— Omin! — dedi, — mendayin bir begunoh momoni sochimning oqiga qaramayin urgan bo‘lsang, iloyo, olamdan bepusht o‘tgin! Mening yoshimga yetolmayin juvonmarg o‘lgin, olloh-akbar!.. — dedi.
Ayollar ichini tortdi, ayollar bosh chayqadi.
— Iloyo, og‘zingdan chiqib, yoqangga yopishsin!— dedi Barchin xola.
Onamiz panoh izladi, onamiz najot izladi.
Yosh to‘la ko‘zlari olazarak-olazarak boqdi.
Pastda hayrondan hayron qarab turmish otamizni topdi.
Bir ko‘ngli, otamiz oldiga borayin, dedi. Aytib-aytib yig‘layin, dedi.
Ammo tevarak-boshdan or qildi.
Halqa-halqa ko‘zyoshlar ichidan otamizga termuldi. Mo‘ltirab-mo‘ltirab termuldi...
Onamiz tag‘in yig‘ladi. Bilaklariga yig‘lab-bilaklariga yig‘lab qo‘ya berdi.
— Dunyoda bir menmi, befarzand! — deya aytib-aytib yig‘ladi. — Tirnoqqa zor bo‘lib o‘tganlar nechov! Men hali ko‘rarman, umidim ko‘p... Farzandning erta-kechi bo‘ladimi... Birovga ertaroq beradi, birovga kechroq beradi...
— Bir qishning bir yozi bo‘ladi, qarg‘aning qag‘illagani qoladi, Oymomo do‘stim!
— Men uni ko‘rdim, Barchinoy do‘stim, ko‘rdim! Yaratganning o‘zi uni tushlarimga soldi, ko‘ngillarimga soldi! Nima qilayin, vaqti-soati yetmagan ekanmi, qo‘ynimga solmadi... Tushlarim to‘ldi, ko‘ngillarim to‘ldi. Nima qilayin, qo‘ynim to‘lmay turibdi, quchog‘im to‘lmay turibdi... Barchinoy do‘stim, men uni toltushda ko‘rdim, toltushda! Dugonalari bilan tutimiz ostida bosmalim o‘ynadi. Ishonmasangiz, Olapar itimdan so‘rang. Bosmalimda unga teng keladigani bo‘lmadi. O‘n ikki xilida-da adashmadi. Ayniqsa kelin xilini bir o‘ynadi-bir o‘ynadi! Dugonalari og‘zini ochib o‘tira berdi! Men uning otini bilolmay qoldim. Barchinoy do‘stim... Robiyaning chaqalog‘i big‘illab uyg‘otib yubordi. Tag‘in ko‘zlarimni yumib, uning yo‘liga qaradim. U boshqa kelmadi... Baribir keladi. Barchinoy do‘stim, keladi, mana ko‘rasiz... Ana shunda uni shu yerlarga yetaklab kelaman! Mana shu momolaringga bir bosmalim o‘ynab ber, deyman, Barchinoy do‘stim!..
— Aytganingizga farishtalar omin o‘qisin, Oymomo do‘stim!