Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (3-kitob). Olamlarga porladi quyosh  ( 126929 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 26 B


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:09:17

* * *
Rasululloh (s.a.v.) hamrohlari bilan qoyaga chiqa boshlashdi. Ishni oxiriga yetkazib, Islomni tagtomiri bilan yo‘q qilib yuborishni niyat qilgan mushriklar musulmonlarni qadambakadam ta’qib etib borishardi. Ularning niyatlaridan xabardor bo‘lgan Rasululloh (s.a.v.) qo‘llarini ko‘tarib duo qildilar:
— Ollohim, endi ular bu yoqqa chiqa olmasinlar... Duolari ijobat bo‘lib, mushriklar qancha harakat qilmasin, bir qadam ham yuqoriga o‘rlay olmadilar.
Endi Rasululloh (s.a.v.) yuzlariga sanchilgan halqa parchalarini chiqarishga fursat yetgan edi. Abu Ubayda ibn Jarroh halkalarni tishi bilan sug‘urmoqchi bo‘ldi. Yuzi Rasulullohning (s.a.v.) muborak yuzlariga tekkanida o‘zi qaerda, qanday ahvolda ekanini ham unutayozdi. Halqa parchalarini sug‘uraman deb Abu Ubaydaning ikki tishi sindi va bu siniq tishlar uning uchun bir umrlik aziz xotira bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:09:40

ABU SUFYON VA HAZRATI HAMZA

Abu Sufyon jang susaya boshlagan paytda xotinlar bo‘yinlariga taqib olgan narsalarni ko‘rdi. Xotinlardan qon hidi kelib turardi. Ularning qarashlaridan vahshiy bir huzurlanishni uqish qiyin emasdi. Abu Sufyon gap nimadaligini fahmladi. Mushriklar qo‘mondoni g‘urur bilan qadam tashlab ulardan uzoqlashdi. Hamzaning (r.a.) jasadi yotgan joyga keldi. Nayza bilan uning dudoqlarini turtib:
— Mana, totib ko‘r, ey saksog‘on qushi! Qilgan ishlaringning jazosini endi totib ko‘rchi, — dedi.
U yerda harakatsiz yotgan boshni nayzasi bilan nafratla eviribchevirar, burunquloqlari kesib olingan bu muborak boshni butkul tanib bo‘lmas holga keltirib, go‘yo umridagi eng baxtli onlarni yashayotgaidek bo‘lar, bu shirin xayollaridan ajralgisi kelmas edi. Shundanmi, yonida Axobish qabilasining raisi Xulays ibn Zabbon paydo bo‘lganini ham, so‘zlariga quloq solib turganini ham bilmay qoldi.
Abu Sufyonning bu ishi Xulaysga yoqmadi. Faqatgina tarbiyasiz ko‘cha odamlarigina bu ishni qila olardi. Uzini tutib turolmadi.
— Ey kinonaliklar, ko‘ringlar qurayshlik janobning ahvolini, qaranglar u nima qilyapti? Hamzaning yuzida et qolmadi. Ilmateshik kilib tashladi! — deb baqira boshladi.

Abu Sufyon bu gaplardan o‘ziga kelganday bo‘ldi va: — Uyat senga, ey Xulays. Bu haqda hech kimga og‘iz ochma. Bir xatolik o‘tdi, — deya oldi, xolos.
Rasulullohni (s.a.v.) o‘ldi deb eshitib umidlari kesilgan ba’zi musulmonlar jang maydonini tashlab, Madinaga yo‘l olishgan edi. Tez orada bu shum xabar Madinaga ham yoyildi. Munofiklarning yuzi kular ekan, musulmonlarning uylari motamxonaga aylandi. Hazrati Fotima (r.a.) boshchiligidagi bir necha xotin Uxudga otlandi. Ummu Ayman yo‘lda jangdan qochib kelayotgan kishilarni ko‘rganda ularga tosh otib, malomat kila boshladi:
—   Bering menga qilichingizni, men jang qilay, siz xotinlarga o‘xshab borib uyingizda ip yigirib o‘tiring... — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:10:20

QIYOMATLI DO’ST SA’D IBN RABE’

