AbdulAzizga berilgan savollarga javoblar:
36. Savol: Ziyouzni "dunyoga keltirish"da kimlar yordam bergan? Qancha vaqt ketgan?
Javob: Ziyouzning tamal toshlari maktab davrlarida qo'yilgan desam ham bo'ladi. Lekin u paytda komputer, internetni yaxshi bilmas edim. Yoshligimdan turli xil ajoyibu-g'aroyibotlarga qiziqishim bois, dastavval kichik daftarlar, so`ngra kundalik (yejednevnik)larga ma'lumotlar yig`ib yurardim. Unaqa katta daftarlar soni 7 taga yetganda, shu ma'lumotlar asosida bir sayt ochib, birodarlarga, xalqimizga xizmat qilsam, degan fikr tug'ilgan.
2004 yilning 9 aprel kuni ziyouz ilk marta internetga qo'yilgan. O'shanda uning manzili -
http://ziyo-uz.land.ru bo'lgan. Dastlab bepul serverga joylangan saytimiz ma'lumotlari osha borgani sayin mustaqil manzilda faoliyat boshlashga ehtiyoj ortaverdi. 2006 yili Shuhrat aka (forumda master)ning ko'magi bilan
www.ziyouz.com domainini oldik. Dastavval,
http://islom.ziyouz.com ni so'ng asosiy sayti va forumni ham yangi manzilga ko'chirdik. Hozirgi kunga kelib, ma'lumotlar bazasi ancha kengayib, portal holatiga keldi. Aytish mumkinki,
www.ziyouz.com ayni paytda o'zbek tilidagi eng yaxshi ma'rifiy-madaniy saytdir.
37. Savol: Forumimiz rivoji uchun sizningcha eng katta hissa qo'shgan 10ta user kimlar?
Forum rivoji uchun har bir ishtirokchi o'z hissasini qo'shgan. Agar shu ishtirokchilar, ya'ni sizlar bo'lmaganingizda forum bu holatga yetisha olmas edi. Har bir ishtirokchini eslab o'tishga imkon yo'q. Lekin agar ishtirokchilar nomini alohida keltirib, ular haqida fikr va forumga qo'shgan hissalari haqida so'rasangiz, batafsil gapirib berishim mumkin.
Shunday bo'lsa-da, ba'zi userlarni eslab o'tsam:
Munira xonim. Forumdagi barcha muslima va muslim userlarning sevimli maslahatgo'yi.
Shoir. Eng ko'p post qilgan va ko'p kitob kitoblarning elektron variatini tayyorlashda xolis xizmat qilgan adabiyot muhibi.
Robiya. Nimaniki o'ziga ravo ko'rsa, o'shani forumga ham ravo ko'radigan jonkuyar user.
Musannif Adham. Har bir holatga reallik bilan qarovchi, bizni jahon xabarlaridan boxabar qiluvchi bilimdon user.
Noza. Eng eski uzerlardan biri.
Shoxjahon12. Qariyb 5 yildan beri forum bilan hamnafas bo'gan futbol muhibi. Menimcha ayni paytda ishtirok etayotgan eng eski forumchi.
Y_U_R_I_S_T. Intellekt bo'limining rivoji uchun eng katta hissa qo'shgan bilimdon huquqshunos.
Rukhiya. Pazandalik va Muslima bo'limlarining moderatori. Qo'li gul oshpaz.
Salmoni Forsiy. Tajribali, ilmli, mulohazakor uzer.
Abdulloh. Garchi yosh bo'lsa-da, judayam tirishqoq, ilmga chanqoq user. Qisqa vaqt ichida 10 ga yaqin kitoblarni tayyorlab bergan ukamiz.
Bu ro'yxatni uzoq davom etiirish mumkin. Qiziquvchilar bo'lsa, forum ishtirokchilarini nomma-nom keltirib, fikr so'rashsa, inshaalloh javob beraman.
38. Savol: Kelajakka o'z sohangiz bo'yicha qanaqa rejalar tuzgansiz?
Javob: Xolis axborot bilan ta'minlovchi va musulmonlar manfaatini himoya qiluvchi axboriy tashkilot ochish va uni yuristish niyatim bor.
