9-bob. Tijorat ishlariga berilib ketish va Olloh taoloning: «Namoz tugagach, uz tirikchiliklaringiz birlan band bo‘lingizlar va Ollohning fazlu karamidan umidvor bo‘lingizlar» degan qavli haqida
Abu Muso raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Hazrat Umarning huzurlariga kirish uchun uch marta izn suradim. Ammo, ul kishi nihoyatda band bo‘lganlari sababli menga hadeganda ruxsat beravermadilar. Shuning uchun orqamga qaytib ketdim. Hazrat Umar ishlarini tugatib: «Boya Abdulloh ibn Qaysning ovozi eshitilgandek bo‘ldimi? Aytingizlar, kirsin!»— debdilar. So‘ng, qaytib ketganimni eshitib, meni chaqirtiribdilar. Men Hazrat Umarning huzurlariga kirib: «Agar bizga izn berilmasa, qaytib ketmoqlik buyurilgandur»,— dedim. Hazrat Umar: «Bu gapingizga guvoh keltiringiz!» — dedilar. Keyin, men ansorlar o‘ltirgan joyga borib, Hazrat Umarning gaplarini aytdim. Ular: «Bunga faqat eng yoshimiz Abu Said al-Xudriy guvohlik bera olur», — deyishdi. Men Abu Said al-Xudriyni olib, Hazrat Umarning huzurlariga bordim. (Abu Said gapimning to‘g‘riligiga guvohlik bergach), Hazrat Umar: «Bozorlarda bor-baraka qilish birlan ovora bo‘lib, Janob Rasulullohning bul muborak amrlarini eshitmoqdan benasib qolgan erkanman», — dedilar».