71- bob. Yog‘ga va suvga tushgan iflos narsalar hukmi
Zuhriy bu xususda bunday deganlar: «Suvning ta’mi, hidi yoki rangi o‘zgarmasa, ishlatsa bo‘ladi». Hammod: «O’limtikning pati suvga tushsa, zarari yo‘qdir»,— deganlar.
Fil va boshqa go‘shti yeyilmaydigan hayvonlar suyagi to‘g‘risida Zuhriy bunday deganlar: «O’tmish olimlarining ko‘pini ko‘rdim, o‘lgan hayvonlarning suyagidan yasalgan taroq bilan sochlarini tarashar edi, xushbo‘ylik solinadigan idishlari ham o‘sha suyaklardan tayyorlangan edi. Ular buning zarari yo‘q, deb bilishar edilar».
Ibn Sirin va Ibrohim: «Fil suyagi bilan savdo-sotiq qilmoqning zarari yo‘q»,— der edilar.
Maymuna raziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyuq yog‘g‘a tushib, o‘lib qolgan sichqon hukmi to‘g‘risida so‘radilar. Shunda Rasululloh: «Sichqonni va uning atrofidagi yog‘ni olib tashlab, qolganini yeyaveringiz»,— deb javob qildilar».
Maymuna onamiz yana bunday deganlar: «Shu hadisning o‘zini Muin sal boshqacharoq qilib aytib berdi, keyin men eslab qololmaydigan darajada yana juda ko‘p hadis rivoyat qildi».
Abu Hurayra raziyallohu anhu quyidagi hadisni keltiradilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Musulmon odam Alloh yo‘lida qancha so‘z aytgan bo‘lsa, qiyomat kuni o‘shancha jarohati bor shahid qiyofasida namoyon bo‘ladi, badanining rangi tig‘ urilganda oqib turgan qon rangida, hidi mushk hidi kabi bo‘ladi»,— deganlar. (Bu o‘rinda ushbu hadis keltirilishining boisi quyidagicha: mushk aslida hayvonlar bezidan olinadi va haromdir, lekin ishlov berilgach, xushbo‘y moddaga aylanib, haromlik hukmidan chiqadi. Shuningdek shahidlar qoni ham Alloh yo‘lida to‘kilgani uchun haromlik hukmidan chiqib, poklik - halollik hukmiga o‘tadi).