— Sen ham chaynalaverma. Har bir odamning o‘z siyosati, o‘z maqsadi bo‘ladi. Men Xudodan «maqsadimga yetkar», deb so‘rab yashadim. Maqsadimga qaysi yo‘llar bilan yetkarish yolg‘iz Ollohning ishi. Shu azobli yo‘llarni ma’qul ko‘ribdimi, hazor-hazor shukr. Meni turmalarga qamadilar. Ammo ruhim ozodlikda yurdi. O‘risning sovuq yerlarida jismim azob cheqdi. Biroq ruhim erkinlikda qoldi. Chunki ruhimni Ollohning panohiga berib edim. Yomonlik jabrini faqat menu sen ko‘ribmizmi? Sen qahringni sochaverma, yuragingni keng qil.
— Yuragim keng, oshna. Menda bitta emas, ikkita yurak bor. Biri yomonlar uchun zulmat bo‘lib qorong‘ulikka o‘raydi, ikkinchisi quyosh bo‘lib yaxshilarga nur beradi, — dedi Damin. Xayoliga kelgan bu dono fikrdan o‘zi ham mamnun bo‘lib, tomoq qirib qo‘ydi. Jahongir uning mamnunligini sezdi. U bunday holda Daminning fikrini ma’qullamagan odam baloga qolishini bilardi. Biroq, oshnasining fikrini to‘g‘ri deya olmas ham edi. Shu sababli Daminga tikilib, picha kutdi.
— Xudo bitta, — dedi u bosiqlik bilan, — odamning tili ham, dili ham bitta. Ikki dilli, ikki tilli, ikki Xudoli odam riyokor bo‘ladi. Sen musulmon farzandisan. O‘sha bittagina yuragingni barchaga teng ulash. Shunda Ollohga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ bo‘lasan.
Damin bu gaplarni eshitib, boshini egib oldi. U vujudida uyg‘ongan g‘azabni bosib o‘tirardi. Uzoq yo‘l bosib kelgan oshnasiga qattiq gap aytib, ko‘nglini xira qilishni istamadi. Tizgin bo‘shab ketsa «Olloh, Olloh, deb yurib ko‘rgan kunlaring shu bo‘ldimi», deb ko‘p gaplarni aytib yuborishi, oshnasining yuragidagi yaralarni tirnab qo‘yishi mumkin.