Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486377 marta o'qilgan) Chop etish



AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:26:17

358-bob
Azon aytilgandan keyin farzni o‘qimasdan turib uzrsiz masjiddan chiqib ketishning karohiyati haqida


1784/1. Abu Sha’sodan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Biz Abu Hurayra (r.a.) bilan birga masjidda o‘tirgan edik, muazzin azon aytib qoldi. Bir kishi o‘rnidan turib masjiddan chiqib ketdi. U kishi chiqib ketgunicha Abu Hurayra orqasidan qarab qoldilar. Va: «Bu kishi Abulqosimga osiy bo‘ldi, ya’ni Rasululloh (s.a.v.) buyruqlariga itoat qilmadi», deb aytdilar». Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:26:30

359-bob
Rayhonga o‘xshash biror xushbo‘y narsa tortiq etilsa, uni uzrsiz rad etishning karohiyati haqida


1785/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimga rayhonga o‘xshash xushbo‘y narsa tortiq etilsa, rad qilmasin. Chunki u narsalarning vazni yengil va hidi xushbo‘ydir», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1786/2. Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) xushbo‘y narsalarni rad etmasdilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:26:45

360-bob
Maqtalganda salbiy ta’sir qilib, maqtovni ko‘tara olmaydigan kishining yuziga maqtashning karohiyati haqida (lekin bunday salbiy ta’sirlanishdan omonda qoluvchi kishining yuziga maqtash joiz)


1787/1. Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bir kishining boshqa bir kishini ko‘klarga ko‘tarib maqtayotganini eshitib: «Uni halok qildinglar yoki bu kishining belini sindirdinglar-ku», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1788/2. Abu Bakradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida bir kishi zikr qilindi. Shunda boshqa bir kishi uning yaxshiligini gapirib maqtab yubordi. Buni eshitgan Rasululloh: «Do‘stingning bo‘ynini sindirding-ku», deb bir necha marta aytdilar. So‘ngra u zot: «Agar sizlardan biringiz maqtashga majbur bo‘lib qolsa, uni unday-bunday va shu singari, deb o‘ylayman, desin. Agar men bilganimdek ana shu sifatlarga ega bo‘lsa, «Hasiybuhu Alloh vala yuzakkiy ‘alallohu ahada» (ma’nosi: «Uning kifoyachisi Allohdir. Allohning oldida biror kishi aybsiz emas»), desin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:26:55

1789/3. Hammom ibn Horis va Miqdoddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Usmonni (r.a.) maqtaganida Miqdod (r.a.) tizzalarini bukib, uning yuziga mayda toshlarni otib yubordilar. Shunda Usmon (r.a.): «Bu nima qilganingiz?» deganlarida, Miqdod 4§: «Rasulullohning (s.a.v.) «Agar maqtovchilarni ko‘rsangiz, yuzlariga tuproq soching», deganlarini eshitdim», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Yuqorida keltirgan hadisimiz yuzga maqtashni man etuvchi hadislardandir. Yuzga maqtash muboh ekanini anglatuvchi sahih hadislar ham ko‘pdir. Ulamolar ikki tomon hadislarini jamlab, quyidagi fikrlarni aytishgan: «Agar maqtalayotgan kishi komil iymonli, ishonchli, riyozatli, ma’rifatli bo‘lib, o‘sha maqtovdan fitnalanmasa va g‘ururga ketmasa, harom ham, makruh ham emas. Agar bu ishlarning birortasidan qo‘rqilsa, yuzga maqtashlik qattiq makruh bo‘ladi». Shunga asoslanib bu haqdagi turli sahih hadislarni keltirmoqdamiz:

Rasululloh (s.a.v.) Abu Bakrga (r.a.): «Jannatga kirishda hamma eshigidan  chaqiriluvchilardan bo‘lishingni umid qilaman», boshqa hadisda: «Sen ishtoningni mutakabbirlik niyatida uzaytirib yuruvchilardan emassan», deganlar. Umarga (r.a.) esa: «Agar shayton seni ko‘rib qolsa, sen yurayotgan yo‘lni qo‘yib, boshqa yo‘lga ravona bo‘ladi», deganlar. Yuzga maqtash joiz bo‘lgan hadislar ko‘p bo‘lib, bu haqda «Al-Azkor» kitobida batafsil so‘zlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:27:20

361-bob
Vabo tarqagan shahardan qochib chiqib ketishning hamda vabo tarqagan shaharga kirishning karohiyati haqida


Alloh taolo:
«Qaerda bo‘lsangiz, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham, o‘lim sizlarni topib olur» (Niso surasi, 78-oyat);

«Va o‘zingizni halokatga tashlamang» (Baqara surasi, 195-oyat), deb aytgan.

