Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178780 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 B


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:28:20

Aytmatov. O’z vaqtida Jamila timsolida mana shunga o‘xshash savollarga javob berishga urinib ko‘rganman. Darhaqiqat, kuyov-qalliq o‘rtasida paydo bo‘lgan ma’naviy jarlikdan ham dahshatli narsa bo‘lmaydi.

Shoxonov. Esimda, yoshlik paytimda bitta qizning kundaligida g‘alati so‘zlarni o‘qigandim: «Agar sevgan yoring asta-sekin senga qiziqmay qo‘ysa, unutma, bunda o‘zing ham aybdorsan!»

Haqiqiy ayol bo‘lish degani — san’at, balki ilmdir. Pasternakning ajoyib misralari esingizdami:

Ayol bo‘lmoqlik jasoratdir.
Aqldan ozdirmoq — qahramonlikmi?


Nazarimda, yana bir xususiyat qo‘shilishi kerak. Qanday? To‘g‘ri, sevishning o‘zi ham juda katta davlat. Lekin, sevilish ham muhim ahamiyatga ega. Ayollar bir-biriga tez-tez mana bu ma’noda shikoyat qiladilar: «Men uni dunyodagi hamma narsadan ortiq yaxshi ko‘raman. Lekin, nima uchun u meni yaxshi ko‘rmaydi?!»

Ayol bo‘lib tug‘ilishning o‘zi taqdirning buyuk inoyatidir. Chunki, ayol erkakdan munisligi bilan, tuyg‘ularining teranligi bilan, kechirimli ekani bilan, qolaversa, ojizligi bilan ajralib turadi. Erkaklar yozilmagan qonun-qoida va majburiyatga bo‘ysunadilar: ular doimo ayollarga yo‘l bo‘shatib berishadi, unga yordam beradilar, himoya qiladilar. Shu bois ayol kishi go‘zal bo‘lishdan tashqari asrlar davomida sinovlardan o‘tgan xalqning ma’naviy boyliklarini o‘zlashtirib olmog‘i, shuningdeq, an’analarni, urf-odatlarni, tarixni, qadimiy donishmandlikni bilmog‘i lozim. Jamiki xatti-harakatlar zamirida — quvonch va tashvish, kiyinish, yaqin va uzoq kishilarga muomala, hatto jahl chiqqanda koyinish zamirida ham ayolga xos milliy madaniyat, munislik bo‘lishi kerak. Muhabbatni asrash uchun, seni sevadigan erkakni doimo xuddi ohanrabodek tortib turish uchun muttasil izlanish zarur. Haqiqiy ma’nodagi ayol darajasiga ko‘tarilish nihoyatda mushkul vazifa. Bu yo‘l bag‘oyat og‘ir, lekin boshqa muqobil yo‘l yo‘q. Ayolning har bir qadami ko‘zga ko‘rinib turadi va albatta aks sado beradi. Ayollardek kiyinib, sirg‘a va uzuk taqib yuradigan xotinlar juda ko‘p, ammo haqiqiy fazilatlarga ega bo‘lgan Ayollar juda kam.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:28:58

Xotinlar orasida tili zahar, doim birovlarning go‘riga g‘isht qalab yuradigan takasaltanglar ham bor. Xudoga shukrki, tom ma’nodagi buyuk ayollar ham oz emas.

Bir safar suhbatlashib o‘tirgan paytimiz Yevgeniy Yevtushenko bunday degan edi:
— Muxtor, mening nazarimda, muhabbat masalasida erkaklarga nisbatan ayollar bizdan ustun turadilar. Xudo saqlasin-u, agar ular rostakamiga sevib qolsalar bormi, e-e, qiyomat boshlandi deyaver! Dunyo teskari ag‘darilib ketsa-da ular sezmaydilar!

Aytmatov. To‘g‘ri. Yevtushenkoning fikrlariga qo‘shilaman: qiyomat boshlansa ham yoki... yangi olam paydo bo‘lsa ham sezmay qoladilar.

Shoxonov. Yuqorida aytilgan gaplarni o‘z she’rim bilan yana bir bora tasdiqlamoqchiman.