Rasulullohning (s.a.v.) yuzlariga botgan halqachalar chiqarilgan pallalarda qizlari Fotima yetib keldi, padari buzurgvorini sog‘salomat ko‘rib yig‘lab yubordi. Jang nihoyalay deb qolgan bir paytda Rasululloh (s.a.v.):
— Menga Sa’d ibn Rabe’ haqida xabar keltiringlar. Uni ko‘rsalaringiz, salomimni yetkazinglar, — deya amr qildilar.
Muhammad ibn Maslama bilan Ubayy ibn Ka’b ikkisi uni kidirib ketishdi. Yarador va shahidlar orasidan uni topish amrimahol edi. Muhammad ibn Maslama bir necha marta uning otini aytib chaqirdi. Axiyri: «O’lik bo‘lsa ham, Rasulullohning amrlarini yetkazganim bo‘lsin!» deb baland ovozda baqirdi:
— Ey Sa’d, Rasululloh meni sendan xabar olishga yubordilar, senga salom aytdilar!
Yenginasidan chuqur olingan bir nafas eshitildi. Juda ham past bir ovoz:
— Mendan ham Rasulullohga salom yetkazinglar... — derdi.
Bu orada Ubay ibn Ka’b ham yetib keldi.
—   Ey Sa’d, Hazrati Payg‘ambar sening ahvolingni so‘radilar, — dedi.
—   Rasulullohga salom aytinglar. Men hozir jannatning isini tuyib turibman. Sizlarga kelsak, shuni yaxshi bilinglarki, toki tirik ekansizlar, Rasulullohga bir ziyon yetsa, Olloh taolo hech qanday uzringizni qabul qilmaydi.
Sa’d shu so‘zlarni aytib, jon taslim etdi.
Muhammad ibn Maslama bilan Ubayy aziz shahidni shu holida qoldirib, orqalariga qaytishdi. Rasululloh uning shaxid bo‘lganini eshitib: «Ollohim, Sa’dni izzat va ikrom bilan kutib ol, undan rozi bo‘l», deb duo qildilar va bu muhtaram zotning Ollohga va rasuliga chin ko‘ngildan, ixlos bilan bog‘langan inson ekanini aytdilar...
Ha, payg‘ambarlardan boshqalar orasida bir inson yetishishi mumkin bo‘lgan eng yuksak martaba budir. Shunday bir insonki, jon bozori qurilgan bu pallada, chekilgan buncha aziyat orasida, payg‘ambarlarning eng buyugi Janobimiz taraflaridan xossatan axtariladi, salom yo‘llanadi, ahvoli so‘raladi... Shahid bo‘lganini eshitgach esa, izzat-ikrom bilan kutib olinishi uchun Ulug‘ Mavloga iltijo qilinadi...
Shunday bir insonki, insonning haqiqiy qiymatini biladigan Olloh taolo va Uning sharafli rasuli uning samimiyatiga guvohlik berayotir. Bu sharafdan ustun sharaf kutish, bunaqa odamni insonlik hududining eng old saflaridan izlamaslik sharafning va fazilatning ma’nosini bilmaslikdir.
Ollohim, ularni boshimizga toj qilish saodatidan bizlarni mahrum etma!.. Sa’dga ham, Sa’dni qo‘lidan tutib Haqqa eltgan Janobimizga ham bitmastuganmas salomlar, sevgilar!..

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:11:04

BIR YILDAN KEYIN BADRDA UCHRASHAMIZ[/b]

Jang nihoyasiga yetgan edi. Madinadan kelgan Hazrati Oyisha, Fotima, Ummu Sulaym, xullas, jami o‘n to‘rt ayol yaradorlarni muolaja qilish bilan band edilar.
Abu Sufyon uchto‘rt hamrohi bilan iloji boricha musulmonlar turgan joyga yaqinroq keldi va baland ovozda: «Muhammad tirikmi, yo‘qmi?» deb so‘radi. Javob bo‘lmagach, Hazrati Abu Bakr bilan Umarni so‘radi. Yana javob ololmagach, Abu Sufyon:
—   Demak, hammasi o‘libdi, — dedi.
—   Bekor aytibsan, hammamiz sog‘miz!
Abu Sufyon bu ovozdan Hazrati Umarni tanidi.
—   Gaping rostmi, ey Umar? — deb so‘radi.
—   Albatta, rost.
— Unday bo‘lsa, shuni bilib qo‘yki, bugun biz Badrning qasosini oldik. Kelgusi yil yana sizlar bilan uchrashamiz. Uchrashuv yerimiz Badr sahrosi bo‘ladi! — So‘ngra Abu Sufyon g‘alaba sarhushligi ichida baqirib she’r o‘qishga tushdi:
«Ey Abu Sufyon!.. Shunday bo‘lar jang...
G’alaba navbat bilandir.
Bir u tomonga, bir bu tomonga mayl etar,
Quduqning idishi kabi bir tushar, bir chiqar...
Mana, senga Badr mag‘lubiyatining alami chiqarilgan kun...
Badrda o‘ldirilgan Hanzalaga javoban
Uhudda ham bir Hanzalaning qoni to‘kildi...»

