1091. Uttizinchi hadis. Shayximiz Hofiz Abulbaqo Xolid ibn Yusuf Nobilisiy Dimashqiydan, u Abu Tolib Abdulloh, Abu Mansur Yunus, Abulqosim Husayn ibn Hibatulloh al-Misriy, Abu Ya’lo Hamza va Abu Tohir Ismoildan, ular Hofiz Abulqosim Ali ibn Husayn, ya’ni Ibn Asokirdan, u Dimashq xatibi Abul Qosim Ali ibn Ibrohim ibn Abbos al-Husayniydan, u Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Yahyo ibn Salvondan, u Abulqosim Fazl ibn Ja’fardan, u Abu Bakr Abdurahmon ibn Qosim ibn Faraj al-Hoshimiydan, u Abu Mishardan, u Said ibn Abdulazizdan, u Rabiy’a ibn Yaziddan, u Abu Idris Xuvloniydan, u Abu Zarrdan (r.a.), Abu Zarr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan, u zot Jabroil alayhissalomdan, Jabroil (a.s.) esa Alloh taolodan quyidagilarning xabar berdilar: «Alloh taolo: «Ey bandalarim, Uzimga zulmni harom qildim va sizlarning oralaringizda ham uni harom qildim, bas, zulm qilmanglar! Ey bandalarim, sizlar kechayu kunduz xato qilasizlar. Men esa ahamiyat bermasdan gunohlaringizni kechiraman. Bas, Menga istig‘for aytinglar, gunohlaringizni kechaman. Ey bandalarim, barchangiz ochsiz, faqatgina Men taomlantirganlargina unday emas. Bas, Mendan taom talab qilinglar, sizlarni taomlantiraman. Ey bandalarim, barchangiz yalong‘ochsiz, faqatgina Men kiyintirganlargina bunday emas. Kiyinishni Mendan talab qilinglar, Men sizlarni kiyintiraman. Ey bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar fojir qalbli kishi bo‘lishsa, mulkimdan biror narsa kamayib qolmaydi. Ey bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar taqvoli qalb kishilari bo‘lishsa, mulkimda biror narsa ziyoda bo‘lib qolmaydi. Bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar bir tepalikda turib Mendan so‘rashsa, Men har bir kishi so‘ragan narsasini bersam, mulkimdan biror narsa kamaymaydi. Faqatgina dengizga ninani bir marta tiqib olgandagi kamayganchalik ozayadi, xolos. Ey bandalarim, u sizlarning amalingizdir. Men uni sizlarga saqlab beraman. Kimki yaxshisini topsa, Alloh azza va jallaga hamd aytsin. Kimki bundan boshqasini topsa, faqatgina o‘zini malomat qilsin», dedi».
Abu Misharning aytishlaricha, Said ibn Abdulaziz: «Abu Idris agar mana shu hadisni gapirsalar, tiz cho‘kib o‘ltirardilar», deganlar.
Bu sahih hadis bo‘lib, uni biz «Sahihi Muslim» va boshqalarda rivoyat qildik. Buning isnodi mendan boshlanib, Abu Zarrgacha - barchalari dimashqlikdir. Abu Zarr ham Dimashkqa kirganlar.
Bu hadisda bir qancha foydalar jamlangandir. Ulardan isnodi va matnining sahih bo‘lishi va oliy bo‘lishi, silsilasi dimashkdiklarga borib taqalishi hamda buning barakali bo‘lishligidir. Va yana bundan tashqari din usullari, furu’lari va odoblarini hamda qalb latofatliligini o‘z ichiga oluvchi ulkan qoida hamdir.
Imom Abu Abdulloh Ahmad ibn Hanbal (r.a.): «Shom ahliga mana shu hadisdan ko‘ra sharafliroq hadis yo‘qdir», deganlar.