Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladilar: «Uvaymir al-Ajaloniy Osim ibn Adiy al-Ansoriyning huzuriga kelib, unga: «Ey Osim! Nima deb o‘ylaysan, agar bir kishi xotinini begona bir kishi birlan tutib olsa, u o‘sha erkakni o‘ldiradimi yoki uni sizlar o‘ldirasizlarmi, unga nisbatan qanday chora ko‘riladi? Iltimos, Janob Rasulullohdan shul haqda so‘rab bilib bergil!» — dedi.Osim shul haqda Janob Rasulullohdan so‘rab erdi, ul zot bu masalani aybli hisoblab, javob bergilari kelmadi, hatto Osimni shunday qattiq urishib berdilarki, u so‘raganiga pushaymonlar yedi. Osim uyiga qaytib kelgach, Uvaymir kelib: «Ey Osim! Janob Rasululloh nima dedilar?»—dedi. Osim: «Menga yaxshi bo‘lmadi, Janob Rasululloh sen so‘ragan masala xususida javob bermoqni istamadilar»,— dedi. Uvaymir: «Olloh taolo haqi! Buni so‘rab bilib olmagunimcha, qo‘ymayman!» — dedi-da, Janob Rasulullohning huzurlariga jo‘nadi. Yetib borganida, ul zot odamlar qurshovida turgan erdilar. «Yo Rasulalloh! Nima deysiz, agar bir kishi xotini birlan boshqa bir kishini tutib olsa, uni o‘zi o‘ldiradimi yoki uni sizlar o‘ldirasizlarmi, unga nisbatan qanday chora ko‘riladi?»—dedi Osim. Janob Rasululloh: «Olloh taolo sen birlan rafiqang xususida hozirgina oyat nozil qildi. Bor, xotiningni olib kel!» — dedilar. Keyin, ular ikkalasi bizning huzurimizda bir-birlarini mulo’ana qilishdi (ya’ni, har biri o‘zining haq erkanligini aytib, bir-birini la’natladi). Mulo’anadan qutilganimizda, Uvaymir: «Yo Rasulalloh! Agar uni xotin qilsam, unga tuhmat qilgan bo‘laman»,— dedi-da, unga Janob Rasululloh amr qilmasla-ridan burun, uni o‘zi uch taloq qildi». Ibn Shihob: «Usha yili mulo’ana qiluvchilar yili bo‘lgan erdi»,— deydilar.
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rifo’at al-Quraziyning xotini Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh! Rifo’at moni qat’iyan taloq qildi. Keyin,men Abdurrahmon ibn az-Zubayr al-Quraziyga tegdim. Lekin, uning olati mana bu popuk yanglig‘ bo‘sh (yumshoq) erkan»,—dedi. Janob Rasululloh: «Menimcha, sen ilgarigi ering bo‘lmish Rifo’atga qaytib tegmoqchiga o‘xshaysan, ammo ilgarigi ering zavq olgani kabi to u sening va sen uning asaldonidan zavq olmas erkansan, bu mumkin ermas!»— dedilar».