«Sizlarni imtihon qilamiz» jumlasining ma’nosi «sizlarga imtihon qiluvchidek muomalada bo‘lamiz», deganidir. Chunki Alloh taolo barcha ishlarning oqibatini biladi, oqibat — natijani bilish uchun imtihon qilib ko‘rishga muhtoj emas. Endi kimki sabr qilsa, sabriga yarasha savob oladi, sabr qilmasa, savobga ega bo‘lmaydi.
«... xavfu xatar va ochlik bilan», degani dushman xavfi hamda ocharchilik va qurg‘oqchilik bilan, deganidir.
Molga ziyon yetishi, talofatga uchrashi, chorvalarning halok bo‘lishi molni kamaytirish bo‘lsa, o‘lish, qatl etilish, kasalga chalinish va keksayish jonni kamaytirishdir. Meva-chevalarni kamaytirish esa meva-chevayu, ekin-tikinlarga ofat yetishi, hosilning kamayib ketishi bilan bo‘ladi.
Oyat musibatlarga sabr qilgan kishi Alloh taoloning savobiga musharraf bo‘lishi haqidagi xushxabar bilan xotimalangan. Ushbu baxtiyor zotlar mazkur musibatlardan birontasiga duchor bo‘lgan vaqtlarida: «Albatta, biz Allohning bandalarimiz va, albatta, biz U zotga qaytguvchilarmiz», deyishadi. Ya’ni, biz Allohning qullarimiz, bizning ustimizda xohlagandek tasarruf qiladi va biz oxir oqibat U zot huzuriga, hukmiga qaytamiz.
Said ibn Musayyabdan rivoyat qilindiki, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytdilar: «Naqadar yaxshi ikki bashorat va qanday ham yaxshi ilova. «Ana o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir» — bu ikki bashorat, «Ana o‘shalar haq yo‘lni topguvchilardir» — bu ilova».