BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
1-bob. Haj vaqtidagi ov va shu kabilar jariymasi haqida
Olloh taolo bu xususda bunday deydir: «Ehromdalig‘ kezingizda hayvonlarni ov qilib, o‘ldirmangiz, qaysi biringizkim qasddan o‘ldirg‘aydirsiz, o‘ldirilgan hayyunga yarasha jariyma to‘lag‘aydirsiz. Bunda, oralaringizdan ikki adolatlig‘ kishi tayin etilib, ular sizga Ka’baga munosib qurbonlik aylamog‘ingizni yokim oltita miskinga kafforat uchun taom bermog‘ingizni yohud qilgan yomonlig‘ingizning jazosini tortmog‘ingiz uchun ro‘za tutmog‘ingizni hukm qilg‘aydir. Olloh o‘tgan gunohlarni kechirg‘aydir, ammo kimki qayta gunoh qilg‘aydir, Olloh undan o‘ch olg‘aydir, Olloh o‘ch olmoqqa qodirdir! Ul sizlarga va musofirlarga dengiz hayvonlarini ov qilmoqqa va ularning go‘shtlarini iste’mol aylamoqqa ruxsat etdi. Ammo, ul sizlarga ehromdalig‘ kezingizda quruqlikdagi hayvonlarni ov qilmoqni man’ aylag‘andir. Bir kuni o‘zlaringiz dargohida to‘planadirgan Ollohdan qo‘rqingiz!
Ibn Abbos va Anas raziyallohu anhumo: «Ehromdagi odam ov hayvonlaridan tashqari bo‘lgan tuya, qo‘y, mol, ot va tovuq kabi jonliqlarni so‘ysa, gunohi yo‘qdir»,- deyishadir.
Abdulloh ibn Abu Qatoda rivoyat qiladirlar: «Otam (Abu Qatoda) Hudaybiya yili yo‘lga tushdilar. Sheriklari ehrom bog‘lashdi-yu, ul kishi ehrom bog‘lamadilar. Ittifoqo, Nabiy sallallohu alayhi va sallamga dushman bosib kelayotganini xabar qilishdi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam qo‘zg‘oldilar. «Men bir necha o‘rtoqlarim birlan turgan erdim, ular o‘zaro kula boshlashdi,- deydilar otam,-qarasam, bir qulon turibdir, darhol unga nayza sanchdim, Ko‘tarishib yuboringiz, olib ketaylik! desam, ular bosh tortishdi. Keyin, biz qolib, uning go‘shtidan yedik. Boshqa sheriklarimiz ketib bo‘lishgan erdi, biz ulardan ajralib qolmoqdan qo‘rqdik. Men Nabiy sallallohu alayhi va sallamga yetib olmoq uchun otimni bir chopdirib, bir yo‘rg‘alatib ketdim. Kechasi men Baniy Rifor qabilasiga mansub bir kishini uchratib qolib, unga: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamni qaerda qoldirib kelmakdasen?» - dedim. Ul kishi: «Ta’hinda qoldirdim»,- dedi. Men ul aytgan yerga yetib borib, «Yo Rasululloh, ahli ayolingiz sizga salom aytib yubordilar, ular sizdan ajralib qolmoqdan qo‘rqmakdalar, ularni kutib turingiz, yetib olishsin!» -dedim. Keyin yana: «Yo Rasululloh, bir qulonni otib oldim, men uning go‘shtidan olib olganman»,- deb aytdim. Janob Rasululloh qavmlariga, ular ehromda bo‘lishlariga qaramay, «Olingiz, yengizlar!» - dedilar».