YANA RIZQ HAQIDA AJOYID HIKOYA
Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
"œKim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O’zi unga yetarlidir" (Taloq, 3).
Bu oyatda Alloh taolo hamma mahluqlaridan va ularga tegishli xususiyatlardan xabardor ekanini zikr qildi.
Rivoyatga ko’ra, Imom Zohidiy rizq to’g’risida aniq ishonch hosil qilmoqchi bo’ldi va toqqa chiqib ketdi. Bir g’orning burchagida o’tirib oldi-da, o’ziga-o’zi: "œMenga Rabbim qanday qilib rizq berishini shu yerda kutib o’tiraman", dedi. Qattiq bo’ron bo’ldi va yomg’ir yog’di. Kechga yaqin bir karvon boshpana qidirib, u o’tirgan joyga kirdi.
U kishi shunday hikoya qiladi: "œEy Allohning bandasi", deya chaqirishdi. Men ularga javob bermadim. Shunda karvondagi kishilar, hoynahoy, bu odam sovuq qotgan bo’lsa kerak, shuning uchun ham gapirmayapti, deb o’ylahshdi va gulxan yoqishdi. Menga yana gapirishdi. Men baribir javob bermadim. Shunda karvondagilar, och qolgan ko’rinadi, deb oldimga dasturxon yozib, taomga taklif qilishdi. Men esa miq etmadim, dasturxondan hech narsa tanovul qilmadim. Ular, bu odam bu yerda uzoq muddatdan beri yemay-ichmay o’tiribdi, shekilli, deb, sut pishirishib uzatishdi, parvo qilmay o’tiraverdim. Ular battar ajablanib, buning tishlari bir-biriga kirishib ketgan chog’i, deyishdi-da, ikkitasi turib, og’zimni ochish uchun pichoqni oldi. Og’zimni ochib, haligi taomdan bir parchasini solishdi. Shunda men kulib yubordim. Haligilar ajablanib: "œSen jinnimasmisan mabodo?" deyishdi. Men: "œYo’q. Men Rabbimning rizq berishiga qat’iy ishonch qilay, deb bu yerga kelgan edim. Aniq bildimki, albatta, U menga ham, boshqalarga ham qayerda bo’lishlaridan qat’iy nazar, rizqni yetkazib berar ekan", dedim. Karvon ahli ko’p taajjubda qoldi".
Musulmonlar taqvim kitobi 2006 yil I chorak