461. Faqih aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam chiqqanlarida odamlar tortishib turishgan edi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Men sizlarga Laylatul-qadrning xabarini bermoqchi edim, lekin sizlarning unga suyanib qolishlaringdan qo‘rqdim. Shoyad bu sizlarga yaxshilik bo‘lsa. Uni oxirgi o‘n kunlikda izlanglar, qolgan to‘qqizida, yettisida, beshida, uchida va oxirgi kunida. Uning belgilari: toza, nurli bo‘ladi, issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh chiqqanida uning harorati bo‘lmaydi, kim imon keltirib va savob umid qilgan holda qoim tursa, uning oldingi gunohlari kechiriladi".
Faqih aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kechada qoim bo‘lishning, kunduzi ro‘za tutishning imon keltirgan va savob umid qilgan holda bo‘lishini shart qildilar. Imon — Alloh u uchun va’da qilgan savoblarga ishonish; savob umid etish esa, Allohga yuzlangan holda Unga xushu’ qilishdir. Agar banda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam zikr qilgan savoblarga yetmoqni xohlasa, bu oyning hurmatini bilishi lozim, bu oyda tilini yolg‘ondan, g‘iybatdan, ortiqcha so‘zlardan, a’zolarini xato va adashishlardan, qalbini musulmonlarga hasaddan, adovatdan saqlamog‘i kerak. Shularni bajargach, amallari qabul bo‘ladimi yoki yo‘qmi, Allohdan qo‘rqib turmog‘i lozimdir.
Bir hakim aytar ekan: "Musibatga uchragan kishiga dunyoda ajr va oxiratda savob bo‘lishining kafolatini berding, agar bu ro‘zani bizlardan qaytarsang, ya’ni, rad qilsang, bu musibatning ajridan ham bizlarni mahrum qilmagin, ey yaxshilik bilan tanilgan Zot!"