VI-VII ASRLARDA MADANIY HAYOT
Yozuv. Bu davrda Sug‘d, Xorazm va Toxariston aholisining alohida-alohida yozuvlari bo‘lgan. Qadimgi oromiy yozuvi asosida sug‘d va xorazm yozuvlari vujudga kelgan edi. Baxtar yozuvi asosida esa toxar yozuvi shakllangan edi. Xat, hujjat va ayrim axborotlar kabi maktubotlar asosan charm, yog‘och, sopolga va qog‘ozning bahosi nihoyatda baland bo‘lganligidan kamdan-kam hollarda qog‘ozga bitilardi. Ayrim bitiklar esa podsho saroylari va ibodatxona devorlariga ham yozilardi. Ular orasida elchilik maktublari, xo‘jalik kirim va chiqimlari, yuridik shartnomalar, astronomik hujjat, tarixiy yodnomalar hamda diniy aqidalar bitilgan nodir qo‘lyozma topilmalar bor. Bizning zamonimizgacha saqlanib qolgan Sug‘d yozuvlari Panjikent yaqinidagi Qal’ai Mug‘da, Sharqiy Turkistondagi Turfan shahri yaqinida, Samarqandning qadimiy xarobasi Afrosiyobda qayd etilgan. Ularda Sug‘dning siyosiy tarixi, huquq va qonunlari, iqtisodiy va diniy e’tiqodlari xususida muhim ma’lumotlar keltirilgan.
Sug‘dda o‘g‘il bolalar besh yoshga to‘lgach, yozuv va hisobga o‘rgatilar, so‘ngra ular 20 yoshga kirganlarida savdo ishlarini o‘rganish uchun o‘zga mamlakatlarga jo‘natilar edi. Sug‘d xati asosida uyg‘ur va turk yozuvlari shakllangan. Uyg‘ur yozuvidan esa o‘z navbatida keyinchalik mo‘g‘ul va manjur xatlari paydo bo‘lgan. Sug‘diylarning kattagina guruhi doimo turk xoqonlarining qarorgohida yashagan. Ularning ayrimlari saroy a’yonlari va ma’murlari qatoridan o‘rin egallab, mas¬lahatchi, elchi, xat va savodga o‘rgatuvchi ustoz vazifasini bajarganlar.
Shuningdek, ko‘k turk xati ham qo‘llanilgan. Turklarning bu yozuvi biri ikkinchisiga tutashib ketadigan 38—40 harflardan iborat edi. U tosh va yog‘ochlarga o‘yib yozishga nihoyatda qulay edi. Qadimgi ko‘k turk bitiklari (Kultegin va Bilga xoqon bitiklari) Oltoy va Sharqiy Turkistondan tashqari, Yettisuv, Farg‘ona va Zarafshon vodiylaridan topilib, o‘rganilgan. Ular qabr toshlari, sopol va metall buyumlar, yog‘och hamda tanga pullarga bitilgan.