1849/43. Abulfazl Abbos ibn Abdulmuttalibdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Hunayn kuni men Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edim. Abu Sufyon ibn Horis ibn Abdulmuttalib va men ikkovimiz Rasulullohdan (s.a.v.) ajramay birga yurdik. U zot esa oq xachirlarida edilar. Qachonki, musulmonlar bilan mushriklar to‘qnashganda, musulmonlar orqaga chekina boshlashdi. Rasululloh (s.a.v.) esa xachirlarini dushman tomonga yugurtira boshladilar. Men tezlab ketmasligi uchun u zotning xachirlari jilovidan ushlab turardim. Abu Sufyon esa uzangidan ushlab turar edi. Rasululloh (s.a.v.) «Ey Abbos! Samura ashoblarini (ya’ni, Hudaybiya voqeasida Samura daraxti ostida bay’at qilgan sahobalarni) chaqir», dedilar. (Ibn Abbos ovozi baland kishi edilar.) Baland ovozda: «Samura daraxti ostida bay’at qilganlar qaerda?» desam, Alloh nomiga qasamki, ular bu so‘zni eshitgach, xuddi mol bolalari ovozini eshitganda burilgani kabi burilib, Rasululloh (s.a.v.) taraflariga labbay, labbay, deb kelib, kofirlar bilan urusha boshladilar. Ansoriylarning chaqirig‘i esa «Ey ansoriylar jamoasi, ey ansoriylar jamoasi» tarzida edi. Urushga chorlash chaqirig‘i oxiri Horis ibn Xazraj qabilasiga kelib to‘xtadi. Rasululloh (s.a.v.) xachirlari ustida turib urush bo‘layotgan tomonga cho‘zilib qaragan holda: «Mana urush eng qizg‘in pallaga kirdi», dedilar. Keyin bir nechta mayda toshlarni olib kofirlar yuziga otdilar. Va: «Muhammadning Rabbi nomiga qasamki, kofirlar yengilishdi», dedilar. Borib, urush bo‘layotgan tomonga qarasam, u avvalgi holatidek davom etayotgan edi. Alloh nomiga qasamki, Rasululloh (s.a.v.) mayda toshlarni otishlari bilan, u dushmanning tig‘i o‘tmas bo‘lib, ishlari orqaga keta boshladi». Imom Muslim rivoyati.
1850/44. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ey insonlar, albatta Alloh taolo pokdir. Va pok narsalarnigina qabul qiladi. Albatta Alloh taolo payg‘ambarlariga nimani buyursa, mo‘minlarga ham o‘sha narsani buyuradi. Alloh taolo: «(Yuborgan barcha payg‘ambarlarimizga shunday dedik): «Ey payg‘ambarlar, halol-pok taomlardan yenglar va yaxshi amallar qilinglar», boshqa oyatda: «Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz - pokiza narsalardan yenglar», deb aytgan», dedilar. Keyin yana bir kishini zikr qildilar: «U uzoq safarlarga chiqib, sochi to‘zigan, yuzlari tuproq, qo‘lini osmonga ko‘tarib: «Ey Rabbim, ey Rabbim», deydi. Vaholanki, uning ovqati harom, ichimligi harom va ulg‘ayishi harom ozuqa evaziga bo‘lgan. Qanday qilib bu odamning duosi qabul bo‘lsin?!»