XXI asr she'riyati:
Murtoz Ahatov
* * *
Kunlar o‘tayapti faqat ranginmas,
Oylar chiqayapdi - tungi bir nido.
Kamalak oq rangdir, sening ismingmas,
Yetti rang oqlikka aylangan sado!
Vujuding og‘irdir - ko‘zingga malol,
Yomg‘ir suvlariga tashna lablaring
Sochlaring asiri bo‘ladi shamol,
Ruhimda tovlanar samo ranglari.
Tunlari ko‘zingda oqaradi tong,
Faqat ilg‘amaymiz sirli shu’lani.
Samo eshiklari ochiladi lang,
To‘kib yuboradi chiroqlarini.
Kipriklar-ko‘zingga sodiq soqchilar
Saboh nurlariga ochib berar yo‘l.
Ayozli kunlarni bo‘g‘ib o‘ldirar,
Sochingga burkanib titrayotgan qo‘l!