12/12. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattobdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi so‘zlarni eshitdim: «Sizlardan avval o‘tgan odamlarning uch nafari yo‘lga otlanishdi. Yura-yura, bir g‘ordan panoh topdilar. Ular ichkariga kirishgan edi, tog‘dan bir xarsang tosh ko‘chib tushib, g‘or og‘zini to‘sib qo‘ydi. Shunda ular: «Bu xarsang toshdan faqatgina solih amallarimizni vasila qilib, Alloh taologa duo qilishimizgina najot beradi», deyishdi.
Ulardan biri: «Allohim, mening juda qari ota-onam bor edi. Ulardan oldin xotinim va bolalarimga sut bermas edim. Kunlarning birida giyoh izlab uzoqroqqa ketib qoldim. Qaytib kelsam, ota-onam uxlab qolishibdi. Ularni uyg‘otishni va xotinim hamda bolalarimga ulardan oldin sut berishni karih ko‘rdim. Qadahni qo‘limga ushlab, ota-onamning uyg‘onishlarini kutib turdim, hattoki tong o‘z nurini taratdi. Bolalar ochlikdan oyog‘imga yopishib baqirishardi. Oxiri ota-onam uyg‘onib, sutlarini ichishdi. Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu tashvishni bizdan aritgin», deganida xarsang tosh biroz ochildi-yu, lekin undan chiqib bo‘lmas edi.
Ikkinchisi: «Allohim, bilasan, bir amakimning qizi bor edi. U menga barcha insonlardan sevimli edi. (Boshqa bir rivoyatda: «Kishi xotinini yaxshi ko‘rgandan ham ko‘ra uni qattiqroq yaxshi ko‘rar edim», deyiladi.) Bir bor men uni o‘zimga chaqirdim (ya’ni, qo‘shilish niyatida). U qabul qilmadi. Qachonki, qahatchilik bo‘lgan yillarning birida uning o‘zi huzurimga keldi. Men o‘zi bilan mening oramni xoli qoldirish (ya’ni, xohlaganimni qilaverish) sharti bilan bir yuz yigirma tillo berdim. U bu shartga ko‘ndi. Men undan xohlagan narsamni hosil qilishga qodir bo‘lgan chog‘imda (boshqa bir rivoyatda: «Ikki oyog‘i orasiga o‘tirganimda...» deyiladi), u menga: «Allohdan qo‘rq. Bokiraligimni haq bilan (ya’ni, nikoh bilan) buz!» deganini eshitib, u menga odamlarning eng mahbubi bo‘lishiga qaramasdan, o‘zimni undan tortdim va bergan tillolarimni unda qoldirdim». Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu kulfatni bizdan aritgin», deganida xarsang tosh biroz ochildi-yu lekin undan chiqib bo‘lmas edi.
Uchinchi odam: «Allohim, men bir qancha mardikorlarni yollab ishlatdim. Ularning hammalariga haqlarini berdim. Faqatgina bir kishi haqqini olmay, tashlab ketdi. U qoldirgan haq samara berib, ko‘p mol-davlat keltirdi. Bir muncha vaqt o‘tgandan keyin u kelib: «Ey Allohning quli, haqqimni ber», dedi. Men: «Mana bu ko‘zing oldida turgan tuya, sigir, qo‘y va g‘ulomlar sening haqqing», dedim. U: «Ey Allohning quli, meni masxara qilma!» dedi. Men: «Seni masxara qilmayapman», dedim. U biror narsani qoldirmay, barchasini oldi. Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu balodan bizni qutqargin», deganida xarsang tosh butunlay yo‘l ochib, hammalari g‘ordan chiqishdi». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.