16-bob. Bemorning «Kasalman» yokim «Voy boshim» yohud «Dardim zo‘raydi» deb aytmog‘ining joizligi haqida va Ayyub alayhissalomning «Menga dard tegdi, ey Olloh, sen barcha rahimlilardan rahimliroqdirsan!» deb aytganlari xususida
Ka’b ibi Ujra raziyallohu anhu bunday dedilar: «Men bir kuni o‘choqqa o‘t yoqayotgan erdim, nogahon Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yonimizdan o‘tayotib: «Boshingdagi hasharotlar (bitlar) senga azob beryaptimi deyman?» — dedilar. Men: «Ha, shundoq» dedim. So‘ng, Janob Rasululloh sartaroshni chorlab, sochimni oldirdilar-da, fidya bermog‘imni amr qildilar».
Oisha onamiz raziyallohu anho: «Voy boshim!» — dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar vaqti-soating tugab, ko‘zim ochiqligida vafot etsang, sening gunohlaringni Olloh taolodan tilab, istig‘for aytgumdir, ruhingga duo aylagumdir»,— dedilar. Oisha onamiz: «Voy sho‘rim, siz mening o‘limimni istag‘aydurmisiz?! Gar men vafot etgumdir, siz so‘nggi kunlaringizni boshqa xotinlaringiz birlan o‘tkazg‘aydurmisiz?!» — dedilar. Janob Rasululloh: «Bunday deydirgan bo‘lsang, unda men voy boshim, deya qolay! Abu Bakr va ul kishining o‘g‘illariga odam yuborib, kishilar o‘rtasida gap-so‘zga sabab bo‘lmog‘iga hamda ko‘pchilikning da’vogar ekanligiga qaramay, xalifalikni shularga vasiyat qilsammikan? Chunkim, Olloh taolo ulardan o‘zgasini istamag‘aydir, o‘zgasini mo‘minlar ham rad etg‘aydirlar»,— dedilar».
Ibn Mas’ud raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam betob yotganlarida huzurlariga kirdim. Qo‘limni badanlariga tekkazdim-da, «Yo Rasulalloh, siz qattiq betob bo‘lib qolibsiz-ku!» — dedim. Janob Rasululloh: «Ha, shundoq, men ikki kishiga ham kifoya qiladirgan dardga chalingandirmen»,— dedilar. Men: «Ammo, buning evaziga sizga ikki barobar ko‘p savob ham berilg‘usidir!» — dedim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Ha, shundoq, musulmon odam biror dardga mubtalo bo‘lgaydir, uning gunohlari daraxt yaproqlari kabi duv-duv to‘kilg‘usidir»,— dedilar».
Amir ibn Sa’d otalaridan eshitganlarini rivoyat qiladirlar. Ul kishi bunday degan erkanlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qattiq betob bo‘lib yotganimda ko‘rgani keldilar. Bu voqea Hajjat ul-Vido’ yilida bo‘lgan erdi. Men: «Yo Rasulalloh, ko‘rib turibsizki, men og‘ir betobman. Men badavlat kishiman, mol-dunyo birgina qizimga meros bo‘lib qolg‘ay. Boyligimning 1/3 qismini sadaqa qilayinmi?»—dedim. Janob Rasululloh: «Yo‘q!»— dedilar. Men: «Yarmini ehson qilayinmi?» — dedim. Janob Rasululloh: «Yo‘q!» — dedilar-da, so‘ng: «1/3... 1/3 qismi ham ancha ko‘p narsadir, albatta sen bolalaringni odamlardan tilanadirgan faqir qilib qoldirganingdan ko‘ra, boyroq qilib qoldirganing yaxshiroqdir. Agar sen xayru sadaqa uchun molingni sarflaydirgan bo‘lsang, albatta buning evaziga Ollohdan savob olg‘aysan, hatto xotiningning og‘ziga solib qo‘ygan luqmang uchun ham»,— deb qo‘shib qo‘ydilar».