"Aniqki, biz jin va insondan ko‘plarini jahannam uchun yaratdik. Ularning dillari boru anglay olmaydilar, ko‘zlari boru ko‘ra bilmaydilar" (A’rof: 179) Dunyoni botindan bilish layoqatiga sohib odam Qur’oni karimdagi bu kalimalarga zarra qadar ishtiboh qilolmaydi. Shaytoniylik, hayvonlashuv, yirtqichlik shu qadar avj olib ketdi. Ayniqsa, G’arb dunyosidagi ma’naviy xastaliklar, xulqiy buhronlarni aytib ado qilish qiyin. Eng katta fojia esa botin va zohir orasidagi ziddiyat, hol va amalning keskin farqlanishidir. Pul, mol-mulk, mansab, martabaning kuch-quvvatiga ishonch, barcha ishonchning, jumladan, diniy hissiyotlarning ham tamali bo‘layotir. Hozir biror bir din va ilohiy maslak topilmaydiki, "butparastlik" unga suqilib kirmagan bo‘lsin.
Ma’lumki, odamlar ma’nan va ruhan mavjud borliq, ya’ni zohiriy dunyodan yuksakkka ko‘tarila olmaganliklari tufayli oltin, kumush, yoqut, dur kabi jismlardan go‘zal shaklda haykallar yaratib ularga topinganlar. Iloh deb shularga sajda etganlar. Va Olloh sifatlarini mana shu narsalarga nisbat berishgan. His qorong‘uligi, ko‘ngil ko‘rligi bunday bandalarni ilohiy nurdan butunlay yiroqlashtirib tashlagan. Shunday kimsalar yo‘qmi butun? Jahonning hamma joyida ularga duch kelish mumkin. Ular xohlasa dindor, taqvodor, istasa, kambag‘alparvar va fidokor siymosida ko‘rinadi. Biroq Ollohga emas, siyratidagi but-nafsga taslimdirlarki, qorin uchun ular dasturxonga ta’zim etishdan, manfaat va mavqe ilinjida amaldorga bel bukib tilyog‘malik qilishdan, boylik deb shaytonga siginishdan aslo tortinmaydilar. Imom G’azzoliyning mana bu so‘zlariga e’tibor bering: "... Bir jamoat bordurki... o‘zlarining bir rab ekanliklariga inonurlar. Masalan, go‘zal bir inson, bir daraxt, ko‘rkam bir ot yoki boshqa bir qimmatbaho narsani ko‘rishlari zamon darhol unga sajda qilurlar va "U rabbimizdir", derlar..."
Xoh ishoning, xoh ishonmang, ana shu qavmga mansub zotlar hozir ko‘paygan. Faqat ular otgamas, narxi baland xorijiymashinasiga, daraxtgamas, hashamatli imoratlariga, jonining "jonona"siga do‘ngan allaqanday jihozlariga sig‘inishadi. Eng qizig‘i, bular ham "sun’iy go‘zallikka emas, balki tabiiy go‘zallikka" sajda etib, qalblari "go‘zallik nuri ila pardalanib" buzilganini tasavvur ham etolmaydilar.
Umuman, Haq va haqiqatdan olis, na olam, na odam hikmatini idrok qilib bilmaydigan bandaning g‘ayrati ham, tashabbusi va himmati ham xosiyatsiz. "Taom bilan to‘lgan medada hikmat bo‘lmas", deydi Zununi Misriy. Bu - nafs, hirs, tama bandalari hikmatdan benasibdurlar degani bo‘ladi. Chunki, hikmat pokiza ko‘ngil va tazkiya topgan ruhlarga Olloh tomonidan tuhfa yuboriladigan ilohiy so‘z hamda ma’nolardir. Hikmat ahli xos kishilar, ya’ni chin faqir, orif, diydortalab oshiq va abdollar bo‘lgan. Ularning ilmi - laduniy ilm, vujudlari esa ma’rifat suvi bilan yuvilgan. Hikmat egalarining dunyoni anglashlarida tafakkur va sukut alohida o‘rin tutganligi uchun tabiatlarida shoshqinlik, yakravlik, kibr singari nuqsonlardan tozalangan. Rumiyga ko‘ra "Hikmatlar - Alloh lashkaridur, ular Haq, haqiqat bayrog‘ini ko‘tarib, ko‘ngullarni zabt qilur". Bu e’tirof Mavlono hikmatlariga ham to‘la tegishli.