She’rini tugatgach, yana baqirdi:
—   Yuksal, ey tangrimiz Hubal, yuksal, ey Hubal! Shunda Rasululloh (s.a.v.) bu yoqda turib:
—   Unga javob bermaysizlarmi? — dedilar.
—   Nima deylik, ey Nabiyalloh?
— Olloh eng ulug‘dir, eng buyukdir, denglar, — dedilar.
Hazrati Umar baland ovoz bilan Rasulullohning (s.a.v.) so‘zlarini takrorladi. Abu Sufyon:
—   Bizning Uzzo (degan eng sharafli bir but)imiz bor, sizlarning Uzzolaringiz yo‘q, — dedi. Bu so‘zlarga ham yana Rasulullohning (s.a.v.) amrlari bilan:
—   Olloh bizning Mavloimizdir, sizlarning mavlolaringiz emasdir, — degan javob qaytarildi.
Abu Sufyon o‘qiyotgan she’r bilan Payg‘ambar janobimiz ayttirgan javoblar o‘zaro vazn va qofiyada juda uyg‘un kelayotgan edi. Abu Sufyon bu she’riy munozarani bunday yakunladi:
— Ey Umar, o‘liklaringizni sizlarga yoqmaydigan ba’zi holatlarda ko‘rasizlar. Mening buyrug‘im bilan qilinmadi bu ishlar. Ammo to‘sqinlik ham qilmadim. Unutma, kelgusi yil uchrashuv joyimiz Badr bo‘ladi!
Hazrati Umardan «kelishdik» degan so‘zni eshitgach, orkasiga qaytib ketdi.
Quraysh qo‘shini qisqa vaqt ichida ketishga hozirlik ko‘rib, Makka yo‘lini tutdi. Yo‘lakay Madinaga kirib ziyon yetkazmasinlar, degan xavotir bilan Rasululloh (s.a.v.) Hazrati Alini kuzatuvchi qilib yubordilar. Hazrati Ali qaytib kelganida, Rasululloh (s.a.v.) so‘radilar:
— Ular otlarga minishdimi yoki tuyalargami?
— Tuyalarga minishdi, otlarni esa yonlariga olishdi.
— Demak, Makkaga yo‘l olishibdi.
Abu Sufyon va uning qo‘shini muzaffar qadamlar bilan Makka tomon borar ekan, izidan la’nat va g‘azab ta’qib etib kelayotganidan bexabar edi.
Ular ketgandan keyin Rasululloh (s.a.v.) yarador va o‘liklarni oralab yura boshladilar. Manzara chidab bo‘lmas darajada achinarli edi. Ba’zi shahidlarning burunlari, quloqlari, jinsiy a’zolari kesilgan, jasadlar tanib bo‘lmaydigan ahvolda edi. Parishon holda yotgan amakilariga ko‘zlari tushdi. Qayg‘ularining cheki yo‘q edi. Umrlarida boshqa hech bir hodisaga bunchalik kuymagan, g‘amga botmaganlar. Rasululloh (s.a.v.) jasad boshida turib:
— Bundan ham achchiqroq musibat ko‘rmasam kerak. Bu qadar qayg‘uli hodisaga duch kelmaganman, — dedilar. Keyin ko‘zlarida yosh bilan sahobalarga yuzlanib: — Samoda «Hamza Olloh va rasulining arslonidir» degan yozuv bor. Buni menga Jabroil xabar berdi, — dedilar.
Shu payt yakinlashib kelayotgan ammalari Safiyyaga ko‘zlari tushib, Zubayr ibn Avvomga:
— Onangni orqaga qaytar, — dedilar.
Zubayr qaytarmoqchi bo‘ldi, lekin Hazrati Safiyya qaytishni istamadi.
— Ukamga nima qilishganini bilaman, Olloh yo‘lida bunga ham, bundan yomonrog‘iga ham roziman, — dedi.
Rasululloh (s.a.v.) qo‘llarini amakilarinyng ko‘ksilariga qo‘yib duo qilayotganlarida Safiyya ham yetib keldi. Hamza (r.a.) jasadi boshiga o‘tirib olib, ovozsiz yig‘lay boshladi. Bir ozdan keyin Hazrati Fotima (r.a.) kelib unga qo‘shildi. Rasululloh (s.a.v.) ham o‘zlarini tutolmay, achchiq ko‘zyoshlarini to‘kdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:12:48

JOBIR VA OTASI ABDULLOH

Madinadan shoshib kelganlar orasida hali balog‘at yoshiga yetmagan Jobir ibn Abdulloh ham bor edi. Jobir Madinada otasi bilan xayrlashar ekan, uni boshqa tirik holda ko‘ra olmasligini sezgan edi. Shahid otasining jasadini ko‘rmoqchi bo‘lganida, kattalar ruxsat berishmadi. Jobir ularning karshiliklariga qaramay, o‘zini otasi yotgan tomonga urdi. Borib ustidagi matohni ko‘tardi. Burdaburda qilib tashlangan bir jasadni ko‘rdi.
Yosh to‘la ko‘zlarini atrofdagilarga qadadi: «Bu mening otam ekanini qaerdan bilaman?» degandek bo‘ldi.
Kattalar uning maqsadini nigohlaridan uqib olishgan edi. Ulardan biri jasadning oyoq barmoqlarini ko‘rsatdi: «Biz uni shu barmoqlaridan taniy oldik».
E’tirozga asosi qolmadi. Bir kun avval xayrlashaturib, uni o‘pib, to‘yibto‘yib hidlagan, «Dunyoda Rasulullohdan keyin sendanda azizroq bir borlig‘im yo‘q, ey o‘g‘lim...» deya vasiyat qilgan otasi endi qiymalab tashlangan jasad holida yerda yotardi.
Otasining vujudi qanday parchalangan bo‘lsa, uning ham yuragi shu tahlit parchalangan edi hozir. Ko‘zidan tinmay yosh oqardi, atrofdagilar yig‘lama deb tasalli berishardi. Rasululloh (s.a.v.) unga shu so‘zlarni aytdilar:
— Otang uchun yig‘lasang ham bo‘ladi, yig‘lamasang ham. Shuni yaxshi bilginki, sizlar uni ko‘targunlaringcha ustida malaklar soya solib turadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:14:56

