397. Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar muazzinlar azon aytsalar, shayton qochib, Ravho’gacha boradi" (Ravho’ Madinadan o‘ttiz olti mil uzoqdagi joy).
Faqih aytadilar: Muazzin muazzinlar fazilatiga yetishi uchun o‘nta xislatga muhtojdir.
1. Namoz vaqtlarini bilmog‘i va unga rioya qilmog‘i.
2. Halqumini saqlamog‘i. Halqumi uchun azonni kechiktirmasligi.
3. U yo‘qligida o‘rniga boshqa kishi azon aytsa, unga g‘azab qilmasligi.
4. Azonni yaxshi aytmog‘i.
5. Savobini Allohdan so‘ramog‘i, odamlarga minnat qilmasligi.
6. Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmog‘i va haqiqatni boyga ham, kambag‘alga ham teng aytmog‘i.
7. Imomni qavmga malol kelmaydigan darajada kutmog‘i.
8. Masjidda uning joyini olgan kishiga g‘azab qilmasligi.
9. Azon va takbir orasidagi namozni uzun o‘qimasligi.
10. Masjidning tozaligiga e’tibor berib, har xil ifloslardan poklab yurmog‘i va kichkina bolalarni chetga olmog‘i.
Imom ham o‘zining va unga ergashganlarning namozi to‘kis bo‘lishi uchun o‘nta xislatga muhtojdir:
1. Allohning kitobini to‘g‘ri o‘qimog‘i.
2. Takbirlari sahih va jazmli bo‘lmog‘i.
3. Ruku’ va sajdasi to‘kis bo‘lmog‘i.
4. Nafsini shubha va haromdan saqlamog‘i.
5. Kiyimini va badanini najosatdan pok tutmog‘i.
6. Qiroatni qisqa qilmog‘i, agar uzaytirsa, qavmning roziligi bilan uzaytirmog‘i.
7. O‘ziga ajablanmasligi, ya’ni, manmanlikka berilmasligi.
8. Allohdan jamiki gunohlarining mag‘firatini so‘ramaguncha namozga kirmasligi, chunki u orqasidagilarga shafe’dir.
9. Salom bergach, duoni faqat xos o‘zi uchun qilmasligi, agar shunday qilsa, qavmga xiyonat etgan bo‘ladi.
10. Agar masjidiga g‘arib kishi tushsa, uning ehtiyojlarini so‘ramog‘i.