1790/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob Shom shahriga jo‘nadilar. Qachonki, Sarg‘ nomli joyga yetib kelganimizda, shahar amiri Abu Ubayda ibn Jarroh va yoronlari kutib olgani chiqib, Shomda vabo kasali tarqaganining xabarini berishdi. Umar 4§ menga: «Avvalgi muhojirlarni, ya’ni ikki qiblaga qarab namoz o‘qiganlarni chaqir», dedilar. Men borib ularni chaqirib keldim. Umar 4§ ular bilan maslahatlashib, Shomda vabo kasali tarqaganining xabarini berdilar. Ular bunda ixtilof qilishdi. Ba’zilari: «Ulug‘ bir ishni (ya’ni, dushman bilan urushishni) qasd qilib chiqqansiz, u rejadan orqaga chekinishingizni ep ko‘rmaymiz», deyishdi. Ba’zilari esa: «Siz bilan birga boshqa odamlar va Rasulullohning (s.a.v.) sahobalari ham bor. Ularni mana bu vabo kasaliga olib borishingizni ep ko‘rmaymiz», deyishdi. Umar (r.a.): «Mening huzurimdan turinglar», deb aytdilar. Keyin u zot: «Huzurimga ansoriylarni chaqir», dedilar. Men ularni chaqirib kelgan edim, ular bilan ham maslahatlashdilar. Ansoriylar ham muhojirlar kabi ixtilof qilib ikki xil fikr aytishdi. Umar (r.a.) ularga ham: «Huzurimdan turinglar», deb aytdilar. So‘ngra u zot: «Huzurimga Makka fath bo‘lishidan oldin Islomga kirgan Quraysh oqsoqollarini chaqir», dedilar. Men ularni chaqirdim. Ulardan hech bir kishi ixtilof qilmadi. Ular: «Ey Umar ibn Xattob, siz odamlar bilan qaytib ketishingizni maslahat beramiz. Mana bu vabo kasali tarqagan joyga ularni olib kirmang», deb aytishdi. Shu maslahatdan keyin Umar (r.a.) odamlarga qarata: «Tongda men (Madinaga) qaytib ketaman. Sizlar ham qaytinglar», dedilar. Abu Ubayda al-Jarroh (r.a.) Allohning qadaridan (taqdiri azalida bitib qo‘yilgan narsasidan) qochib ketyapsizmi?» dedilar. Umar (r.a.): «Qaniydi, bu gapni sendan boshqa kishi aytganda edi», dedilar. Chunki Umar (r.a.) Abu Ubaydaga xilof chiqishni yomon ko‘rardilar. Va yana Umar (r.a.): «Ha! Allohning (yomon) qadaridan Allohning (yaxshi) qadariga qochyapmiz. Ey Abu Ubayda, menga xabar ber-chi, agar senda tuyalar bo‘lsa va ular bir vodiyga tushsa-da, u vodiyning ikkita maydoni bo‘lsa, biri ko‘kalamzor, ikkinchisi esa qup-quruq bo‘lsa va sen ko‘kalamzorda o‘tlatishing ham Allohning qadari, qup-quruq yerida o‘tlatishing ham Allohning qadari emasmi?» dedilar. Shu payt Abdurahmon ibn Avf kelib qoldilar. Bu sahoba ba’zi zarur ishlari tufayli bu yerda yo‘q edilar. Abdurahmon ibn Avf (r.a.): «Mening bu haqda Rasulullohdan (s.a.v.) eshitgan narsam bor. Rasululloh (s.a.v.): «Agar bir joyda vabo tarqalibdi, deb eshitsangizlar, u yerga kirmanglar. Agar sizlar turgan makonda vabo tarqasa, u yerdan qochib chiqib ketmanglar», deganlar», deb aytdilar. Buni eshitgan Umar ibn Xattob Alloh taologa hamd aytdilar va (Madinaga) jo‘nadilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1791/2. Usoma ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Agar bir yerda o‘lat (vabo) kasali tarqabdi, deb eshitsangizlar, u yerga kirmanglar. Agar sizlar yashab turgan joyda o‘lat kasali tarqasa, u yerdan chiqib ketmanglar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: epidemiya tarqagan joyga kirish yoki o‘zi yashab turgan joyda tarqalsa, u yerdan qochib chiqib ketish taqiqlanmoqda. Bugungi kunimizda buni «karantin», deb nomlashadi. Chunki yashab turgan makonda vabo tarqasa, u yerdan qochib chiqqan kishi o‘zi bilan birga zararli mikroblarni ergashtirib, sog‘lom kishilarga yuqtirishi mumkin. Mana shu narsaga amal qilish Alloh taologa tavakkal qilishga qarama-qarshi narsa emas. Balki sabablarning oldini olish va halokatga eltuvchi narsalardan o‘zini uzoq tutish va ayni Allohga tavakkal qilishlikdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:27:36

362-bob
Sehrning og‘ir haromlardan ekani haqida


Alloh taolo:
«Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102-oyat), deb aytgan.

