Imom G’azzoliy. Ihyou ulumid-din (Ilm kitobi)  ( 158016 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 31 B


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:14:10

Iso (a.s.) shunday degan ekanlar: «O‘zingiz yo‘l qidirganlar bilan turganingiz holda, qachongacha to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatasizlar?»

Mazkur va boshqa ko‘plab xabarlar ilmning xatarlari buyukligiga dalolat qiladi. Demak, olim yo abadiy halokatga, yo abadiy saodatga duch keluvchidir. Agar inson ilmga sho‘ng‘ish bilan saodat topa olmagan bo‘lsa, salomatlikdan mahrum bo‘ladi.

Bu mavzuda hikmatli so‘zlar ham juda ko‘p. Jumladan, Hazrati Umar (r.a.): «Bu ummat uchun men qo‘rqqan narsaning eng qo‘rqinchlisi ilmli munofiqdir», deganlar.  «Ilmli munofiq qanday bo‘ladi?» deb so‘rashganda, u zot (r.a.): «Tilda olim, qalb va amalda johil», deb javob berganlar.

Hasan Basriy (r.a.) aytadilarki: «Olimlarning ilmini, hakimlarning hikmatini o‘rganib, amalda esi    pastlar yo‘lida yuruvchilardan bo‘lma».

Bir kishi Abu Hurayraga (r.a.): «Men ilm o‘rganishni xohlayman, lekin uni zoe’ qilishdan qo‘rqaman", deganida, u kishi (r.a.): «Ilm o‘rganishni tark qilish uning zoe’ bo‘lishi uchun kifoyadir», dedilar.


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:14:37

Ibrohim ibn Uyaynadan (r.a.): «Odamlar ichida eng ko‘p pushaymon bo‘luvchisi kim?» deb so‘rashganda, u kishi:      «Dunyoda qadriga yetmaydigan odamga yaxshilik qilgan kishi, o‘lim vaqtida ilmiga amal qilmagan olim», dedilar.

Xalil ibn Ahmad (r.a.) shunday deganlar: «Odamlar to‘rt xil bo‘ladi:
1. Biladigan va bilishini ham biladigan kishi. U olimdir, unga ergashinglar.
2. Biladi, lekin bilishini bilmaydigan kishi. U uyqudadir, uni uyg‘otib qo‘yinglar.
3. Bilmaydigan va bilmasligini biladigan kishi. U yo‘l qidiruvchidir, uni yo‘lga solinglar.
4.   Bilmaydigan va bilmasligini ham bilmaydigan kishi. U johildir, undan qochinglar».

Sufyon Savriy (r.a.) aytadilar: «Ilm amalni chorlaydi. Agar u (amal) javob bersa (ya’ni, kelsa), yaxshi. Aks holda ilmning o‘zi ham ketib qoladi».

Ibn Muborak (r.a.) aytadilar: «Kishi modomiki ilm izlab yurgan ekan, u olimdir. Qachon o‘zini olim bo‘ldim deb o‘ylasa, johil bo‘lib qoladi».

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:15:01

Fuzayl ibn Iyoz (r.a.) aytadilar: «Men uch kishiga achinaman: bir qavmning xor bo‘lgan raisiga, qavmning faqir bo‘lib qolgan boyiga va dunyoning o‘yinchog‘i bo‘lib qolgan olimga».

Hasan Basriy (r.a.) aytadilar: «Olimlarning jazosi qalblarining o‘lishidir. Qalbning o‘limi esa, oxirat amali bilan dunyo talab qilishdir».

Bir shoir shunday ma’noda aytgan ekan: «Hidoyat evaziga zalolat sotib olganlarga ajablanaman. Kim dini evaziga dunyoni sotib olsa, yanada ko‘proq ajablanarlidir. Bu ikkalasidan ham ajablanarlirog‘i dinini birovning   dunyosi uchun sotgan kishidir. Zero, bu ish ikkalasidan ham ajabroqdir».