Everest, ko‘z ilmas muzaffar cho‘qqi,
Jon berdi nechalar poyingda ilhaq.
Ishonch nurin ulagan qalbdagi cho‘qqa
O’shalar yelkangda yoqoldi chiroq.
Everest aslida ishqqa o‘xshaydi,
Qoyalarda umidvor yotar tilaklar.
Quyoshga bir qadam, shamol qaqshagan,
Cho‘qqini egallar burgutyuraklar...
«Tamom-vassalom.
Ildiz-da qo‘pordi shamol,
Umidlar sob bo‘ldi, qopladi zulmat.
Nahot mazax bo‘lsa a’molim.
Qo‘rquv borar tobora chulg‘ab», —

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:29:19

O’ylaydi Tranzey.
Qonunga ko‘ra,
O’z-o‘zini o‘ldirishi shart edi uning.
Zodagon taqdiri Neron davrida
O’zgarib turdi har kuni.
Mana, xanjar yaraqlab go‘yo
kular ustidan:
«taqdir qo‘shgan payt keldi, chog‘i?..»
Butun atrof — deraza orti,
ostona to‘la odam. Shivir-shivir:
«Rim qonuni hurmati
O’zingni o‘ldir!
Shu ulug‘ Neron hurmati».
Devor zaxdir...
Hayot bilan mamot kurashib toldi.
Qo‘l bormaydi xanjarga tomon.
Hayot shirin, azob go‘yo yo‘qoldi,
Sekin kirdi issiq bag‘riga, o‘-o‘ jon!
Tayyor edi gullamoqqa ushbu dam...
Qo‘rquv boshlar sharmisor raqsin,
Irodayu orni burdalab.
Shunday payt oq-oppoq ko‘ylaqda
Arriya kirar birdan.
Ana qaddu ana qomat!
Ko‘zlari-chi, buncha mayin malaksan!..
So‘z qotdi Tranzeyga: —
Er yaratdi seni xudoyim,
Boylik berdi, baxt berdi.
Ammo, vaqt keldi,
Nimang bo‘lsa, barchasi-la vidoning.
Qo‘rqoqlik shuhrati nahot yarashsa?
Erkak degay noming aziz bo‘lsa gar,
Nechun anduh?
Ko‘zingni och, sevgilim!
Mazaxdan, isnoddan a’lodir o‘lim!
Mendek bir ayolga ishon.
Xanjarni ol.
Qo‘llaring qilt etmasin.
Yo‘q esaydi shunday og‘ir sinovlar,
Sezmas edik irodaning qirrasin.
O’ylaysanki, o‘zi kelar baxt?
Baxt-da, asli, ogohlantirish.
Bo‘lib qolsin bu so‘nggi ahding.
Ketdik, qilganimni takrorla...
Kirish!.. Tranzeydan uzmay nigoh
Mehr to‘la ko‘zlarida metin iztirob,
O’z ko‘ksiga Arriya nogoh
Xanjar urdi kulumsirab.
Ikkovlari qo‘rquv, shubhani yengib,
Nur taratib yulduz, oydayin,
Har yurakda qaytadan unib
Yotar edi olomonning poyida,
Bir lahza qo‘rquvga yon bergan erkak
qimmatin asradi o‘tli muhabbat.
Yashasin, ishq!
Maqtash kerak cho‘qqini beshak,
Ammo, faqat balandligini!

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:30:11

Aytmatov. Stendal bunday degan edi: «O’z muhabbati uchun kurashayotgan ayol jasoratidan ham ulug‘roq nima bor?» Sen ham she’rda juda to‘g‘ri aytibsan: ruhiy ulug‘lik maqtovga muhtoj emas.

Agar muhabbatning asosiy o‘lchovi muqimlik bo‘lsa, qadim zamonlarda har bir xalq, har bir millat uni o‘z tushunchalari doirasida, diniy nuqtai nazardan idrok etgan. Qadimiy taqvimlarda, qoyalardagi rasmlarda, papirusga ishlangan gravyuralarda, qaro yer qa’ridan qazib olingan tosh tobutlarda marhum erining orqasidan narigi dunyoga ketish uchun o‘zlariga o‘zlari o‘t qo‘yib yuborayotgan ayollarning tasvirini uchratish mumkin.

