YUNUS SURASIMakkada nozil bo‘lgan bu sura bir yuz to‘qqiz oyatdan iborat. Unda islomiy aqidaning asl mohiyati: Allohga iymon keltirish, Uning kitoblariga, payg‘ambarlariga, qayta tirilishga va qiyomat kunidagi jazo-mukofotga ishonish haqida so‘z boradi. U ilohiy kitoblarga, xususan Qur’oni Karimga iymon keltirishga qizg‘in da’vat qilishi bilan boshqa suralardan ajralib turadi.
Bu sura boshlab payg‘ambarlik va payg‘ambarlar haqida so‘zlab, Alloh avvalu oxir hamma bandalariga O’z payg‘ambarini yuborganini, binobarin, oxirgi payg‘ambar Muhammad alayhis-salomning kelishlaridan ajablanishga o‘rin yo‘qligini uqtiradi. Keyin xudo va bandaning haqiqati bayon qilinib, yaratgan bilan yaralgan orasidagi aloqa qanday bo‘lishi lozimligi aytiladi va odamlarga haqiqiy Parvardigorlari qanday zot ekanligi tanitilib, faqat Ungagina ibodat qilishlari durust va zarur ekanligi ta’kidlanadi. Yana bu surada mushriklarning Qur’onga bo‘lgan munosabatlari haqida hikoya qilinib, bu Kitob haqiqiy ilohiy mo‘‘jiza ekani aytiladi, Va "œuni Muhammad o‘zi to‘qib yozgan", deb unga o‘xshash birgina sura yozib bersinlar, asossiz ekanligi oshkor etiladi.
Surada Nuh, Muso, Yunus kabi payg‘ambarlarning qissalari zikr qilinadiki, suraning nomi ham ulardan biri — Yunus payg‘ambar ismlari bilan atalgandir. Sura nihoyasida esa payg‘ambar alayhis-salomga faqat Allohning ko‘rsatma-vahiylariga amal qilish va Alloh yo‘lida chekiladigan ozor-mashaqqatlarga sabru toqat qilish amr etiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman): 1. Alif, Lom, Ro. Bu hikmatli Kitob oyatlaridir.
2. Bu odamlar uchun o‘zlaridan bo‘lgan bir kishiga (ya’ni, Muhammad alayhis-salomga, kofir) kimsalarni (Allohning azobidan) ogohlantiring, iymon keltirgan zotlarga esa ular uchun Parvardigorlari huzurida azaliy rost martaba borligi haqida xushxabar yetkazing, deb vahiy yuborganimiz qiziq tuyuldimi?! Kofirlar: «Darhaqiqat, bu (ya’ni, Muhammad) zo‘r sehrgardir», dedilar.
3. Albatta, Parvardigoringiz osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra O’z arshini egallagan Allohdir. U (har bir) ishning tadbirini qilur. (Qiyomat kunida) biron oqlovchi bo‘lmas, magar Uning iznu irodasidan so‘nggina (oqlay olur). Ana o‘sha Alloh Parvardigoringizdir, bas, Unga ibodat qilingiz! Axir eslatma-ibrat olmaysizlarmi?!
4. (Qiyomat kunida) barchangiz Unga qaytishingiz bordir. (Bu) Allohning haqqirost va’dasidir. Albatta avval-boshda barcha narsani Uning O’zi yaratur. So‘ngra iymon keltirib, yaxshi amallar qilib o‘tgan zotlarni adolat bilan mukofotlash uchun (qiyomat kuni) yana qayta yaratur. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar uchun esa qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir bo‘lganlari sababli alamli azob bo‘lur.
5. U (Alloh) quyoshni ziyo sochguvchi, oyni yorug‘lik qilgan va sizlar yillarning sanog‘ini hamda (vaqtlarning) hisobini bilishlaringiz uchun uni (ya’ni, oyni bir qancha) manzil-burjlarga bo‘lib qo‘ygan zotdir. Hech shak-shubhasiz, Alloh bu (borliqni) haq (qonun va maqsad) bilan yaratdi. U zot biladigan qavm uchun O’z oyatlarini mufassal bayon qilur.
6. Albatta, kecha va kunduzning almashib turishida hamda Alloh osmonlar va yerda yaratib qo‘ygan narsalarda Allohdan qo‘rqadigan qavm uchun oyat-alomatlar bordir.