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: «Albatta, olim shunday azob bilan azoblanadiki, azobining qattiqligidan do‘zax ahllari uning atrofini aylanadilar». Bu so‘zlari bilan u zot (sollallohu alayhi vasallam) buzg‘unchi olimni iroda qildilar.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:15:38

Usoma ibn Zayd (r.a.) aytadilar: «Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlarini eshitganman: «Qiyomat kuni bir olim keltirilib, do‘zaxga tashlanadi. Shunda ichak-chavog‘i chiqib ketadi va eshak tegirmon toshi atrofida aylangani kabi, u (olim) ham o‘sha joyda aylanib turaveradi. Shunda do‘zax ahllari uning atrofini o‘rab olib: «Senga nima bo‘ldi?» deb so‘rashadi. U: «Yaxshilikka buyurib, o‘zim qilmas edim, yomonlikdan qaytarib, o‘zim qilar edim», deb javob beradi».143

Olim kishining gunohiga oladigan azobi bir necha barobar bo‘ladi. Chunki u bilib turib osiylik qildi. Shuning uchun ham Alloh taolo aytadi:   
«Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng tubida (bo‘lur)lar», (Niso surasi, 145-oyat). Chunki ular bilganlaridan keyin inkor qildilar.

Yahudiylar «Allohning bolasi bor», «Alloh uchtadan bittasidir», demasalar ham, nasorolardan yomonroq deb sifatlandi. Chunki ular bilganlari holda inkor qildilar. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Ular uni (Muhammad sollallohu alayhi vasallamni) xuddi o‘z farzandlarini tanigandek taniydilar» (Baqara surasi, 146-oyat).
Yana aytadiki:

«O‘zlariga tanish zot (Muhammad) kelganida, (uni inkor etib) kofir bo‘ldilar. Kofirlarga Allohning la’nati bo‘lsin!» (Baqara surasi, 89-oyat)


143. Muttafaqun alayh. Faqat olim so‘zi o‘rnida kishi deb aytilgan.

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:15:53

Bal’om ibn Bourro qissasida Alloh taolo shunday deydi:

«(Ey Muhammad), ularga (yahudiylarga) bir kimsaning xabarini tilovat qiling - u kimsaga oyatlarimizni bildirgan edik. Bas, u o‘sha oyatlarimizdan chetlangach (ya’ni ularga amal qilmagach), uni shayton ergashtirib ketib, yo‘ldan ozguvchilardan bo‘lib qoldi.» (A’rof surasi, 175-oyat)

Oyat davomida shunday deydi:
«Bas, uning misoli xuddi bir itga o‘xshaydiki, uni haydasang ham tilini osiltirib turaveradi, yoki (o‘z holiga) qo‘ysang ham tilini osiltirib turaveradi.»

Fojir olim ana shundaydir. Chunki Bal’omga Allohning kitobi berilgan edi. U esa, faqat nafs havosining istagiga berilib ketgani sababli itga o‘xshatildi.

Iso (a.s.) shunday deganlar: «Yomon olimlarning misoli anhor og‘ziga tushib (suvni to‘sib qo‘ygan) xarsangtosh kabidirki, na o‘zi ichadi va na ekinlar ichishi uchun suvni qo‘yib yuboradi. Yana yomon olimlarning misoli botqoqlikdagi o‘t kabidirki, zohiri chiroyli, ichi balchiqqa to‘la, yana (ularning misoli) qabrlar kabidirki, zohiri obod, ichi o‘liklarning suyaklari bilan to‘lgan».

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:16:07

Ushbu xabarlar va asarlar dunyoparast olimning ahvoli johilnikidan ko‘ra yomonroq va azobi og‘irroq bo‘lishini hamda najot topuvchilar va Allohga yaqin bo‘luvchilar oxirat olimlari ekanini bayon qilmoqda.

Oxirat olimlarining ham bir qancha alomatlari bor. 

Ulardan biri ilmi bilan dunyo talab qilmaslikdir. Zero, olimlikning eng past darajasi dunyoning haqir, past, tashvishli va o‘tkinchi ekanini hamda oxiratning ulug‘, doimiy, ne’matlari musaffo va mulki buyukligini bilishdir. Olim kishi yana shuni ham bilmog‘i lozimki, dunyo va oxirat bir-biriga ziddir. Kundoshlar kabidirki, birini rozi qilsang, ikkinchisini g‘azablantirgan bo‘lasan. Tarozining ikki pallasi kabidirki, biri og‘ir kelsa, ikkinchisi yengil bo‘ladi. Mag‘rib va mashriq kabidirki, biriga yaqinlashganing sayin ikkinchisidan uzoqlashasan. Biri bo‘sh, biri to‘la ikki qadah kabidirki, to‘lasining suvidan bo‘shiga qo‘ysang, bunisi to‘lgan sari unisi bo‘shab boradi.

