Amliyq ibn Lovaz ibn Som avlodlariga «Amoliyqa» deb nom berilgan va ular juda ko‘p bo‘lib, turli yerlarga tarqalib ketgan edilar. Mashriqliklar, hijozliklar, shomliklar, misrliklar, kan’onliklar va Misr fir’avnlari amoliyqalardan edi.
Bahraynliklar, ummonliklar Josim deb nomlanardi. Ular shaharlarda yashar edilar.
Lovazning Fors nomli o‘g‘lidan forslar tarqaldi lar. Uning Tasm, Amliyq, Umaym va Josim nomli o‘g‘illaridan esa arablar tarqalib, ular tabiiy arab tilida gaplashardilar. Ularni «haqiqiy arablar» deyiladi. Ismoil payg‘ambarga nisbat beriladigan arablarni esa «arablashgan arablar» deyiladi. Chunki avval boshqa tilda so‘zlashadigan Jurhum qabilasi arablarga aralashgandan keyingina arab tiliga o‘tishgan.
Somning o‘g‘li Eram ibn Som Avs nomli o‘g‘il ko‘rdi. Avs ibn Eram esa uch o‘g‘il ko‘rdi: G’osir, Od va Ubayl. G’osir esa Samud, Judays nomli ikki o‘g‘il ko‘rdi.
Od, Samud, Amoliyqa, Umaym, Josim, Judays, Tasm avlodlarining barchasi arablar edi.
Od qabilasi Arab dengizi va Adan qo‘ltig‘i sohillari bo‘ylab cho‘zilib ketgan Xazramavtdan Yamangacha bo‘lgan yerlarning hammasini egallagan edi.