Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178812 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 B


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:34:57

degan misralari o‘z vaqtida davr ruhiga qarshi yo‘naltirilgan bachkana ijtimoiy tanqid sifatida qoralandi. Sho‘ro hokimiyati yillarida po‘latdek mushakli ayollarni ko‘klarga ko‘tarib maqtash uchun shoir va rassomlar qanday «ilhom pari»sidan quvvat olganini hozir tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayollarning bunday toifasini ulug‘lash ancha ilgari boshlangan. Esingdami, Nekrasovda: «Yugurib ketayotgan otni to‘xtatib qoladi, yong‘in bo‘layotgan kulbaga ham kiraveradi», degan misralar bor. Ayol go‘zalligining bo‘lajak «ideal»iga o‘sha paytlardayoq asos solingandi. Keyinchalik o‘sha asos-poydevor ustiga «Kolxozchi va ishchi ayol» haykali o‘rnatildi. Bundan odamlar yaxshi ma’noda larzaga tushdilar, hayratlandilar. Bo‘lmasam-chi! «Kichkina» odam o‘zini qora terga botib yuradigan qahramon, timsol deb tasavvur eta boshladi. Hozir ularni kalaka qilish oson. Lekin, bu gaplarning orqasida juda murakkab psixologiya, mantiq, tarix, san’at turibdi. Biz ham bundan mustasno emasmiz. Ishonchim komilki, agar haykaltarosh dehqon ayolning qo‘liga bolg‘a, erkak ishchining qo‘liga o‘roq tutqazib qo‘yganda ham birov ajablanmasdi. Bema’nilikmi? Albatta. Hozirgi zamon nuqtai nazaridan shunday ko‘rinadi. Biroq, o‘sha bema’nilik bor haqiqatni aks ettirardi. Axir, ayollarning o‘zlari (ular ko‘pchilik edi!) erkaklar bilan teng huquqli ekanini ta’kidlab ko‘rsatish uchun faqat yurish-turishda emas, hatto gap-so‘zlarida, kiyinishlarida ham taqlid qilishardi-ku?!

Agar mana shunday yolg‘ondakam tenglik qanday oqibatlarga olib borishi mumkinligi to‘g‘risida jamiyat oldinroq o‘ylab ko‘rganda edi, hammasi oydin bo‘lardi.
Ha, alam qilar ekan. Bunday yo‘sinda «yangi dunyo» qurib bo‘lmasligi endi aniq bo‘ldi. Achchiq tajribamizdan tegishli xulosa chiqara olamizmi?
Esingdami, Appas Jumag‘ulovning uyida mehmon bo‘lgan paytimizda hammamiz birdan ayollar to‘g‘risidagi suhbatga berilib ketgan edik. Oramizda Asqar Aqaev ham bor edi. Sen o‘sha kuni haqiqiy erkak qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi she’ringni o‘qib, barchamizni qoyil qoldirgan eding. Men keyinchalik kitoblaringdan o‘sha she’ringni qidirib ko‘rdim, lekin topolmadim. Iltimos, o‘sha she’ringni yana bir marta o‘qib ber!

Shoxonov. Bu katta she’r. Faqat suhbat mavzusiga aloqador parchani o‘qib beraman.

Qadim O’tror shahrida
chol yashardi obro‘-hurmatli.
Oqsoqolning bor edi bitta
tulpor oti G’irko‘k kelbatli.
Fe’llik edi tulpor ko‘p,
qon oqizib suvliq chaynardi.
Tulpor haqda mish-mish gap
ovul bo‘ylab tarqaldi.
Kishnaganda eshitilar
etti tepa naridan,
o‘lib qolsa-da, ammo xumpar
suv ichmaydi ariqdan.
Man-man degan qanchalari zor,
yaqinlashga yurak betlamas.
Yaqinlashsa, qora yol tulpor
tepib tashlar, hech ham yo‘latmas.
Unga qarash zahmatli, og‘ir.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:35:54

