Xudo saqlasin, go‘r qorong‘usidek hech yerdan teshigi ko‘rinmagach, «Lo havla»ni o‘qib, birikki minut turib edim, siniq dovush bilan sekingina «Salom alaykum» degan kishi qorasi ko‘rinib, ko‘rishmak uchun qo‘lini uzatdi. Men ham kishi borlig‘ini bilgach, o‘zimni to‘xtatib olib, undan holahvol so‘radim. «Bu yerda yotganimga 20 kun bo‘ddi, hammadan yolg‘izlik yomon ekan, xafa bo‘lmaysiz, xudoyim menga rahm qilib, sizni yetkazdi. O’zim xo‘tanlik, otim To‘roxun, mollarim qo‘lga gushib, savdogarchiliqda ayblanib qamaldim», dedi. Men ham: «Birodar, peshonaga yozilgan yaxshi yomon ishlarni ko‘rmasga choramiz yo‘kdir. Sabr qilaylik, ko‘p xafa bo‘lmay o‘ltiraylik. Siz, biz Qur’onga ishongan musulmonlarmiz. Qur’on so‘zi Alloh so‘zidur. Allohning aytishicha: «Har bir og‘irlik orqasidan, albatta, yengillik kelgusidur». Shu o‘xshash har ikkovimizga quvvat berguday diniy so‘zlarni aytib, zindon yo‘ldoshimni ham bir ozgina yupantirgan bo‘ldim.
Mening egnimda bo‘lsa, bir qavat yozgi kiyimimdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Erta kechada yeydigan ovqatimizga bir kosa qaynoq suv, bir dona mo‘ma1 non berar edi. Yotgan uyimizning uzunligi to‘rt gazcha kelsa ham, eni torligidan ko‘ndalang yotolmas edik. Ostimizda esa tuproqqa qorishib ketgan bir parcha bo‘yradan boshqa hech narsa yo‘q edi. Kelgan
Bug‘da oshirib pishirilgan hamirli non.
kunim kechasi meni qurollik bir askar so‘roqqa olib chiqdi. Uzundan uzun qorong‘u tor yo‘lakda o‘qlangan miltiqni orqamga taqab yurganicha lampa yoqilgan kattaroq bir uyga olib kirdi. Qarasam, ustal (stol) yonida birorta ham xitoy urug‘idan yo‘q, uyg‘urcha do‘ppini chekkasiga qo‘ygan bir tatar bolasi o‘ltiribdur. «Hay, shu shumoyoqlar bu yerlarga ham yetib kelgan o‘xshaydi»,deb o‘ylanib turib, ko‘rsatgan joyiga o‘ltirdim. Nimagadir yuzimga qaragach, tezdan gapirolmasdan, 5 6 minut o‘tgandan so‘ng tikilib turib: «Falonchi degan kishi senmisan, qaydin chiqding, qayoqqa bormoqchi eding?», dedi. «G’uljadan chiqdim, men tabibman, Xo‘tanga borib, Hindiston dorilaridan olib qaytmoqchi edim» deganimda, «Yolg‘on», dedi. Bunga qaraganda, mening ma’lumotimni G’uljadan olib, to‘lig‘i bilan bilgan o‘xshaydi deb, o‘ylanib qoldim.
Bu chaqiriqda so‘ragan so‘zi shu bo‘lib, boshqa hech narsa demadi. Oradan 10 minutcha ham vaqt o‘tmasdan turib, meni qaytarib yubordi. Eshiqdan qorong‘u uyga qadam qo‘yishim bilan, yo‘ldoshim To‘roxun o‘rnidan tura kelib: «Vay, xo‘jam, sizni olib chiqib ketgandan beri xavotirlanib o‘ltirdim», deb mening haqimda qilgan tashvishini gapirdi. Boshqalarni so‘roqqa olib borib qaytarganda tayoqning zarbi bilan o‘zi yurolmasdan askarlar uni yo‘lovsuyovlar bilan keltirib tashlar ekanlar. Bunday ishlardan Alloh meni o‘zi saqlamish edi.