Bunday vahshiyona urf-odat dunyoning turli burchaklarida rasm bo‘lgandi. Masalan, Xitoydagi Xoynon orolining aholisi marhum er jasadini shoyiga yoki hayvon terisiga o‘rab tobutga qo‘yardi-da, oyoq-qo‘llari chirmab bog‘langan tirik xotinni uning yoniga yetqizishib, o‘t yoqib yuborishardi. Agar er-xotin narigi dunyoga birga ketsalar, u dunyoda ham baxtli turmushlarini davom ettiradilar, deb ishonishardi.

Gerodot kabi qadimiy muarrixlarning asarlarida ham shunga o‘xshash g‘aroyib hodisalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga duch kelish mumkin. Agar birorta asilzoda zot vafot etsa, narigi dunyo eshigini ko‘p sonli xotinlaridan eng suyuklisi ochishi kerak edi. Ya’ni, eng suyukli ayol ham er jasadi bilan birga yoqib yuborilardi. Bu hol har xil mojarolarga sabab bo‘lardi. Chunki, yaqin do‘stlar asilzodaning hayotlik paytida qay bir xotini eng suyuklisi ekanini aniqlab qo‘ymoqchi bo‘lardilar. Marhumning do‘stlari dafn marosimida qaysi xotin eng suyukli ekanini e’lon qilishgan chog‘da bechora suyukli ayol o‘zini bag‘oyat baxtli his etardi. Yaqin qarindoshlaridan biri «suyukli xotin»ni o‘ldirib, marhumning yoniga yotqizib qo‘yardi.

Boshqa xotinlar esa dod-voy qilishardi. Negaki, ularning nazarida, marhum erdan keyin qolib yashashdan ham battar baxtsizlik bo‘lishi mumkin emasdi.

Sulaymon orolida agar yo‘lboshchi vafot etsa, dafn marosimiga to‘plangan ta’ziyachilar uning xotinini bo‘g‘ib o‘ldirishardi. Keyin yaqin qarindoshlari, xizmatkorlari jazavaga tushish uchun zaharli giyohning sharbatidan ichishardi-da qabr tepasiga borishib, o‘zlarini dorga osib qo‘yishardi. Ularning tushunchasi bo‘yicha, yo‘lboshchini narigi dunyoga yolg‘iz o‘zini jo‘natib bo‘lmasdi.

Ayrim qabilalarda unashtirib qo‘yilgan qizning qallig‘i to‘satdan o‘lib qolsa, qiz bo‘yniga sirtmoq solib yurardi. Shu yo‘sinda boshi ochiqligini anglatardi. Umr bo‘yi buynidagi o‘sha sirtmoq bilan yashashga majbur edi. Somo-somo qabilasining mashhur yo‘lboshchisi Ro-Mbiti Fiji orolida suvga cho‘kib o‘lgach, marhumning o‘n yetti nafar beva xotinlari ham o‘ldiriladi.

Qadimiy skiflar, yunonlar, litvaliklar o‘rtasida ham ana shunga o‘xshagan «muhabbatga sadoqat» hodisasi juda keng tarqalgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:31:07

Shoxonov. Bu o‘rinda gap faqat muhabbat to‘g‘risida emas, balki bid’atlar, ko‘r-ko‘rona taqlid to‘g‘risida eslatib o‘tmoq lozim. Yaqin-yaqingacha Afrikadagi ayrim qabilalar orasida agar yo‘lboshchi yoki uning xotini vafot etsa, marhumga qo‘shib xizmatkorlarni ham dafn etish odati mavjud edi. Qurbonlikka ajratilgan xizmatkor-qullar bunday o‘limni muqaddas deb bilardilar. O’shanday vahshiyona rasm-rusumlar ado etilayotgan marosimda bir marta tasodifan yevropaliklar ham qatnashib qoladilar. Ular qullarning yonini olmoqchi bo‘ladilar. Biroq, qullarning o‘zlari keskin norozilik bildiradilar: «U dunyoda xo‘jayinimizga kim ovqat qilib beradi?!» deyishadi.

Qadimiy hindlarning nayar qabilasi o‘ziga xos oilaviy turmush kechirganlar. Yoshlar to‘ydan keyin bitta uyda yashamasdilar. Kuyov otasining uyida, kelin ham o‘zining xonadonida yashayverardi. Kelin bir yil davomida faqat uch-to‘rt kungina erining uyida yashash huquqiga ega bo‘lardi, xolos. Oilada bola tug‘ilgandan keyin ham o‘sha odatga rioya qilinardi. Tez-tez umr bo‘yi bir-birining oldida hech qanday moddiy majburiyatga ega bo‘lmasdi. Har kim o‘z holicha bir kunini ko‘rib yuraverardi. Qizig‘i shundaki, ular orasida qo‘ydi-chiqdi kamdan-kam hollardagina ro‘y berardi. Ehtimol, kamyob uchrashuvlar bayramona kayfiyatda kechgani uchun qo‘ydi-chiqdi bo‘lmas?
Dayak qabilasida uylanish va qo‘ydi-chiqdi masalasi boshqalarnikiga o‘xshamasdi. O’sha elatning urf-odatlarini sinchiklab o‘rgangan etnograf Per Pfeffer: «Erkak ham, xotin ham qo‘ydi-chiqdining teng huquqli tashabbuskori bo‘lishi mumkin. Dayaklar bunday hodisaga tabiiy hol sifatida qaraydilar», deb yozadi.

Muhabbat va nikoh masalasi atroflicha o‘rganilgan bo‘lsa-da, ammo millionlab baxtsiz muhabbat tufayli singan taqdirlarning fojiasini ko‘pchilik bilmaydi. Odamlar ko‘zidan yashirincha ro‘y bergan fojialar ham serob.

Aytmatov. Dunyoqarash va dunyo to‘g‘risidagi tasavvurdan kelib chiqqan holda har kim muhabbatga o‘z yo‘lidan boradi. Lekin, inson tabiati shunday qurilganki, u tez-tez xato qilib turadi: o‘tkinchi hoyu havasni ko‘pincha haqiqiy Muhabbat deb o‘ylaydi. Asil muhabbat og‘riq bilan keladi.

Ma’nan barkamol va iqtidorli insonlar kamdan-kam hollardagina bir-birlarini topadilar va turmush quradilar. Men xalqaro «Muhabbat qomusi» yaratilishini taklif etmoqchiman. Unda muhabbat tufayli dunyoga kelgan buyuk fazilatlar, jasoratlar, hodisalar o‘z aksini topishi kerak.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:33:48

Shoxonov. Odamlar ahmoq bo‘lgani uchun baxtsiz emaslar.

Ko‘p yillar muqaddam Moskvada bo‘lib o‘tgan ijodiy kechamda zalda o‘tirgan tomoshabinlardan birovi savol berib qoladi. Esimda, o‘sha savolga bunday deb javob qaytargan edim: «Agar o‘n million nafar aholi istiqomat qilayotgan ulkan Moskva shahrida tom ma’noda baxtli bo‘lgan, ma’naviy jihatdan bir-birini boyitadigan, ruhan yaqin, dunyoqarashi yaqin ming juft oila bo‘lsa, shuning o‘zi ham juda katta voqea bo‘ladi». Keyin bafurja o‘ylab ko‘rib, o‘sha she’riyat oqshomida qiziqqonlik qilib, taxminiy baxtli oilalar miqdorini ancha oshirib aytib yuborgan ekanman, degan xulosaga keldim. Menimcha, haqiqiy muhabbat bu dunyodagi eng bebaho, kamyob hodisadir.

Men butun insoniyatni ikki toifaga bo‘lgan bo‘lardim: sevishga qodir bo‘lgan insonlar va muhabbat tuyg‘usidan benasib bo‘lgan insonlar.

Hindistondagi buyuk saltanatning sohibi bo‘lmish Shohjahonning suyukli xotini Mumtoz xonim vafot etgach, chinakam muhabbat egasi bo‘lgan podsho bu yorug‘ olamda yolg‘izlanib qolgandek his etadi o‘zini. Uning g‘ussador yuragiga qil ham sig‘may qoladi. Bitmas-tuganmas xazina ham, ohu ko‘zli malaklar ham shoh judo bo‘lgan suyukli yor o‘rnini bosmaydilar. Shundan so‘ng donishmad shoh o‘ylaydiki, marhum rafiqasi sharafiga bu dunyoda betimsol bo‘lgan ajoyib yodgorlik barpo etsagina g‘amboda ko‘ngul andak xotirjam bo‘lishi mumkin. Ular 19 yil bir yostiqqa bosh qo‘yib yashagan, to‘qqiz farzand ko‘rgan edilar. Shohjahon suyukli yorining xotirasi uchun benazir Tojmahal (XVII asr) osori atiqasini barpo etadi. Olamdagi yetti mo‘‘jizaning bittasi sifatida tan olingan qorday oppoq o‘sha saroy hozir ham buyuk Muhabbat timsoli bo‘lib turibdi. Hamon o‘z go‘zalligi bilan butun insoniyatni hayratga solayotir. Muhabbatning ma’lum bir qonun-qoidasi yo‘q. Lekin, yer yuzida muhabbatga o‘rnatilgan turli xil yodgorliklar juda ko‘p.

