— Shubhasizki, otaning burchlari mavjud. Bu burchlarning ayrimlariga hali bola tug‘ilmasidan avval rioya etmoqqa majbur. Xususan, uylanish vaqti kelganida nomusli ayolni nikohiga olishi kerak, toki bola tug‘ilgach, onasining o‘tmishidan uyalmasin. Farzand tug‘ilgach, unga yaxshi ism qo‘yishi joiz, toki bola o‘zining ismini eshitganida izza chekmasin. Bolaga yaxshi tarbiya berishi, xususan, aqli yetganicha dinni o‘rgatmog‘i shart, toki farzand bolalik chog‘idanoq to‘g‘ri yashamoqlikning sirlaridan xabardor bo‘lsin, hayotning tikonli so‘qmoqlarida qoqilib aziyat chekmasin. So‘ng esa, uylanish yoshiga yetganida besabab paysalga solmay, aqlli, iffatli, bokira qizga uylantirishi zarur. Buning aksi bo‘lsa, farzandiga yomonlik qilgan bo‘ladi. Chunki ota-onaning yomon fe’li bolaga ham o‘tadi. Shuning uchun nomus ahlidan birini topish ota-ona burchidir.
Hazrat Umarning javobini eshitgan yigit, so‘zlamoqqa izn so‘rab debdiki:
— Ayni hikmatlarni so‘zladingiz, ya Amiral-mo‘’minin. Ammo, haqiqat shuki, siz bayon etganlarning hech birini otam ado etmaganlar. Bu burchlarini bajarmaganlar. Onam bo‘lmish ayolni qul bozoridan sotib olib, fe’l-atvorlarini, nasl-nasablarini bilmaganlar. Siz chiroyli ism qo‘ymaklikni ta’kid etdingiz. Otam esa "œJual", (ya’ni sahroning qora qo‘ng‘izi) deb ism qo‘yganlar. Tarbiya bermakni, dinni o‘rgatmaklikni butkul unutganlar. Yoshim anchaga bordi, biroq, uylantirish haqida o‘ylamaydilar.
Yigitning so‘zlaridan ta’sirlangan hazrat Umar shunday debdilar:
— Ey odam! Sen o‘zingni "œotaman" deb da’vo qilyapsan. Yana "œO‘g‘lim menga isyon qiladi, gaplarimga quloq solmaydi, menga azob beradi", deb noliyapsan. Aslida esa, sen o‘g‘lingga isyon etgansan. O‘g‘lingga yomonliklarni ravo ko‘ribsan. Unga sen o‘zing jafo qilibsan. Xatoni sen qilgansan. Endi men senga nimani ravo ko‘rishim mumkin? Endi senga men qanday yordam beray? Endi harna bo‘lsa ham chidaysan — boshga tushganni ko‘z ko‘rar. O‘zingga o‘zing yomonlikni ravo ko‘ribsan, boshqalardan ayb qidirma...
Rivoyatdan ma’lum bo‘lyapti-ki, biz izlayotgan jinoyat yo‘liga burilish nuqtasini faqat onaning homiladorlik vaqtidan emas, balki undan ancha ilgariroqdan izlasak ham bo‘lar ekan. Sharafli hadislarning birida zikr etilishicha, bola pok ravishda tug‘ilarkan. Uning oqibatda mo‘’min yoki kofir bo‘lmoqligi esa, ota-onaning tarbiyasiga bog‘liq ekan. Mazkur mazmunni suhbatimiz mavzuiga ko‘chirsak, bolaning to‘g‘ri yoki jinoyat yo‘lini tanlashi ota-onaning hatti-harakati bilan belgilanarkan. Aybdorlarni maktabdan yoki militsiyadan qidirmog‘imizda esa, ma’no yo‘qligini inkor etmasak ham bo‘lar. Zotan, ma’lum nuqtalarda ularning xatosi tufayli ham asosiy burilish nuqtasi sodir bo‘lmog‘i mumkinki, bu haqda ham o‘rni kelganda fikrlashamiz. Mazkur bobga yakun yasashdan avval uzoq tarixga ega bo‘lgan, ko‘pgina manbalarda turli ko‘rinishda zikr etilgan rivoyatni eslaymiz: