hurayra raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday degan erkanlar: «Olloh taolo qaysi bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rsa, o‘shanga biror musibatni yuborgaydir».