Kimki dunyoning og‘ir, g‘am-tashvishli, lazzatlari alamlari bilan aralash va undagi barcha yaxshi narsalar o‘tkinchi ekanini bilmagan bo‘lsa, u aqli buzilgan kishidir. Chunki mushohada va tajriba buni ochiq ko‘rsatib turibdi. Shunga ko‘ra, aqli yo‘q kishi qanday qilib olimlardan bo‘lsin? Kim oxirat ishining ulug‘ va davomiyligini bilmagan bo‘lsa, u iymondan ajralgan kofirdir. Iymonsiz kishi qanday qilib olim bo‘lsin?! Kim dunyoning oxiratga zid ekanini va u ikkalasini bir joyda to‘plash mumkin emasligini bilmagan bo‘lsa, u barcha payg‘ambarlarning shariatlarini bilmaydigan johildir, balki, Qur’onni boshidan oxirigacha inkor etuvchidir. U qanday qilib olimlar toifasidan sanalsin?! Kim bularning barchasini bilib ham oxiratni dunyodan ustun qo‘ymagan bo‘lsa, u shaytonning asiridirki, hoyu xohishlari uni halok qilgan va badbaxtligi unga g‘olib kelgandir. Darajasi shunday bo‘lgan kishi qanday qilib olimlar jamoasidan sanalsin?!

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:16:22

Dovud alayhissalomning xabarlarida Alloh taolodan hikoya qilib shunday deyilgan: «Olim kishi shahvatini Mening muhabbatimdan ustun qo‘yganida unga beriladigan jazoning eng yengili — uni munojotimning lazzatidan mahrum qilaman. Ey Dovud! Dunyo mast qilib qo‘ygan olimni Mendan so‘rama. Chunki u seni Mening muhabbatim yo‘lidan to‘sib qo‘yadi. Ular bandalarim yo‘lini to‘suvchi qaroqchilardir. Ey Dovud! Qachon Meni qidirgan kishini ko‘rsang, unga xizmatkor bo‘l. Ey Dovud! Kim Mendan qochgan kishini huzurimga qaytarsa, uni qahramon deb yozib qo‘yaman. Kimni qahramon deb yozgan bo‘lsam, uni hech qachon azoblamayman».

Shuning uchun ham Hasan Basriy (r.a.) aytganlarki: «Olimlarning jazosi qalblarining o‘lishidir. Qalbning o‘limi esa, oxirat amali bilan dunyoni talab qilishdir».

Shuningdek, Yahyo ibn Muoz (r.a.): «Qachon ilm va hikmat bilan dunyo talab qilinsa, ularning hikmati yo‘qoladi», deganlar.

Said ibn Musayyab (r.a.) aytadilar: «Qachon bir olimning amirlar atrofida o‘ralashib yurganini ko‘rsangiz, (bilingizki) u o‘g‘ridir».

Hazrati Umar (r.a.) aytadilar: «Qachon bir olimning dunyoga muhabbat qo‘yganini ko‘rsangiz, diningiz ishlarida undan ehtiyot bo‘linglar. Chunki har bir oshiq sevgan narsasiga sho‘ng‘ib ketadi».

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:16:35

Molik ibn Dinor (r.a.) aytadilar: «Ba’zi avvalgi kitoblarda o‘qiganmanki, unda Alloh taolo: «Olim kishi  dunyoga muhabbat qo‘ysa, unga beriladigan jazoning eng yengili shuki, qalbidan munojotimning halovatini chiqarib yuboraman», degan».

Bir kishi birodariga shunday maktub yozgan ekan: «Senga ilm berilgan ekan, ilmingning nurini gunohlar zulmati bilan o‘chirib qo‘yma, unda ilm ahllari ilmining nuri bilan yuradigan qiyomat kunida zulmatda qolib ketasan».