* * *
Vaqtni o‘tkazmay shahidlarni ko‘mish kerak edi. Janoza namozlarini eng buyuk zot imomliklarida eng muborak jamoat o‘qidi. Hech bir shahid yuvilmadi va kafanlanmadi. Faqat, Hanzalani malaklar yuvibpoklab qo‘ygani Rasulullohni hayratga soldi. Madinaga kaytgach, uning bir kechalik zavjasidan ahvolni so‘rashajak, u: «Ertalab g‘usl qilishga ham ulgurmay jangga yo‘l olgan edi», deb javob berajak. Bundan tashkari, Hanzala shahidlar orasida burni va quloqlari kesilmagan birdan-bir shaxid edi. Quraysh xotinlari unga rahm qilgani uchun emas, balki mushrik va kofir otasi Abu Amir Roxib uning yoniga hech kimni yo‘latmagani uchun shunday bo‘lgan edi.
Shahidlar qabrga ikki kishidan qilib qo‘yildi. Hazrati Hamza bilan Mus’ab ibn Umayr birga ko‘mildi.
Mus’abning jasadini olib kelishganida, Rasululloh (s.a.v.) ushbu oyatni o‘qidilar:
«Mo‘minlar orasida o‘zlari Ollohga bergan (U zotning yo‘lida jihod qilib, shahid bo‘lish haqidagi) ahdu paymonlariga sodiq bo‘lgan kishilar bordir. Bas, ulardan (ayrim) kishilar o‘z ahdiga vafo qildi (ya’ni, shahid bo‘ldi), ulardan (ayrim) kishilar esa (shahid bo‘lishga) intizordir. Ular (munofiqlarga o‘xshab Ollohga bergan axdu paymonlarini) o‘zgartirganlari yo‘q» (Ahzob, 23).
Oyatni eshitganlar Rasuli akram janobimiz nima demokchi bo‘lganlarini anglashdi. Janobimiz (s.a.v.) ko‘mish uchun keltirilgan xar ikki kishidan qaysi biri Qur’onni ko‘proq bilishini so‘rab, ko‘p bilgan shahidni yerga qiblaga yakinroq kilib qo‘yar edilar.
Ba’zi musulmonlar o‘zlariga tegishli shahidlarni Madinaga olib ketmoqchi bo‘lishdi. Tuyalarga ortib yo‘lga chiqishdi. Bu orada Amr ibn Jamuhning o‘g‘illari ham otalarini tuyaga ortishdi. Lekin tuya tuyoqlari yerga mixlangandek turib olib, bir qadam ham oldinga jilmadi. O’ngga yoki chapga boshlaganlarida bemalol yurar, boshini Madina tomonga burishgan zahoti esa, taqqa to‘xtab qolar edi. Bunda bir hikmat bo‘lsa kerak, deb Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga borib, voqeani tushuntirishdi.
Rasululloh (s.a.v.) bu holni ilohiy ishoradan deb qabul qildilar va olib ketilgan shahidlarni ham qaytarib, Uhudda ko‘mishga buyurdilar. Amrlari ijro etildi. Shu tarika Amr ibn Jamuhning: «Ollohim, menga shahidlikni nasib et. Bu yerlarga yana qaytib kelishimga yo‘l qo‘yma», deb qilgan duosi tamomila ijobat bo‘lgan edi.
Barcha shahidlar ko‘mib bo‘lingach, Rasululloh (s.a.v.) sahobalarga yuzlanib:
— Turinglar, saf tortinglar, Parvardigorimga munojatimni arz qilayin, — dedilar.
Hamma baravar o‘rnidan turib, Sultoni anbiyoning orqalarida saf tortishdi. Rasululloh (s.a.v.) mung to‘la qalblarini Hak taologa ochib, niyoz etdilar:
— Ollohim, barcha maqtovlar Senga xosdir. Ollohim, Sen keng qilib qo‘yganni toraytiradigan, tor qilib qo‘yganingni kengaytiradigan hech kim yo‘q. Sen hidoyat qilmaganni to‘g‘ri yo‘lga boshlaguvchi, Sen hidoyatga boshlaganni yo‘ldan ozdurguvchi topilmagay. Sen bermaganni bera oladigan, berganingga to‘siq bo‘ladigan kuch mavjud emas. Yaqinlashtirganingni uzoqlashtirguvchi, uzoqlashtirganingni yaqin keltirguvchi yo‘qdir. Ollohim, barakotingdan, rahmatingdan, ikromingdan va xazinangdan bizga mo‘lko‘l nasibalar ber.
Ollohim, tugamaydigan, o‘zgarmaydigan doimiy ne’matingni istayman. Muhtojlik kunlarda yordam berishingni, qo‘rqinchli kunda halovat bag‘ishlashingni istayman. , Bizga berganing va bermaganing narsalarning yomonligidan Senga sig‘inaman, Ollohim. Bizga imonni sevimli qilgaysan, qalbimizni bezatgaysan. Kufrni, fosiqlikni va isyonni yomon qilib ko‘rsatgaysan va bizni to‘g‘ri yo‘lning yo‘lchilari jumlasidan qilgaysan.
