Tong saxarda turib yalangoyoq, yalangbosh shabnam tushgan bedazor orqali o'tloqdagi tushovlangan otlarning oldiga borayotganimda ham, bu kuy menga hamroh bo'lardi. Tog' orqasidan mo'ralab ko'tarilgan quyosh xuddi mening quvonchimga sherik bo'lgandek jilmayib nur sochardi.
Oltin donalari kabi keksa xirmonchilarning panshaxalaridan sachrab tushayotgan bug'doy donalarining mayin shildirashida ham, ko'kda parvoz qilib yurgan yolg'iz kalxatning qanot qoqishida ham, xullas, ko'rib, uqib, sezib yurgan narsalarimning hammasidan Doniyorning kuyi eshitilayotgandek bo'lardi. Kechqurun daraga arava haydab borayotganimizda men o'zimni xuddi boshqa bir olamga kirib borayotgandek xis qilardim. Ko'zlarimni yumib Doniyorning ashulasiga quloq solar ekanman, ona suti bilan qonimga singib, bir qarichligimdan tanish bo'lgan manzaralar ko'z o'ngimdan birma-bir o'ta boshlardi. Goh ovulning zumrad osmonidan pag'a-pag'a bulutlar, suzib o'tishar, goh o'tlab yurgan yilqilar uyuri dukurlashib, kishnashib yaylovda chopib qolishar, qulunlar kokillarini o'ynatib, qop-qorq ko'zlarini jovdiratganlaricha onalarini qidirishib qolishar, goh suruv-suruv qo'ylar tepaliklarda o'tlab yurishar, goh qoyalardan oqib tushayotgan shalola oynadek yarqirab ko'zlarni qamashtirar, dengizdek mavjlanib qamishzorlar orasiga cho'kib borayotgan quyoshni lolarang ufq sari yoritib borayotgan yog'iz otliq mana xozir qo'li bilan ushlab oladigandek bo'lib tuyulardi. Keyin o'zi ham quyosh bilan birga butalar orasiga kirib g'oyib bo'lardi.
O' jonajon, bepoyon dalam! Qozoq jondoshimning yeri bilan payvand bo'lgan azamat dalam! Mana tog'larimizni ikki yoqqa ayirib tashlab, qamish va shuvoqlarga ko'milib buyuk bir dengizdek chayqalib yotasan.Sening nimalaraga qodir ekanligingni kim biladi! Qarog'im, sirtingdan qarasa qimirlagan jon yo'qdek bo'zarib yotganing-yotgan. Ammo kechagina qon-qardoshlaring unib-o'sgan bag'ringda urush boshlanib, dushmanlar o'lkamizga chang solganda quchog'ingdagi giyohlar yonib, chavandozlaring dushman ustiga sherdek tashlanganida, musaffo osmoningni issiq chang qopladi. Yer-ko'k larzaga keldi, o'shanda qirg'oqning narigi betidan ot o'ynatib kelgan qozoq xabarchisi:
-- Otlan, qirg'iz otlan. Yov keldi! --de saraton quyuni ichida yana qayoqqadir otini yeldirib ketdi. O'shanda keng dalam, daryolarim, tog'larim larzaga kelib o'z elini otga mingizdi. Yigitlar jangga otlanganda osmonu-zamin titrab, yovni mahv etishga chorlab bong urildi. Minglab uzangilar bir-biriga tegib shaqirlashib, son-sanoqsiz chavandozlarniong ko'zlaridan qaxr va g'azab o'ti chaqnab el bilan, yurt bilan xo'shlashdi. Ularning oldida qizil bayroqlar xilpirab, orqada otlarning tuyog'idan chiqqan chang orasida onalar ba juvonlarning: "Keng dalamiz madadkor bo'lsin. Xosiyatli Ona yer madad bersin. Buyuk Manasning ruxi yor bo'lsin" -- deb bo'zlab qolishdi. Senga jonim fido ey muqaddas dalam, tog'larim. Elimga shu kuch qudratni sen o'zing berding.