Yahyo ibn Muoz Roziy (r.a.) dunyoparast olimlarga shunday der edilar: «Ey ilm sohiblari! Qasrlaringiz Qaysarniki kabi, uylaringiz Kisroniki kabi, liboslaringiz Tohirniki kabi, oyoq kiyimlaringiz Jomutniki kabi, ulovingiz Qorunniki kabi, uy jihozlaringiz Fir’avnniki kabi bo‘lsa, gunohlaringiz johiliyatdagi kabidir va yo‘lingiz shaytoniy yo‘ldir. Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) shariatlariga yo‘l bo‘lsin!»

Bir shoir shunday degan ekan:

Cho‘ponki qo‘ylarini bo‘ridan himoya qilur,
Lek cho‘pon bo‘ri bo‘lsa, ahvol ne kechur?!
Boshqa bir shoir aytadi:
Ey mamlakatning tuzi bo‘lgan qorilar,
Tuz aynisa, unga bormi dorilar?!


Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:16:48

Oriflarning biridan: «Sizning-cha, gunohlar ko‘zini quvnatadigan kishi Allohni taniy oladimi?!» deb so‘rashganida, shunday javob bergan ekan: «Dunyoni oxiratdan ustun qo‘ygan kishi Allohni taniy olmasligi shubhasizdir. Holbuki, uning  gunohi undan (siz so‘rayotgan odamnikidan) anchayin yengildir».

Mol-dunyoni tark qilish oxirat olimlari safiga qo‘shilish uchun kifoya qiladi, deb o‘ylama. Chunki obro‘ — maqom mol-dunyodan ko‘ra zararliroqdir. Shuning uchun Bishr ibn Horis (r.a.) shunday deganlar: «Haddasana» (bizga aytib berishdi) degan so‘z mol-dunyo eshiklaridan biridir. Bir kishining qachon «haddasana» deganini eshitsangiz, u «menga yo‘l beringlar» degan bo‘ladi».

Ana shu Bishr ibn Horis (r.a.) o‘ndan ortiq savatlarga joylangan kitoblarni yerga ko‘mib qo‘ygan edilar, aytardilarki: «Men hadis aytishni xohlayman. Agar mendagi hadis aytishga bo‘lgan ishtiyoq yo‘qolsa, albatta, aytaman».

U zot ham, boshqalar ham aytganlarki: «Qachon gapirishni xohlasang, sukut qil. Qachon xohlamasang, shunda gapir».

Qayd etilgan


Munira xonim  15 Oktyabr 2006, 12:17:01

Bunday deyishlarining sababi, chiroyli ifodalashdagi obro‘ va irshod mansabi bilan lazzatlanish dunyoda ne’matlanishdan ko‘ra lazzatlidir. Bas, kim mana shu jihatdan nafsining xohishiga ijobat qilgan bo‘lsa, u dunyoparastlardan biridir. Shuning uchun Sufyon Savriy (r.a.) aytganlarki: «Til orqali keladigan fitna oila, mol-dunyo va farzandlar orqali keladigan fitnadan og‘irroqdir. Payg‘ambarlar sayyidi bo‘lgan zotga bu haqda «Agar (Biz) sizni (haq yo‘lda) sobitqadam qilmaganimizda, ularga bir oz moyil bo‘lishingizga oz qolgan edi» (Isro surasi, 74-oyat), deyilgan bo‘lsa-yu, qanday qilib gapirish fitnasidan qo‘rqmasin?!»

Sahl (r.a.) aytadilar: «Ilmning hammasi dunyodir. Oxirat esa, unga amal qilishdir. Ixloslisidan boshqa amalning hammasi behuda».

Yana aytganlarki: «Olimlardan tashqari hamma o‘likdir. Ilmiga amal qiluvchilardan boshqa barcha olimlar sarxushdir. Ixloslilardan tashqari barcha amal qiluvchilar aldangandir. Ixlosli kishi esa, oqibati nima bilan tugashini bilguncha xavfdadir».

Abu Sulaymon Doroniy (r.a.) aytadilar: «Qachon bir kishi hadis qidirsa yoki uylansa, tirikchilik umidida safarga chiqsa, u dunyoga bog‘lanib qolgandir». Bu zot («hadis qidirsa» degan jumla bilan) hadis isnodlarining eng oliylarini yoki oxiratni talab qilishda ehtiyoj bo‘lmaydigan hadislarni nazarda tutganlar.

Qayd etilgan