39. Savol: Jurnalistikada eng katta ahamiyatli narsa nima?
Javob: Jurnalistikada eng katta ahamiyatli narsa - xolislikdir.
40. Savol: Siz sevib o'qigan badiiy 3 ta asardagi 3 ta zo'r iqtibosni keltira olasizmi?
Javob: 1. "Inchunun, mozorda "Hayya alal falah" xitobini kim ham eshitardi?"
("O'tkan kunlar"da Otabek tomonidan zamonga berilgan juda zo'r ta'rif)
2. «Bu dunyoga keldingmi? Endi yasha! Tishni tishga qo‘yib-qo‘yib yasha. Mushtni tugib-tugib yasha. Alp-alp odim otib yasha. Chidab-chidab yasha. Yashashni chidaganga chiqargan!
Bu dunyoga keldingmi? Endi chida! Dunyo — chidaganniki! Oxirigacha chida, xudo bergan kungacha chida!»
(Tog'ay Murodning "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi" asaridan)
3. Otalar va bolalar
U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To’rt qiz, uch o’g’ilni oyoqqa turg’azdi. O’g’illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi.
Ko’z yumayotganida "œhammalaringdan mingdan-ming roziman", dedi...
Qarashsa, kafanligi yo’q ekan"¦
(O'tkir Hoshimovning "Daftar hoshiyasidagi bitiklari"idan)
41. Savol: Siz sevib o'qigan 3 ta jahon adabiyotidan 3 ta zo'r iqtibos yoki baytni keltira olasizmi?
Javob: Bir kuni Umar qavatiga olti yoshlar chamasidagi qizini olib, Makkadan tashqariga yo‘l oldi.
Xilvat bir joyga keldilar. Umar yelkasidan belkuragini oldi va chuqur qaziy boshladi.
— Nima qilyapsiz, otajon? Nega qaziyapsiz bu chuqurni?! — dedi qizi atrofida girdikapalak bo‘lib.
— Bu yerga seni ko‘maman, — deb javob qildi Umar. Qizchaning rangi oqarib ketdi. Otasini yaxshi odam deb o‘ylardi. Ayni choqda, otasining biron gapni zoe gapirmaydigan odam ekanligini ham juda yaxshi bilardi.
Ko‘zyoshlariga to‘lgan nigohlari otaga qadaldi:
— Otajon, meni o‘ldirmang!..
— Sen xiqillamay tur!
Bu so‘zlardan keyin ham yolvorish bexuda edi. Yagona chora qochish edi. Jon shirin, qizcha o‘lishni istamasdi.
Peshonasidai oqayotgan terlarni arta-arta chuqur qaziyotgan Umar, birdan: «To‘xta, qochma!» deb baqirdi va qizining orqasidan chopa ketdi.
Jonholatda qochayotgan qiz bechoraning ortidan yetib kelgan ota dag‘al qo‘llari bilan sochlaridan tutib, qat’iy siltab to‘xtatdi. Shundan keyin sudrab-sudrab, chuqurning yoniga olib keldi.
Qazish davom etar, go‘dakning ko‘zyoshlari ham beto‘xtov yerga yumalanar edi.
Shu asnoda Umar qo‘lidagi belkurakni yerga qattiq urdi va natijada bir siqim tuproq sochilib, Umarning yuz-ko‘zi changga belandi. Yerga o‘tirib qoldi va ko‘zlarini ishqalay boshladi.
Otasini bu holatda ko‘rgan qizcha sakrab o‘rnidan turdi:
— Otajon, meni o‘ldirsangiz, soqolingizni kim taraydi? Yuzlaringizni kim tozalaydi?! — deya barmoqlari bilan Umarniig soqollarini taray boshladi.
Umar uni ilkis itarib yubordi. Sapchib o‘rnidan turib, yana qaziy boshladi.
Bir oz o‘tgach, Umar to‘xtab qoldi. Boshini egdi, bir muddat o‘yga toldi. Yig‘layotgan qizchasiga ko‘zi tushdi. Olti yilga yaqin silab-siypalab, erkalab kelgan jigari edi u. Bunday yaqin kishisining joniga qasd qilish oson emasdi...
