Bir qadam
(ballada)
Men bag'rim yoqib bo'ldim, sel kabi oqib bo'ldim,
Necha bor qayta o'ldim bu holat tasviridan.
Naqd ber deb yig'lamagan, taxt ber deb yig'lamagan-
Baxt bergin deb yig'lagan Bodomgul taqdiridan.
Uy oldida mashina, yuk ortishar qo'shnilar,
"žBu qiyomat qoyim"œ deb, g'am tortishar qo'shnilar.
Eri chetda hangu mang, eri chetda holi tang,
Balki oralariga tag'in tushar qo'shnilar.
Bodom ham bir chekkada yaralangan qush iyanglig'.
Goh hushiga kelganday goh ma’yus, behush yanglig'
Qo'sh go'dagi pinjiga suqiladi jovdirab,
Kechagi baxt, go'daklik bo'ldi bugun tush yanglig'.
"žBalki oralariga... tushmasin yo'q, Bodomjon,
Sen ko'ksimda ishq eding, endi sen o'q, Bodomjon.
Ertak edim men Senga, poymol bo'ldi ertaklik,
Erkak edim men Senga, poymol bo'ldi erkaklik.
Derlar-ku axir: "žGulni uzsin qo'sha-qo'shgani"œ,
Hayhot, qandoq kechiray uzganini boshqani"œ.
Yurak-bag'ri to'kilib Bodom betus yig'laydi.
Ul sho'rlikka tikilib bor el-ulus yig'laydi.
Hasan-Husan zorlaydi, otasini chorlaydi,
Ota borolmas, sim-sim atrofda kuz yig'laydi.
Yuklar tayyor. Yo'l oldi Bodom qaddin tutdi g'oz:
"žTuzingizni ko'p ichdim, xizmatlarim bo'ldi oz,
Rozi bo'ling, begim"œ, deb bir-bir xayru xo'sh qilar.
"žBu qay kun"œ,- deb yoqasin ushlar qo'ni-qo'shnilar.
Katta-kichik tikilib qolgan qirda-piyoda,
Qo'sh go'dagi qo'lida, Bodom oldda, piyoda.
Orqada yuk mashina, bu yo'l shunday boshlandi.
Qarab turib keksayu yoshning ko'zi yoshlandi...
* * *
Qancha o'tdi, bilmaydi, er kelganda o'ziga,
Bitta-yarimta yulduz chiqib ko'kning yuziga,
Shom qorong'usi o'tib quyuq tun tushar edi;
Uning bo'm-bo'sh qalbiga o'chmi-xun tushar edi.
Chap ko'kragi sanchidi, Hasan-Husan joyimi,
Suvda oy chil-chil sindi, uning ko'ngil oyimi?!
Keyin kechagi tunni eslab ketdi hovliqib...
Yarim tunda qaytardi u shahardan toliqib,
Uyga yaqin kelganda eshitildi qichqiriq-
Lang ochiq derazadan uyga o'zin otdi tik,-
Hayhot, kolxoz raisi, ko'p ardoqli do'st uyda!
Xotiniga kanadek chippa yopishgan ko'yda,
Quchog'idan chiqarmas, o'pardi so'rib-so'rib,
Xotini jonhoatda yulqinib, o'zin urib,
Jilolmas, uy ichiga sochilgan bir dasta pul,
O'zi ham sezmay qindan pichoqni sug'urdi ul!
Mana senga raisning muruvvati, boyaqish,
Tug'ishganday, o'rtoqday kuyib-qo'llaganlari.
Ko'ngling ovlabu avrab topib biror zarur ish,
Ikki kunning birida shahar yo'llaganlari,-
Hayhot, mening ko'nglimga g'oyat yaqin edi u, SHul yaqinlikdan turib, yuragimni edi u!
Unga ham omonlik yo'q! Pichoq aytdi so'ng so'zni,
"žEding"œ ushbu so'z bilan rais ham yumdi ko'zni.
