99-bob. Kasal aytadigan, uning huzurida aytiladigan va o’qiladigan zikrlar haqida
346/1. Oisha (r.a.) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to’shaklariga yotishda ikki kaftlarini jamlab, so’ng unga suflar va: «Qul huvallohu ahad», «Qul a’uzu birobbil falaq», «Qul a’uzu birobbin nas» suralarini o’qir, ikki kaftlari bilan qodir bo’lganlaricha tanalariga surtar edilar. Surtishni boshlari, yuzlari va tanalarining old tomonidan boshlardilar. Uch marta shunday qilardilar. Shikoyat qilsam, menga ham ana shunday qilishni buyurar edilar». Buxoriy va Muslim rivoyatlari
Boshqa bir sahih rivoyatda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’lim to’shagida yotganlaridagi kasalliklarida ham ikkita «Qul a’uzu»ni o’qib, o’zlariga dam solardilar», deyiladi.
Oisha (r.a.): «Rasulullohning ahvollari og’irlashganida, ana shularni qo’llariga o’qib suflab, barakali bo’lgani o’z qo’llarini o’zlariga surtar edim», deydilar.