Aytmatov. XX asrda insoniyat ikki marta jahon urushiga va ko‘plab mintaqaviy xunrezliklarga guvoh bo‘ldi. Yadroviy sinovlar, halokatli zilzilalar, fazoni o‘zlashtirish va shu bilan bog‘liq bo‘lgan yuksak ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ham ro‘y berdi. Ayni paytda bobolarimizning ming-ming yillik tajribalari natijasida sinovlardan o‘tib, sayqal topgan ma’naviy-axloqiy mezonlar misli ko‘rilmagan darajada tubanlashib ketdi. Muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘u — hayot manbai, hayotni harakatga keltiradigan qudratli kuch ham o‘zining asil mavqeini yo‘qotib borayotir, yoshlar tomonidan behuda ermakka aylantirilyapti. Mening nazarimda, insoniyat istiqomat qiladigan jamiyat uchun faqat yadroviy urushgina bundan-da dahshatli xavf solishi mumkin. To‘g‘ri, biz ko‘p narsalarga erishdik. Afsuski, yo‘qotgan narsalarimiz ham undan-da ko‘proqdir. Xususan, qadim zamonlardan buyon insoniyatning tayanchi bo‘lib kelayotgan axloqiy-ma’naviy printsiplarni boy berib qo‘ydik. Ishonchim komilki, Andrey Voznesenskiy: «Agar inson buziladigan bo‘lsa, jamiki taraqqiyot reaktsiondir!» deganda aynan mana shularni nazarda tutadi. Iltimos, «Beshinchi erkak» nomli she’ringni o‘qib bergin! Bir paytlar o‘sha she’ring menda juda katta taassurot qoldirgandi. Ustiga ustak, nazarimda, bugungi suhbatimiz ham poyoniga yetib borayotir.
Shoxonov.
Or-nomus aziz bo‘lgan
Qadim O’trorda
Fidoiy bir yigit
Ofatdan yurtini saqladi.
Evaziga hukmdor buyurdi taqdirlashni:
«Uch boylikni senga aytaman,
Ammo, birin tanlashing lozim.
Biri — aql, donolarga munosib,
Parvozingdan olam holar lol.
Biroq, kutar seni yolg‘izlik.
Ikkinchisi — go‘zallik bo‘lar,
Seni ko‘rib qamashadi ko‘z,
Uyg‘otadi hasad go‘zallik.
Eng oxirgi tuhfam — saxovat,
Ota yurtday bepoyon bir qalb —
Dushmanlarni do‘st hiladi u».
Jasur yigit o‘ylanib dedi:
«O’-u, shahanshoh, minnatdorman,
lek eng yaxshisi — ayol sovg‘a qil,
Aytganlaring bo‘lsin mujassam.
Men erkakman, bahoriy daryo,
O’zanimdan tosharkan ba’zan
Suv bosadi boshqa qirg‘oqni.
Men erkakman, yukim og‘irdir,
Va ko‘ngilchan, hozirjavobman,
Ishonaman inson so‘ziga,
Biri yaxshi, birovi olg‘ir.
Ayol kerak gapning ochig‘i.
O’sha ayol menga ishonsin,
Kechirolsin zaifliklarim.
G’alabaga ilhom berolsin,
Men o‘laman unday ayolsiz!»
Oradan ko‘p o‘tdi asrlar,
shu kungacha erkak xayoli
Ba’zan topar, goho yo‘qotar
O’shandayin ayolni.
Biroviga nasib etdi
go‘zalligu aql, saxovat,
Irodasin yo‘qligidan
Qushcha qo‘ldan uchdi-ketdi.