Orada ko‘ngliga bu ishdan voz kechish fikri ham keldi. Qizchasining qo‘lidan tutib, Makkaga qaytishni ham o‘yladi. Shunday qilganida, qanchalar sevinardi bu ma’suma go‘dak... yana hayotga qaytgandek bo‘lardi. Kim biladi, hozir uyda qanday alamli damlar kechayotgan ekan, qanchalar ohlar chekilayotgan, ko‘z yoshlar to‘kilayotgan ekan?!
Ammo bu ishning boshqa jihati ham bor edi. Umar qizini olib ketdi, qo‘llari titrab orqaga qaytarib olib keldi, deb ustidan birodarlari kulishmaydimi? Umr bo‘yi qizi oldidagi vijdon azobiga qanday chiday oladi?
Bir necha soniya vaqt shunday fikrlar og‘ushida o‘tdi. Soatlar, hatto kunlarga tatirli bir-biriga zid fikrlar yashin tezligida miyasidan o‘tdi. Shundan so‘ng yana belkurakka yopishib, chuqur qaziy boshladi.
Yetarli darajada qaziganiga ishonch hosil qilganida, yerda faryod urib yotgan qizcha ham daxshatli fojia soati yetib kelganini sezdi, yalinchoq nigohlarini otasiga qadadi.
Ammo otaning ko‘zlaridan olov sachrardi. Qiz yana tez o‘rnidan sakrab turdi va takror qocha boshladi.
Umar yana qizining ortidan yugurdi, yetib olib qattiq ushladi. Endi qutulish chorasi qolmagan edi. Qizcha hadeb «Otajon, otajon!» deya chinqirar, siltanar edi.
Bir latta kabi uloqtirilgan ma’sum vujud chuqurning chetlariga tegib pastga yumalab ketdi. Umarning baquvvat qo‘llari tuproq uyumini chuqurga tashlar ekan, oyoklari so‘nggi kuchini yig‘ib chuqurdan chiqib ketishga urinayotgan go‘dakni bosib turardi. Boshiga shuvillab tuproq to‘kilib, ko‘zlari ham tuproqqa to‘lgan qizcha bir-ikki chiranishdan so‘ng harakatlari bo‘shashdi, ketma-ket ustiga tushayotgan tuproq uni tobora bosib, nafasini siqa boshladi.
Oyoqlari ostidagi vujudning nihoyat chiranishdan to‘xtaganini anglagan Umar yengil nafas oldi. Peshonasidagi terlarni artib tashladi va qolgan-quttan tuproqni ham chuqur ustiga tashlab, ishini tugatdi.
O‘sha kecha uyda hech kimning ovozi chiqmadi. Umar har doimgidan ham asabiy edi. Uning bu qo‘rqinchli holati uyda biron kimsaning churq etib og‘iz ochishiga yo‘l qo‘ymadi. Faqat, qo‘llar ora-sira ko‘zlardan yumalangan yoshlarni artardi...
("Saodat asri qissalari", Ahmad Lutfiy)
2. O’lim yo‘lda turib, bizni kutmoqda. Inson esa sayr qilish va umrni behuda sarflash bilan ovora.
Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil.
Jaloliddin Rumiydan
3.
JANNATNING IRMOQLARI"¦Bul jannatning irmoqlari
Oqar Alloh-Alloh deya.
Chiqmish Islom bulbullari
Kuylar Alloh-Alloh deya.
Tebranar Tubo shoxlari
Qur’on o’qiydi tillari
Jannat bog’ining gullari
Hid taratar Alloh deya.
Sof nurdandir ustunlari
Kumushdandir yaproqlari
Uzayguncha butoqlari
O’sar Alloh-Alloh deya.
Oydan oydindir yuzlari
Shakkardan totli ko’zlari
Jannatda huri qizlari
Kezar Alloh-Alloh deya.
Kimlar yeyar, kimlar ichar,
Malaklari rahmat sochar,
Idris nabiy hulla bichar
Tikar Alloh-Alloh deya.
Haqqa oshiq bo’lgan kishi
Oqar ko’zlarining yoshi,
Nurga to’lar ichu tashi
So’ylar Alloh-Alloh deya.
Yunus Emrom, bor yoriga
Qo’yma bugunni ertaga
Erta Haqning devoniga
Borarman men Alloh deya.
Yunus Emro