Ollohim, bizni Islom dinida bo‘lgan holimizda vafot ettir. Musulmonlarni bizga sevimli qil, solih bandalarning jumlasidan ayla. Pushaymon bo‘lmay, fitnaga berilmay yashashni nasib et.
Ollohim, payg‘ambaringni yolg‘onchi qilib, Sening yo‘lingdan adashtirish uchun chiqqan kofirlarni yo‘q qil. Azobingni va ofatingning yomon oqibatini ularning ustiga tushir!..
Ashobi kirom Sarvari koinotning bu duolariga chin ko‘ngildan «omin» deb turishdi. Duo tugagach, Rasululloh (s.a.v.) hazin bir ovoz bilan bunday dedilar:
— Men buning shohidiman. Shubhasiz, Olloh yo‘lida yaralangan bir kishini qiyomat kunida Olloh taolo yarasidan qonlar oqib turgan holda keltirajak. Yarasidan oqayotgan qonining rangi qon rangidir, ammo hidi mushkning hidiga o‘xshash bo‘ladi.
Mushriklar jang maydonida tashlab ketgan o‘liklarni musulmonlar ham ularning qilmishlariga javoban xor qilish imkoniga ega edilar. Bu ular uchun qasos yo‘li bo‘lishi mumkin edi. Lekin Rasuli akram ilohiy nazoratda edilar va har bir harakatlari kuzatib turilgan edi. Chunonchi, bu xususda qanday yo‘l tutish Jabroil (alayhissalom) keltirgan vahiy vositasida aniq bo‘ldi:
«(Ey mo‘minlar,) agar sizlar (o‘zingizga yetgan biron ziyonzahmat uchun) intiqom olmoqchi bo‘lsangizlar, u holda faqat sizlarga yetkazilgan ziyon barobarida intiqom olingiz. (Ammo) agar (intiqom olmay) sabrtoqat qilsangizlar, albatta, sabr qilguvchi kishilar uchun (bu intiqom olmoqdan) yaxshiroqdir. (Ey Muhammad, bu da’vat yo‘lida sizga yetgan ozoraziyatlarga) sabrtoqat qiling. Yolg‘iz Olloh yordami bilangina sabr qilishga qodir bo‘lursiz. Ularning (ya’ni, mushriklarning dinga kirmaganliklari) ustida mahzun bo‘lmang. Ularning makru hiylalaridan siqilmang ham! Zotan, Olloh taqvodor va chiroyli amallar qilguvchi zotlar bilan birgadir»  (Nahl, 126-128).
Bu oyatlar nozil bo‘lishi bilan Rasululloh (s.a.v.) mushriklarning jasadlarini xor qilishga izn bermadilar. Jazoni ham, mukofotni ham Olloh taolo irodasiga qoldirishni ma’qul ko‘rdilar.
Madina sari yurishga amr berildi. Shu tariqa Uhudda yuzga yaqin shahid qoldirib, bir kun avval kelgan yo‘llaridan qaytib ketishdi. Uhudda qolgan shahidlarning aniq soni to‘qson yettita edi.
Sahobalar Rasulullohning (s.a.v.) amrlariga bo‘ysunishsa, g‘alabaga erishishlari, aksincha, amrni bajarishmasa, mag‘lub bo‘lishlari yana bir marta ayon bo‘ldi. Aynayn so‘qmog‘iga qo‘yilgan soqchilar amrga itoat etib, joylarini tark etishmaganida, bugun musulmonlar shu yo‘ldan g‘olib sifatida o‘tib borishlari shubhasiz edi.
Albatta, ular musulmon qo‘shinini parishon va mag‘lub etish uchun joylarini tashlab ketishgani yo‘q, balki ko‘zlarini sehrlagan o‘lja dardi davosi yo‘q dardlarning boshga tushishiga sabab bo‘lgan edi. Ajabo, ular joylarida turishganida, Rasululloh (s.a.v.) ularga: «Sizlar jangga qatnashmadilaringiz, o‘ljadan ulush olish/a haqlaringiz yo‘q», deydilar, degan xayolga borishdimi yoki qalblarida jang qilganlarga nisbatan oz o‘ljaga ega bo‘lish xavotiri bor edimi?..
Rasululloh (s.a.v.) jangdan avval ularni so‘qmoq yo‘lga qo‘yib, bu yerdan qimirlamaslikni qattiq tayinlagandan so‘ng, «Hech bir inson o‘ziga takdir qilingan rizqqa ega bo‘lmay turib o‘lmaydi, Ollohdan qo‘rqing va rizqingizni pok, halol yo‘llardan qidiring», deb aytgan so‘zlaridagi xikmat shu tariqa kunday ravshan bo‘ldi! Rasuli akram (s.a.v.) bu so‘zlarni ayni paytida aytgan edilar. Ammo ko‘zlarni qoplab olgan molmulk xirsi shuncha shahid berishga, yuzlarcha qalblarning yonishiga, xotinlarning tul, bolalarning yetim qolishiga sabab bo‘ldi!
Rasululloh (s.a.v.) bu mavzuga ortikcha kirishishni lozim ko‘rmay, «Birodarlarimiz bizga nisbatan insofli harakat qilishmadi», deyish bilan kifoyalandilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:17:40

UHUDDAN QAYTISH

Madina aholisi mag‘lubiyat haqidagi xabarni eshitgan, shahid va yaradorlar haqida ba’zi ovozalar yetib kelgan edi. Ko‘zlarda yosh, kalbda xavotir bilan hamma yo‘lga chiqib, yaqinlarini kutar, tezroq diydor ko‘rishish ilinjida ko‘z tikar edi.
Nihoyat, uzoqdan qo‘shin ko‘rindi. Ko‘plar yarador vujud bilan qaytayotgan edi. Ayniqsa, Rasulullohning (s.a.v.) mudofaa jangi haqidagi takliflariga qarshi chiqqan kishilarning jarohatlari yana ham og‘irroq edi. Jahshning qizi Hamna avval ukasi Abdulloh ibn Jahshning shahid bo‘lganini eshitdi. Tavakkul bilan «Albatta, biz Ollohning qullarimiz va albatta yana Unga qaytamiz» mazmunidagi «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un» oyatini o‘qidi. So‘ngra: «Olloh uni rahmatiga olsin va mag‘firat qilsin», dedi.
Hamnaning yaqinlaridan ikkinchi shahid tog‘asi Hamza edi. Buni eshitganida ham haligi oyatni o‘qidi. Ollohning mag‘firatini tiladi. Shahidlar sanalayotgan edi. Saldan keyin eri Mus’ab ibn Umayrning o‘lganini eshitdiyu o‘zini tuta olmay, dod solib yubordi. Rasululloh (s.a.v.) bu xolni ko‘rib: — Xotinning nazdida erning alohida o‘rni bor, — deb qo‘ydilar.
Dinor oilasidan bir xotin ham yaqinlaridan uch kishini intiklik bilan kutardi. Uning otasi, ukasi va eri Uxudga ketishgan edi. Kutgan kishilaridan hech birini ko‘ra olmadi. Ammo ularning shahid bo‘lganini eshitganida, o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Matonat ko‘rsatdi, hurmat va odob ila Rasulullohga yaqin kelib:
— Ey Ollohning payg‘ambari, Siz sog‘ bo‘lgandan keyin boshga tushgan boshqa musibatlar ahamiyatsizdir! — dedi. Bu so‘zlar imon nuri bilan ziynatlangan, Olloh va rasuliga tobe’likning eng yuksak martabasiga yetishgan bir qalbdan chiqayotgan samimiy tuyg‘ular ifodasi edi. Birgina jumladan iborat, lekin bu jumlaning qiymatiga loyiq qadr topilajak joy ham bittaginadir. Bu so‘zlarni Ulug‘ Mavlo qadrlagani ham endi Uning huzuriga borilganida aniq bo‘lajak...
Qo‘shinga peshvoz chiqqanlar orasida o‘n to‘rt yashar bolakay ham bor edi. U ham jangga qatnashishni istagan, lekin Rasululloh (s.a.v.) ruxsat bermaganlari uchun qaytishga majbur bo‘lgan edi. Hozir u qaytganlar ichidan otasini qidirib, u yoqdanbu yoqqa yurar, tezroq quchog‘iga otilishni istar edi. Nihoyat, Rasululloh (s.a.v.) unga ko‘zlari tushib:
—   Abu Said Xudriy emasmisan? — deb so‘radilar.
—   Xuddi shunday, ey Ollohning rasuli.
—   Otang haqqiga Ollohdan mag‘firat so‘ra!
Abu Said Rasulullohning maqsadlarini tushundi. Otasiz qolganini va endi uyga yolg‘iz qaytishini o‘ylab, yuragi o‘rtandi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Uyida intik bo‘lib xushxabar kutib o‘tirganlarga borib: «Otam shahid bo‘libdi», deyishning naqadar og‘ir ekanini his etib, ezildi. Endi oila tashvishlari o‘zining yelkasiga tushajak. Ham yetimlik alami, ham yosh boshiga oila boshlig‘i bo‘lish mas’uliyati unga baravariga tushgan edi.
Madinaga kirayotganlarida, Rasululloh (s.a.v.) Sa’d ibn Muozga qarab:
—Sizlar masjidgacha borib o‘tirmanglar. Uylaringizda dam olinglar, yaradorlaringizga qaranglar, —dedilar.
Hamma uyuyiga tarqaldi. Ammo Sa’d Rasululloh (s.a.v.) bilan masjidga bormasa, ko‘ngli tinchimasligini bilardi, ayrilmadi.
Rasululloh (s.a.v.) yaradorlarni masjidda davolash haqida ko‘rsatma berib, sovutlarini yechish uchun uylariga kirdilar. Qilichlarini hazrati Fotimaga (r.a.) uzatib, tozalashni buyurdilar. Sovutni yechaturib, bunday dedilar:
— Mushriklar endi hech ham bizga ziyon yetkaza olmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:18:14

* * *
Musulmonlarning yengilib qaytishi, xususan, shahid bergan oilalarda bolalar va xotinlarning faryodlari ba’zi kishilarning ichichidan suyunib, yuzida sovuq kulgi ifodalari ko‘rinishiga sabab bo‘ldi. Ular qalbi nifoq va kufrga to‘la kishilar toifasi edi. O’lgan musulmonlar uchun yahudiylarning o‘tirib ko‘zyosh to‘kishi albatta aqlga sig‘masdi.
Munofiqlar esa, aksincha, bu mag‘lubiyatni o‘zlari uchun zafar deb tushunishardi. Mushriklar qozongan g‘alabani o‘zlarinikiday bilishar, burchakburchakka o‘tib olib, bir-birlarini tabriklashar edi.
Ibn Salul, men buyukman, o‘ylaganlarim to‘g‘ri, degan ma’noda:
— Gapga quloq solishganida, u yerda jon bermagan bo‘lishardi. Bormanglar, dedik, ammo gap uqtira olmadik, — derdi.
—   Tushuntira olmagan bo‘lsang, xafa bo‘lma, ey Ibn Salul, qurayshliklar ularga tushuntirib qo‘yishdi. Sen hech qachon bu qadar chiroyli tushuntira olmasding.
—   Aslini olgandaku, ular bu tarzda gap «uqqanlari» dan men g‘oyatda xursandman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:18:49

* * *
Mushriklar kechasi kelib Rasulullohga (s.a.v.) suikasd qilishlari ehtimoli borligi uchun musulmonlar navbat bilan soqchilik qila boshlashdi.
Rasululloh (s.a.v.) shom va xufton namozlariga Sa’d ibn Muoz bilan Sa’d ibn Ubodaga suyanib chiqdilar. Jisman bu darajada charchagan Janobi Payg‘ambarimiz ruhan yanada horg‘inroq ekanliklari tabiiy hol edi.

* * *
Makkaga qaytayotgan mushriklar Aqiq degan joyda qo‘shinga dam berishdi. Istirohat asnosida bir yerga yig‘ilib, ahvolni muhokama qilishdi.
Ular g‘alabaga erishib, Badr jangidagi mag‘lubiyatning qasosini olishgan edi. Ammo zafarning cho‘qqisiga chiqib turib, musulmonlarni tagtomiri bilan quritib yuborishga imkon tug‘ilib turgan bir paytda jangni to‘xtatib, orqaga qaytib ketish hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmasdi. Xal qiluvchi bir damda ular butunlay tormor qilinmasa, nega shuncha yurib kelindi, qurbonlar berildi? Axir, Uhudda ulardan ham anchamuncha odam o‘ldi.
Abu Sufyonni siqishtira boshlashdi:
—   Qo‘limizga tushganlarida, ildizlarini quritmay turib yana qo‘yib yuborganimizning sababini bizga tushuntirib ber! — deyishardi ular.
—   Biz nima uchun bu yerga keldik? Nima, mag‘lub bo‘lib orkaga qaytyapmizmi? Ularni qo‘yday bir-bir pichoqdan o‘tkazish imkoniyati tug‘ilgan bir paytda nega ortga qaytdik?
—   Hali ko‘rasizlar, ular ertaga yana kuch to‘plab ustimizga bostirib kelishadi, boshimizga balo bo‘lishadi.
Abu Sufyon bu ta’nalarga javob berishdan ojiz edi. O’zining katta xatoga yo‘l qo‘yganini endi tushuna boshladi. Intiqom olindi, bu dars ularga yetadi, deb o‘ylabdi. Holbuki, musulmonlarni oxirigacha tormor etishganida, katta xavfdan butunlay qutulgan bo‘lishardi.
Abu Sufyonning peshonasidan quyilayotgan terlar ichidan o‘tayotgan qirindilarning alomatlari edi. Lekin bu borada Safvon ibn Umayyaning fikri boshqacha edi.
— Qaytib borib ikkinchi marta to‘qnashsak, ishimiz g‘alaba bilan tugashiga men ishonmayman, — derdi Safvon. — Ibn Salul bilan qaytganlar va hali hech jang ga kirmagan madinaliklar qasos olishga bir tushib ketishsa...
— Nima bo‘lardi unda?
— Bizni pishgan tovuq go‘shtiday yeb qo‘yishardi.Munozaradan hech qanday natija hosil bo‘lmadi. Kech tushib, dam olish payti keldi. Qolaversa, hamma jang qilib, yo‘l yurib charchagan, shunday holatda kaytadan Madinaga yurish imkonsiz bir ish edi. To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun eng maqbul yo‘l tong ottirish.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Yanvar 2009, 02:19:55

TA’QIB
(Hamro ul-Asad safari)

Rasululloh (s.a.v.) mushriklarning kaytib kelishidan xavotirda edilar. Bomdod namozidan keyin Bilol (r.a.):
—Rasulullohning amrlari: dushman ta’qib etiladi! Ammo kecha jangga qatnashmaganlar bu safarga ham qatnashmaydi! — deya jar solib Madina ko‘chalarini aylanib chiqdi.
Xuddi shu iaytda bir tijoratchi Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga kelib, hozirgina Makkadan qaytganini, yo‘lda Abu Sufyonning qo‘shini istirohat uchun to‘xtab, Madinaga qayta hujum qilish masalasini muhokama qilishayotganini xabar berdi. Uning bu xabari Rasulullohning (s.a.v.) to‘g‘ri taxmin qilganlarini isbotladi. Bundan boshqa yo‘l yo‘q edi.
Kecha jangdan qaytganlardan hech kim: «Mening urushadigan holim yo‘q», demadi. Musulmonlar darhol amrga itoat etib, Rasulullohning (s.a.v.) muborak tug‘lari ostida saf tortishdi.
— Yo Rasululloh, men Uhudda qatnasha olmadim. Chunki otam menga bu yerda qolib singillarimga qarab turishni buyurgan edilar. Izn bersangiz, bu safarga men ham qo‘shilsam.
Jobir ibn Abdullohning bu samimiy so‘zlarini Rasululloh (s.a.v.) qabul qildilar. Uhud jangida qatnashmagani holda bu safarga chikishiga izn berilgan yagona kishi Jobir bo‘ldi.
Dushanba kuni ertalab yo‘lga chikishdi. Rasululloh (s.a.v.) yana sovutlarini kiyib olgan, faqatgina ko‘zlari ko‘rinib turar edi.
Olti yuz o‘ttiz nafarlik qo‘shinning aksariyati yaradorlar edi. Madinada Rasulullohning (s.a.v.) o‘rnilariga yana Abdulloh ibn Ummi Maktum imom bo‘lib qoldi. Qo‘shinning tug‘i Hazrati Alining (r.a.) ko‘liga berildi. Madinadan o‘n olti chaqirim uzoqlikdagi Hamro ulAsad degan joyga yetib kelganlarida, qo‘shinga dam bsrildi.
—Ana u odamni qaranglar!
Hamma sergaklanib, ishora qilingan tomonga qaradi. Yerda yotgan bir kishi bu ovozdan cho‘chib uyg‘ondi va sakrab turib, orqasiga qaramay qocha boshladi. Yarador bo‘lmagan bir necha kishi uning orqasidan quvib ketishdi. Ko‘pdan quyon qochib qutulmas — uni darrov tutib olishdi.
—   Voh, voh, shoir Abu Azzani ko‘rish baxtiga muyassar bo‘libmiz!
—   Jonim senga fido bo‘lsin, ey Osim, meni qo‘yib yubor, yo‘limda ketay.
—   Biz kelmay turib ketsang, bo‘lardi. Ammo endi ketishingga ruxsat yo‘q, ey Abu Azza!
Abu Azza umrida hozirgidek hayajonlanmagan, bu qadar o‘zini yo‘qotmagan, yuragi bunchalik kin va nafratga to‘lib toshmagan edi. Uni uyg‘otmasdan, shu holda tashlab ketgan makkaliklarni, ayniqsa, Safvon ibn Umayya bilan Jubayr ibn Mut’imni bo‘ralab so‘kar, orqalaridan butun boshli qo‘shinga yetarli la’nat yog‘dirar edi.
Keyinroq ichini pushaymonlik hissi chulg‘adi. Bir tiyin ham olmasdan hayoti bag‘ishlangan kunlarni esladi. Undan istalgani fakat tilini tiyishi edi. Aybini kechirgan odamlarga bilaturib xiyonat qilishning jazosini balki bu safar hayoti bilan o‘tashi lozimdir? Bu baloni boshiga o‘zi o‘z qo‘llari bilan keltirganini o‘ylagan sari telbaday bo‘lib qoldi. Yuzini g‘am, pushaymonlik, qo‘rquv, g‘azabu nafratdan paydo bo‘lgan bir mahzunlik qopladi.
«Ey kallavaram, aybingni kechirganlarga qarshi qo‘shin to‘plash senga qolganmidi?! Tuf sening aqlingga ham, tilingga ham!» deb tinmay o‘ziga malomat qila boshladi.
Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga kirib kelganida ko‘zlarida kandaydir umid uchqunlari porlaganday bo‘ldi. Chunki yana avvalgiday yolvorib, kechirimga erishish imkoni bor.
— Yo Muhammad, men Uhudga o‘z istagim bilan chiqmadim, majbur qilishdi. Bu safar ham meni kechirishingni so‘rayman.
Ijobiy munosabat sezilmadi. Endi yig‘loqi bir ovozda yalinishga tushdi:
— Buning ustiga, hali voyaga yetmagan qizlarim bor. Xo‘p desang, hayotimning qolgan kismini ularni parvarishlash bilan o‘tkazsam. Kasam ichib aytamanki, bundan keyin senga karshi bir ogiz ham gapirmayman!
Abu Azza to‘g‘ri so‘zladi. Bundan keyin u Rasuli akramga karshi bir og‘iz ham gapirmaydi, gapira olmaydi! Chunki hayoti nihoyasiga yetgan, ajal kelib yoqasiga yopishib bo‘lgan edi. Rasululloh (s.a.v.) uning so‘zlarini oxirigacha tinglab, bunday hukm o‘qidilar:
— Vallohi, endi yuzlaringni Makkaga surmaysan. Muhammadni yana bir marta aldadim, deb ham aytolmaysan. Mo‘min bir masalada ikki martaba aldanmaydi...
Kechani shu yerda o‘tkazadigan bo‘lishdi. Rasululloh (s.a.v.) o‘tin yig‘ib kelishni buyurdilar. Bir necha joyda o‘t yoqildi. Bundan maqsad, katta bir qo‘shin kelyapti, degan fikr uyg‘otish va mushriklarning ko‘zini qo‘rqitish edi.

Qayd etilgan