Ulamolar aytadilarki: «Agar bir musulmon: «Falon hodisa bo‘lib yomg‘ir yog‘di», desa va bu gapini shu hodisa, masalan, havo bulut bo‘lishining o‘zi yomg‘irni paydo qiladi va yomg‘ir yog‘averadi, degan ma’noda aytgan bo‘lsa, u, shubhasiz, murtad bo‘lib, kofirga aylanadi. Agar bu gapni shu hodisa yomg‘ir yog‘ishining alomati, odatda shu hodisa bo‘lganda yomg‘ir yog‘adi, biroq yomg‘irning yaratuvchisi Alloh taolo va u Allohning fazli ila yog‘adi, degan ma’noda gapirgan bo‘lsa, kofir bo‘lmaydi.
Har qanday holatda ham, bu jumla kofirlar gapi bo‘lgani bois uni aytish makruhdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki bashoratgo‘yning oldiga borib, undan biron narsani so‘rasa va uni tasdiqlasa, qirq kungacha uning bironta ham namozi qabul qilinmaydi» (Muslim rivoyati).
Oisha (roziyallohu anho) aytadilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. U zot: «Ular haq emaslar», dedilar. Shunda: «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo‘lib chiqadi», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haq kalimani jin o‘g‘rincha bilib oladi-da, uni do‘sti-folbinning qulog‘iga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg‘onni aralashtirib yuboradilar», dedilar» (Muttafaqun alayh).