Shon-shavkatni ot ham sezadir.
Oqsoqolning bor edi yana
tengsiz go‘zal bo‘y yetgan qizi,
ikki yuzi naqsh olma-ya!
Fe’llik edi, ammo, yulduzi...
Suyar edi qizalog‘in ham,
ko‘p o‘ylardi uning taqdirin...
Qiz ham sevmas otasini kam.
Ammo, bir kun qoldi gapirib,
erkalarkan qo‘ldagi qushin,
otasiga so‘z qotdi shunday:
—   Qachongacha mish-mishlar, hujum,
Otajonim chidaysiz unga ?
—   Nima qildi? — hayron otasi, —
ochiqroq ayt, nima deganing?
—   Sotsangiz-chi, shu otingizni,
qaridingiz, kerak joningiz,
nesi bilan rom aylar sizni?
Qaysar otga xonu moningiz
sarf aylamay o‘ylang-da, bizni!
—   Qizim, haqsan, ko‘proq balki sen,
ammo, ayt-chi, kishanlangan qalb
bee’tibor qolsa so‘lmasmi?
Erkinlik deb, tug‘ilgan borki,
or-nomus, zavqi toshadi.
Arziydi ul shamolga burkab
yuragini tog‘lar oshadi.
Shu tulporim — tirik tushimdir,
o‘smirlikdan yodgorim — qashqa.
Bu olamda olijanobroq
mo‘‘jiza yo‘q otlardan boshqa.
Oh, bilmaysan, sen hali yoshsan!
Qizga boqdi ota mungayib.
O’ylab ketdi balki shu nafas
tulpor chopib o‘tgan kunlarin.
Sekin dedi nafasin yutib:
—   Fe’lini deb otni urishma,
poygalarda undadir yutuq,
temirtandan yaralgandir, surishma.
Erkin cho‘llar tug‘ilgan yurti,
shu boisdan olar uloqni.
Yonib chopar yurakda o‘ti,
yo‘latmaydi shundan birovni.
Ana bunday shavkati uchun
nahot, fe’lini kechirib bo‘lmas?
Kechirmasak yog‘ilar butun
yurtla’nati, o‘chirib bo‘lmas.
Bu gapdan so‘ng jim qolar ota.
Keyin kelib biroz o‘ziga:

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:36:45

—   Qirchang‘ilar ozmi dunyoda, —
deya qarar ota qiziga.
Qanday foyda, manfaatlar bor?
Maqtashadi uni odamlar.
Balki, shundan bizlarning tulpor,
Achchiqlanib chekadi g‘amlar.
Biz bilmaymiz.
Tili bo‘lsaydi
Fe’lin o‘zi berardi aytib.
Shunday degach, ota qiziga to‘rsaydi.
—   Tashvishdaman so‘zing eshitib, —
davom etdi, otai zorda, —
baxting sendan yuzin burmasin.
Qadimgilar bilsang, tulporga
erkaklarni nisbat berishgan...
Shayton ursin,
ota so‘zi chinga aylandi,
qizginaning baxti boylandi.
Ayol bilan hayot bejirim,
lek fojia bundamas, asli,
ayol sifat erkak turqini
ko‘rsam qo‘zir eng yomon jinim.
Goxo ayol erkak ko‘rkini
olmoq bo‘lar, bu qanday qilik?
Sababi ne? Uyla, top, izla
Xudo bergan jinsidan tonib
naxot, ayol ushoq yuziga
tus beradi erkak atalib.
Urfni bunda qanchalik aybi?
Yo qiziqqon ona tabiat
shoshdimikan? Har kimning ta’bi!
Achinaman ularga faqat.
Kim bo‘lmasin, erkakmi-ayol,
o‘zin bilsin, bilsin o‘rnini.
Yutib bo‘lgan nomus-orini,
Xushomaddan silab qornini
mamlakatni boshqarsa alhol
ayol sifat erkak ne bo‘lar?
O’zing bergan, ato etgan dil,
parchasini saqla xudoyim.
Erkak bo‘lsang erkakliging kil,
gar ayolsan — bo‘lgin muloyim.
O’zgachamas, mohiyat shunda...
O’zing qo‘lla ushbu olamda,
nasib etsin shunday bir ayol.
Yengib o‘tsin shodligu g‘amni,
baxt keltirsin tulpor — qora yol!

