Keyin osh keldi, hov birdagidek — xolam bilan pochcha biznikiga borishgandagidek zo‘r palov bo‘lgan ekan, barmoqlar orasidan yog‘ini oqizib, maqtab-maqtab yeya boshladik. Yangi kennoyim judayam tortinchoq ekan. O‘nta qistaganlarida bitta qo‘l cho‘zar, shunda ham to‘rtta guruch olib-olmasdi. Lekin ko‘zi oyimgilarning piyolasida, bo‘shadi deguncha choy quyib turibdi. Uzatgandayam har gal o‘rnidan turib, tavoze-la, chimildiqdan endi chiqqan kelinlardek piyolani uch barmog‘i ustiga qo‘ndirib, uzatib turibdi. Bunga sari pochcha:
— Hoy, oyim, hoy kelinposhsha, to‘ldirib-to‘ldirib, quyavering, endi o‘zimiznikisiz, — deb qo‘yadilar.
— Bunaqa qilsangiz, bugundan choy quydirmaymiz. Ana, Minavarning o‘zi quyaveradi. Oshgayam qarang, — deb qistaydilar xolam.
Tangritog‘lik kennoyim:
— Xo‘p, opog‘oyo‘, oluppan-oluppan, — deydi-yu, yana bo‘shagan piyolalarga alahsib, bularni chalg‘itadi.
Men esam, tergash navbati o‘zimga kepqolmasidan hayiqib, ora-chira laganga qo‘l uzatib turibman. Ammo-lekin mana bunday tancha atrofida jam bo‘lib o‘tirishimiz, ayniqsa, oy desa oy, kun desa kundek go‘zal kennoyimning choy quyib berib, bedarak ketgan akamdan bir yorug‘ mujda bo‘lib qarshimizda o‘tirishi menga shunaqa yoqyapti ediki... Men undan juda ko‘p narsalarni so‘ragim, bilgim, akamning daragini eshitgim kelar-u, jur’at ham, mavrid ham topa olmasdim. Qachon bir mavridi keladi ekan, buni ham bilolmasdim.
Nihoyat, oshga fotiha o‘qilib, lagan olindi. Kim qozon yuvgani, kim idish-tovoqlarni bir yoqli qilgani chiqdi. Muhabbat kennoyim o‘z uylaridan xabar olgani, Sanobar opa pochchaga joy solgani turdilar. Tancha atrofida xolamu oyimu pochcha qoldilar. Oshdan keyingi choy xush yoqib, samovarning ora-chira «tirilib qolib» jig‘illashiga quloq berib-bermay u yoq-bu yoqlardan gaplashib o‘tirisharkan, kutilmaganda pochcha jonlanib:
— Hoy, Salomxon, aytmoqchi, qutlug‘ bo‘lsin! Bu jiyan katta yigit bo‘lib, dovon oshganmish, inistularga kirganmish! Kechagida Gulchehra aytsa, «Salom opoqini o‘g‘illari biza bilan o‘qivotti», desa bir quvonibman-bir quvonibman. Zo‘r ish bo‘pti-ku, — deb qoldilar.