Aytmatov. 70-yillarning oxirlarida Mariyam ikkovimiz Moskvaga borib, mehmonxonadan joy oldik. Bizning kelganimizni eshitib, bir oqshom sen huzurimizga tashrif buyurding va buyuk qozoq bastakori Yestoyning muhabbatiga bag‘ishlangan she’ringni o‘qib berding. Menimcha, o‘sha asar bizning suhbatimizga xuddi uzukka qo‘yilgan ko‘zday yarashib to‘shardi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:34:34

Shoxonov. O’sha asar «Shirin azob to‘g‘risida ballada» deb ataladi. Uni jon deb o‘qib beraman.

Xalq mehrini qozongan «Xo‘rlan» nomli qo‘shiq yaratgan shoir Yestoy yetmish ikki yoshga to‘lib, ajali yetganini sezib, sadoqatli do‘sti Nurlibekni huzuriga chorlaydi. Nurlibek otdan yiqilib oyog‘ini sindirib olgan edi. Lekin, do‘sti chorlayotganini eshitib, aravani qo‘shdiradi-da ikki kechayu ikki kunduz yo‘l yurib, do‘sti Yestoyning huzuriga yetib keladi.

Shoirning barmog‘ida vaqt o‘tishi bilan xiyla yupqalashib qolgan tillo uzuk bor edi. U qaltiroq qo‘lini  yuqori ko‘tarib: «Chollarga aytgin, Xo‘rlan sovg‘a qilgan manavi uzukni barmog‘imdan yechib olishmasin. Ellik bir yildan beri shu uzukdan ajralganim yo‘q. O’limimdan keyin ham men bilan birga bo‘lsin», deydi. So‘ng, yum-yum yig‘lay boshlaydi: «Oh, sevgilim, mana shu kichkina uzukka netib buyuk tuyg‘ularingni joylab qo‘ygansan-ey!»

G’am-anduh-la huzurimga keldi ayol,
So‘zlamadi, nazarimda, bo‘zladi:
«Nima qilay, qizginamda bir xayol,
Shamdek so‘nar, ozib-to‘zg‘igan?
Umrim bo‘yi undan ko‘zim uzmadim,
Bo‘y yetganini ko‘ray ko‘zlarim tirik,
Nima desa qildim, so‘zin buzmadim,
Oiladir avlodlarga ko‘prik.
Binoyidek ta’lim oldi, bo‘yi o‘sdi,
Odob-axloq bobida-ku tengsizdir,
Nima deyin, har sohada zap o‘zdi,
Ammo, faqat oiladan baxtsizdir.
Shu kungacha alam nima, g‘am nima
bilmas edik, faqat o‘sha jarohat
yuragimni pora-pora tildi-ya,
ko‘tarildi yuragimdan farog‘at.
Qayg‘u uchun uch yil muddat — cheksizlik,
Shodlik boshqa, o‘lchanmaydi yil bilan.
Faqat artist shodmon yurar, g‘amsizdir,
Xayolida musiqayu do‘mbira.
Xotiniyu yana olti bolasi
Menga qolgan barcha tashvish, yupatish.
Yildan yilga oqar ko‘zim jolasi,
Qizim bo‘lsa to‘la-to‘kis baxtiyormish.
Kulib turib u qaytargan yigitni
Siz so‘ramaig, men aytmayin kimligin...
U kalta soch, esipastdek o‘zin tutadi,
Jizg‘anagi chiqib ketgan o‘tloqdan

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:35:03

Balki, ko‘m-ko‘k shira o‘tlar kutadi...
Hali-da kech emas, bordir imkoni,
Oldinda turibdi butun bir hayot.
Qalbda-chi, xafalik — tordir osmonim,
Anduh to‘la yuragimning bayoti.
Unga nima, yo‘q ekanmish yoqqani,
Lek kechalar ho‘l chiqadi yostig‘i.
Qarabsizki, tong ohista otarkan
qaytaradi to‘tiqushdek baxtini.
Uning qalbi boychechakday nav nihol,
Qanday asray gulga kirgan bu bog‘ni?
Maslahat ber, shoirim, sen so‘zi bol,
Bir so‘z aytgin, ochsin qizim qarog‘in...»
G’amnok ona qaytdi iziga,
O’z g‘amida o‘z holicha haq.
Jaranglaydi quloqda so‘zi,
O’ylatadi, ochadi ko‘zni:
Tugamoqda, mana, asr ham,
O’tib ketdi ne-ne insonlar.
Biz sezmadik, o‘tdi sezdirmay,
Eslanmayin qalbi osmonlar.
Mahbubasin kuyladi shoir,
Ular nomin xalqi unutmas.
Qalbim yoqdi Yestoyning she’ri —
Xalqin eslar, unutib bo‘lmas.
Bu haqda bor shunday rivoyat
O’lim oldi Yestoy bir kuni,
Chaqirtirib olisdagi do‘stini
va so‘zlabdi ajib hikoyat:
«Hoy, Nurlibek, shuncha yillar birdayin
uzangida yorug‘ kunlar o‘tkazdik.
Hayotimni jang qilmasdan bermayman,
Ammo o‘lim kuchli, sezib turibman...
Tushunasan shoirning sen yuragin,
Shu bois chorladim seni so‘nggi dam.
Hayot-mamot chizig‘i o‘tgan —
Ushbu joyda haqikatni angladim:
Hayot baravj ishqqa to‘la kunlardir,
Muhabbatsiz inson qalbi bir bo‘shliq.
Buni bilar hatto «ahmoq» shoirlar,
Tarjima qilarlar yoniga qo‘shib.
Daryo tili, tog‘lar nutqi — Menga ma’lum.
Tillashdim. Yarim asr kunday o‘tdi,
Xo‘rlan bilan sirlashdim.
Demakki, yashadim. shunchaki emas.
Uning orzusida uyg‘onib-yotdim.
Shuncha yil har soat baxtdan edim mast.
Har soat shuncha yil anduhga botdim.
Muhabbat dardida sezmam ochunni,

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:35:35

Biroq, go‘zal, nurli edi qalbimda og‘riq.
Ko‘zyoshimga hasad hilar oshiqlar,
Ular endi gulga kirgan olchami?
Mayli, taqdir menga bo‘ldi qattiqqo‘l,
Kasal emas, hijronlar kechar mushkul,
Ayricha ketgandi hayotimda yo‘l,
Tirik qoldim ishq tufayli hartutul.
Yarim asr yarqirar Xo‘rlan uzugi.
Yengdim qancha to‘fonlarni yo‘limda.
Yarim asr yorim ko‘zin uzmadi,
O’zi porlab, nur taratdi qo‘limdan.
Ajdodlar odati meni kechirsin,
Zorimni eshitib, etsin istisno.
Xo‘rlanning uzugin qo‘limdan yechmasin,
Olis yo‘lda menga bo‘lsin oshno.
Men keturman boyagiday baxtiyor,
Jon holatda ishqim bilan omonman.
Umid ko‘zim shuni etdi ixtiyor —
Barcha yo‘llar eltar Xo‘rlanga tomon.
Hayotda erishgan orzu orzumas,
Mening orzuim — mangulikka daxldor.
Xo‘rlan men-la doim birga, narimas...
degancha olamdan Yestoy o‘tadi».
Qachonki, Xo‘rlanga yetgach bu xabar,
dedi shodmon: «Yestoy, Yestoy, tanidim,
Shoirga munosib quvonch va qadar —
To so‘nggi damgacha sezdim, kuylading».
Va «uv-v» tortdi aytib mehrini kampir.
Yelkada oq ro‘mol oyday nurlanar,
U aytgan aytimda muxtasar taqdir,
Muhabbat shunchayin zanjirlar solar.
Yillar o‘tdi...o‘limga-da berib yo‘l,
Fikran yengib do‘zax azobin,
Suyukli u ko‘zlar, kuylangan bir yo‘l
bo‘lsa-da, Yestoyning so‘rar qo‘shig‘in...
Yo xudoyim, bir noziklik yuzda aks etdi,
Va xasta dil dedi hansirab:
«Muhabbatim juda cheksiz,
misoli dengiz... Sen tomon shoshaman...»
Jon uchar, yorab!
Sevgan dilni so‘kma, ne qilding yanib,
Sevgiga sadoqat — jasorat axir.
Musibatdir sevgi o‘tsa aylanib,
Joy bermasa unga yurakdan taqdir.
Ona, hasad yiqar odamni,
Go‘zallikni ko‘rolmas ko‘zdan
etib turgan og‘riqlar kammi?
Ular bir kun topar o‘zini,
Biroq, sevgi shundayin in’om —
Uning dardin Haqdan qidirsin.
Ularni qo‘y, to‘la bo‘lsin jom,
Ko‘zyoshingmas, sharob simirsin.
Baxtim deya chopgan kunlarning
qanotlari bo‘lar qayrilgan.
Baxtin tila, alqa ularni.
Kim aytadi o‘lim ayirgan,
Muhabbat, aslida, abadiy Vatan!

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:36:53

Aytmatov. Senga ikki-uchta voqeani aytib bermoqchiman. Bular to‘g‘risida yoshlik paytimda o‘qigan bo‘lsam ham hozirgacha esimdan chiqmaydi. Buyuk mutafakkir Ieremi Bentamning muhabbatga sadoqati alohida bitta doston bo‘ladi. O’smirlik paytida u bir qizni yaxshi ko‘rib qoladi. Unga turmush qurishni taklif etadi. Biroq, qiz rad qiladi. Oradan yillar o‘tadi. Bentam o‘zi tanlagan qizni hamon yaxshi ko‘rib, so‘qqabosh bo‘lib yuraveradi. Oltmish yoshga yetgach, sevgilisiga maktub yo‘llaydi, hamon yaxshi ko‘rishini bayon qiladi. Biroq, bu safar ham rad javobini oladi.

Aytishlaricha, o‘sha qiz to‘g‘risida gap ochilib qolsa — bas, Bentam darrov ko‘zlariga yosh olib, birdan hayajonlanib ketar ekan.

U sakson yoshga to‘lgach, sevgilisiga eng oxirgi xayrlashuv maktubini yo‘llaydi: «Jonginam, men hali hayotman. O’n olti yashar paytim senga gullar taqdim etgan damlarda qanchalik yaxshi ko‘rgan bo‘lsam, hozir ham o‘shanday sevaman. Men seni sevaman. Shunday muhabbat hadya qilgan taqdirimdan roziman. Alvido!»

Mashhur ingliz sarkardasi, gertsog Vellington mo‘‘jizaviy ham g‘amboda muhabbatni boshidan kechiradi. Ko‘pchilik asilzoda xushtorlarning oromini o‘g‘irlab qo‘ygan go‘zal Katerina gertsogga moyillik bildiradi. Ular saodatli kunlarni birgalikda o‘tkazadilar; bir-birlarini umrbod sevishga qasam ichadilar. Biroq, Katerinaning otasi lord Gongford qizini o‘sha yigitga erga tegishini aslo istamaydi. U ikki oyog‘ini bitta etikka tiqib turib oladi. Vellingtonni Hindistonga harbiy xizmatga jo‘natib yuboradilar. Hurliqo Katerina esa suyukli yorini kutib yashayveradi. To‘qqiz yildan so‘ng vataniga qaytgan Vellington sevgilisi Katerinani tanimay qoladi. Vaholanki, kechasiyu kunduzi faqat shu qizni o‘ylardi. Yig‘layverib yuzlari shishib ketgan Katerina betiga yopig‘lik turgan pardani ochishga zo‘rg‘a rozi bo‘ladi. Chechak uning gulchehrasini badbashara qilib yuborgandi. Lekin, bu hol Vellington uchun to‘siq bo‘lolmaydi. U dabdabali to‘y qilib, sevgan yoriga uylanadi va baxtli hayot kechiradi.

Qayd etilgan