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:38:37

Aytmatov. Qanday jamiyatda bo‘lmasin inson tabiatiga surbetlik bilan aralashsalar, undan «yangi» insonni vujudga keltiraman (yarataman, yasayman, ta’mirlayman) deb o‘ylagan kimsa chuchvarani xom sanaydi. Aslida, haddan tashqari johil kimsalargina insonga tajovuz qilishi mumkin.

Shoshqaloqlik baribir pand beradi. Bo‘lmasam, aqli-hushi joyida bo‘lgan odam shunaqa deb sandiraqlaydimi? Ertakni haqiqatga aylantirmoqchi bo‘lgan kallavaramlarning xayolidan nimalar kechdi ekan? Bunaqa xom xayol hatto iblisning ham yetti uxlab tushiga kirmasa kerak!
Senga bitta voqeani aytib beraman. Sotsialistik jannat qurib qo‘yilgan jinnixona to‘g‘risida.

Hammasi oson bo‘ladi erkaklar bilan ayollarning haq-huquqlarini tenglashtirish g‘oyasi zaruriy ehtiyoj natijasida (dastlab, bu g‘oya mualliflarning o‘ziga g‘oyat insonparvarlikdek tuyuladi!) tug‘iladi. Ishchi kuchi yetishmay qoladi. Demak, odamlar yoppasiga kommunizm qurilishiga jalb etilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. «Temir qo‘llarimiz bilan insoniyatni baxtli kelajakka haydab kiritamiz!» degan shior o‘rtaga tashlanadi. Shundan so‘ng ayollar texnikani egallashga, yirik zavod-fabrikalarda dastgohni boshqarishga, abadiy muzlik qoplagan o‘lkalarda erkaklar bilan bir safda turib ishlashga targ‘ib qilinadi. Chaqiriq darhol qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi. Gazeta sahifalarida ulkan traktorni boshqarib borayotgan nozik komsomol qizlarning suratlari paydo bo‘ladi.

Afsuski, davlat tomonidan o‘tkazilgan «Hujum» kampaniyasi o‘sha davrning og‘ir xatolaridan biri edi deyish kamlik qiladi. Bu insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat edi. Ustiga ustak, ilohiy olamning qurilmasiga qarshi yo‘naltirilgan jinoyat edi. Xudoning barqarorligini inkor etgan murtadlar Xudoning vazifasini o‘z zimmalariga oladilar va «yangi olam yaratamiz» deb, dahshatli o‘yin boshlaydilar. «Novatorlar» o‘zlarining ahmoqona g‘oyasi bilan yoshlarning katta qismini zaharlaydilar. Andrey Platonov iborasi bilan aytganda, «erdagi jannat»ning timsoli bo‘lmish afsonaviy «kotlovan» (xandaq) barpo etmoqchi bo‘ladilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:39:59

Shoxonov. Ha, yaxshi niyat bilan do‘zax tomon qadam tashlanadi. Aftidan, u paytlari hech kim Injili sharifda aytilgan dono gaplarni eslamaydi. Hartugul, hech kim bu bilan hisoblashmaydi. Uni tarix axlatxonasiga uloqtirib yuboradilar.

60-yillarning boshlarida Qozog‘istonning Semipalatinsk viloyati Shubartov tumani komsomollari respublikadagi o‘rta maktablarning bitiruvchilariga «sinf bo‘yicha yoppasiga chorvachilik sohasiga ishga boraylik!» deb murojaat qiladilar. Bundan aslo ajablanmaslik darkor. U paytlari Chimkent viloyati gazetasida korrektor bo‘lib ishlardim: o‘sha tashabbusni qizg‘in qo‘llab-quvvatlagan bitta maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari to‘g‘risida o‘zim ham maqola yozganman.