1792/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Yettita halokatga eltuvchi amallardan saqlaninglar», deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning rasuli, ular nima?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «1. Allohga sherik bor, deyish. 2. Sehrgarlik. 3. Alloh o‘ldirishni harom qilgan jonni o‘ldirish. Ammo haq bilan bo‘lsa, ya’ni had, qasos va shunga o‘xshash narsalarda zarari yo‘q. 4. Sudxo‘rlik orqasidan kun kechirish. 5. Yetimning molini yeyish. 6. Urushda orqaga chekinish. 7. Hech narsadan xabari yo‘q, pokiza, afifa ayollarni (fohishalikda) ayblash», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:27:53

363-bob
Agar dushman qo‘liga tushishidan xavf etilsa, g‘ayrimuslim o‘lkalarga Qur’on kitobi bilan safar qilishdan man etilgani haqida


1793/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Qur’oni karim bilan dushman yeriga safar qilishdan man etdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:28:10

364-bob
Yeyish, ichish, tahorat qilish va boshqa ishlarda tilla va kumush idishlarni ishlatishning haromligi haqida


1794/1. Ummu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kumush idishlarda suv ichadiganlar qornini do‘zax oloviga to‘ldiribdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Imom Muslimning rivoyatlarida «Tilla va kumush idishlarda suv ichuvchi va ovqatlanuvchilar» bo‘lib kelgan.

1795/2. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ipak va kimxob kiyishdan hamda tilla, kumush idishlarda suv ichishdan man qildilar. Va: «Bu narsalar bu dunyoda kofirlar uchun, oxiratda esa sizlar uchundir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Ikki «Sahih» kitobida kelgan Huzayfa (r.a.) rivoyatlarida Rasululloh (s.a.v.) «Ipak va kimxobdan tayyorlangan kiyimlar kiymanglar, tilla, kumush idishlarda suv ichmanglar va tilla, kumush taqsimchalarda ovqat yemanglar», deb aytdilar.

1796/3. Anas ibn Siyrindan rivoyat qilinadi: «Anas ibn Molik (r.a.) bilan birga bir necha majusiylar huzurida o‘tirganimizda, kumushdan yasalgan idishda qiyom olib kelindi. U zot bundan yemadilar. Olib kelgan kishiga bu idishingni almashtirib kel, deb aytilgan edi, u kishi kumush idishni xalanj daraxtidan ishlangan kosaga alishtirib keldi. Anas ibn Molik bu idishdagi qiyomdan tanovul qildilar». Imom Bayhaqqiy hasan isnod bilan rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:28:22

365-bob
Za’faron rangli kiyim kiyishning haromligi haqida


1797/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) kishilarga za’faron rangli libos kiyishni man etdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1798/2. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (s.a.v.) bir kuni mening ustimda ikkita sarg‘ish, zahil rangga bo‘yalgan kiyimni ko‘rib: «Onang mana shuni kiyishga buyurdimi?» dedilar. Men: «Rangini ketkazib yuvib yuboraymi?» desam, u zot: «Balki yondirib tashlagin», dedilar».

Boshqa rivoyatda aytilishicha, Rasululloh (s.a.v.) «Bu kabi sarg‘ish, zahil rangli liboslar kofirlarning kiyimidir. Sen bunday kiyimlarni kiymagin», deb aytganlar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:28:50

366-bob
Kunduzidan kechasigacha jim (sukut qilib) yurishdan qaytarilgani haqida


1799/1. Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasulullohning (s.a.v.) «Balog‘atga yetgandan keyin yetimlik yo‘q. Kunduzidan kechasigacha jim (sukut qilib) yurish yo‘q», deb aytganlarini eshitdim». Abu Dovud rivoyati.

Imom Abu Sulaymon Xattobiy Ma’olus «Sunan» nomli kitoblarida bu hadisni quyidagicha sharhlaganlar: «Jim yurish johiliyat ahlining amallaridan edi. Ulardan biri bir kecha va kunduz e’tikof o‘tirardi-da, hech narsa gapirmay, sukut qilardi. Islom kelgandan keyin bundan qaytarildi va yaxshiliklarni zikr etishga buyurildi».

1800/2. Qays ibn Abu Hozimdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) ahmaslik Zaynab ismli ayolning oldiga kirdilar. Uning gapirmayotganini ko‘rdilar. Va unga: «Nima uchun gapirmayapsan?» dedilar. Atrofidagilar: «Haj qilgan, gapirmaydi», deb aytishdi. Shunda Abu Bakr unga: «Gapirgin, bu (ishing) halol bo‘lmaydi. Va bu johiliyat amallaridandir», deganlarida, u xotin gapirdi. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan