Onajonim Sizni Juda Sog'indim Men!
Boringizda eng baxtliga yaqindim Men,
Hatto 'Baxt Yurt' taxtlarida tag'indim Men,
Endi esa yo'l yo'qotib qoqindim Men,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Meni oldga yetaklagan qo'lsiz qoldim,
Endi yolg'iz odimlashdan holsiz toldim,
O'chib Quyosh, chiqmayin Oy, yo'lsiz qoldim,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Onajonim Egam Sizni afuv etsin!
Duom tinglab gunohingiz mahv etsin!
Biror dona gunoh qolmay o'chib ketsin!
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Egam Sizga jannatidan joylar bersin!
Bog' va uning atrofida soylar bersin!
Menga Sizla bo'lish uchun oylar bersin!
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Xizmatingiz keragicha qilolmadim,
Duongizni istagandek ololmadim,
Uzoq yillar Sizla birga bo'lolmadim,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Jasur hamda matonatli edingiz Siz,
Bizga doim "To'g'ri bo'ling!" dedingiz Siz,
Sizsiz ona, qolib ketdim Men dengizsiz,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Hayot ekan, yana olg'a yuraman Men,
Neni buzib yana nelar quraman Men,
Sizsiz ammo, doim kamdek turaman Men,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Ketdingizu, Menga duo qilguvchi kam,
O'g'lingizni Sizdek sira bilguvchi kam,
Sizdan keyin yuzlariga kulguvchi g'am!
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Sog'indim Men Sizda bo'lgan zakovatni,
Sog'indim Men so'zi shakkaru - novvotni,
Tili, dili hamisha poku- obodni,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Duo etgum Sizni jannatda ko'ray deb,
To'g'ri yurgum, toki jannatga kiray deb,
So'ragum Siz birla jannatda turay deb,
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Bilingizlar, Ona qimmat- bebahodir,
Hayotlikda hurmatin etgan dahodir,
Rizosin olganchi? Bu - yutgan bahodir!
Onajonim Sizni juda sog'indim Men!
Ulug'bek. 2005. (Kuz- Qish).