* * *
Yolg'iz qari onasi ko'z yosh qildi kuyunib,
Sho'rlik Bodom ham oldi bevalikni kiyinib.
Qo'sh go'dagim etim, deb etti bukilar edi,-
Ich-ichidan kun-bakun tutday to'kilar edi.
"žRais bosqinchi bo'lsa, mening aybim nimadir,
Nahot sevgi oqibat toshga tegar kemadir.
Begim uchun tumanli ishonch bo'ldim oqibat,
Tuhmat balolariga nishon bo'ldim oqibat.
Farishtam-derdi, mana, farishta ham xor, ona,
Qo'sh olchaday yashaymiz degani bekor, ona"œ.
Hasan-Husan ko'ziga jovdiramoqdan toldi,
Guldaygina kelinchak silga chalinib qoldi.
...So'ng ham uzoq yotmadi, bir choshgohda ro'yi rost,
Mushtipar onasidan shundoq qildi iltmos:
-Ona, ko'p bo'lguchiydi Sizning g'azal, baytingiz-
Go'dak chog'imdagiday bugun alla aytingiz.
Faqat g'azalingizda bo'lmasa alam-angiz,
Keyin...mening yuzimga doka yopib qo'ysangiz...
Faqat uzoq aytasiz, ir eshitay miriqib.
Keksa onaning rangi bu gaplardan siniqib,
Hayot bebaxt qiziday motamsaro tuyuldi,
Alla aytdi, joladay ko'z yoshlari quyildi,
O'ttiz yashar go'dagi qancha istasa aytar,
Uning ma’yus allasi nayday ingragan paytlar.
Ona yuragi bilan sezdi, qizi silkindi,
Yo uh tortdi, har qalay, bir zum nafasi tindi. Ul dokani tortganda bir titroq sezib tizda,
Qizi tinchib qolgandi, o'tin bo'lib o'ttizda.
Yorab, gullab-gullamay nuraganni ko'rdim men,
O'lim oldi "žalla"œni so'raganni ko'rdim men!
Bitta qadam, ne uchun shoshilamiz qo'ymoqqa,
Bitta qadam va lekin bo'ladi-ku tiyilsak.
Faqatbiz birovlarni o'rganolsak suymoqqa,
Faqat biz birovlarga birozgina qiyilsak,
Goh qanoatda sobit, daho bo'ladi inson,
O'z nafsin yo'lida goh yuho bo'ladi inson.
Odamzod-ku aslida bu dunyoga mard keldi,
Bir qadamidan goho tig'i parron-dard keldi!
* * *
...qo'sh go'dakni etaklab kampir ketib boradi-
Qulagan ustunini ziyorat qilmoq uchun-
Ona bu xil o'ylarni unga eltibboradi,
Bolam, shunday gaplar, deb unga egilmoq uchun.
Hasan-Husanlar bo'lsa tushunmas bu gaplarga,
Hasan-Husanlar bo'lsa go'dak dili qonagan,
Qachon ona sut bermas bu achchiq alaflarga.
Qachon bu xil qotillar tug'ilmaydi onadan,-
Yigitmisan yigit er bir o'qdan o'ldi ma’nan,
Bodom guliday Bodom bo'ldi shu o'q qurboni.
Rais shu bir qadamda bu dunyoi gulshandan,
Olib ketdi o'ziyu o'zgalarning ham jonin.
Bodom, garchand, tuhmatning toshiga bermading tob,
Garchand nohaqliklardan ado ketgan bir jonsan.
Ammo o'shal qora kun el ko'zidan o'chdi xob,
O'shal kundan dillarda uchqundangan isyonsan.
Mayli, garchand sendan bir ma’yus ovoza qoldi,
Ammo ishqni bukmading, ammo ishq toza qoldi.
Men bugun xotirlayman seni oppoq o'lim deb,
Ishq, nomusga jon nisor shahid qizil gulim deb.