O’shanda mening tashabbusim bilan viloyat ijodkor yoshlarining klubi tashkil etilgandi. Huzurimizga mashhur yozuvchi G’abit Musrepov tashrif buyuradi. Viloyat komsomol qo‘mitasining kotibi bilan birgalikda qozoq adabiyotining mumtoz vakilini qutlagani bordim. Salom-aliqdan so‘ng, G’abit og‘a yangiliklar bilan qiziqdi. Juda g‘ayratli yigit bo‘lgan komsomol kotibi bidirlab axborot bera boshladi:

—   Viloyatimizning ikki mingdan ortiq bitiruvchi sinf o‘quvchilari Shubartov komsomollarining murojaatini qo‘llab-quvvatlashga shaylanib turishibdi. Ular imtihonlarni topshirgan zahoti komsomol yo‘llanmasi bo‘yicha chorvachilik sohasida ish boshlaydilar. Ularning yarmidan ko‘prog‘i qizlar!..

Shu payt G’abit og‘a qoshlarini chimiradi.
—   Jamiyatimizning asosiy kamchiligi shundan iboratki, biz erkaklarning vazifalarini ham ayollar zimmasiga yuklab qo‘ydik, — dedi u.

Partiya tashabbusi keskin tanqid ostiga olinganini eshitib, dahshatga tushib ketdim. Axir, u paytlari hech kim bunday fikrni hatto xayoliga keltirmasdi. Qizil Ittifoq mafkura sohasida ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritgan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:41:54

Albatta, aql bovar qilmaydigan og‘ir zamonlarda ayollarning o‘z zimmasiga og‘ir majburiyat olishini tushunish mumkin. Masalan, Sizning «Jamila» nomli qissangizni eslaylik. Lui Aragon uni: «Dunyoda muhabbat to‘g‘risida yaratilgan eng go‘zal qissa!» deb baholagandi. Ulug‘ Vatan urushi yillarida ayollarimiz qariyalar va o‘smirlar qatorida turib erta tongdan qora shomgacha ter to‘kib mehnat qiladilar. Ko‘pga kelgan to‘ydan hech kim qochib qutilmaydi.

Sirtdan qaralsa, bu qissa xuddi urush to‘g‘risida yozilgandek tuyuladi. Aragon uni nima uchun muhabbat haqida yozilgan doston deb ataydi? Chunki, Siz hamma narsadan ustun bo‘lgan Muhabbatni tasvirlab bergansiz. Ayni chog‘da o‘lim ham haqqoniy aks ettiriladi. Feodal zamondan qolgan itoatgo‘ylik kabi sarqitlar fosh qilinadi. Jamila ma’shuqaning erkin, qizg‘in qalbi bilan yashaydi. Uning uchun oliy haqiqat mana shu. Puturdan ketgan, munofiq axloq tarafdorlari qissani quturib tanqid qiladilar. Ular inson tuyg‘ularini temir katak ichiga haydab kiritib, mahv etmoqchi bo‘ladilar.

Chike, Siz inson faqat mehnatning o‘zi bilan baxtli bo‘lmasligini isbotlab berdingiz. Shubhasiz, millionlab o‘quvchilar millatidan qat’i nazar Jamiladan ozodlik ilmini, qalb va aql-idrok erkinligini o‘rgandilar. Totalitar tuzumning ayol usidan o‘rnatgan hukmronligiga qarshi norozilik timsoli — Jamila. Xalq bu ayol siymosida norozilikni ko‘rdi.

Aminmanki, go‘zallik va mehr qadrsizlangan joyda johillik va bachkanalik boshlanadi. —"Esimda, 50-yillarning boshlarida ovulimizda yashaydigan bir yoshi o‘tib qolgan ayol o‘tin terib kelish uchun junaydi. Aldoqchi dunyoda muhtojlikdan yomon narsa bo‘lmaydi. Ayol bir ko‘tarim o‘tinni orqalab uyiga qaytadi. Yo‘lda birdan to‘lg‘oq tutib qoladi. Xullas, farzand tug‘iladi. Ayol o‘tkir tosh bilan go‘dakning kindigini kesadi va chaqalog‘ini eski-tuski kiyimiga yo‘rgaklab, bog‘lam o‘tinini sudragancha ovulga keladi. Ming mashaqqat bilan to‘plagan o‘tinni tashlab ketishga ko‘zi qiymaydi. Ayol bir oz dam olishni xayoliga ham keltirmasdan uy yumushlariga unnab ketadi. Mo‘ridan tutun chiqayotganini ko‘rib eri bilan qo‘shnilari uyga kiradilar. Birdan chaqaloq yig‘lab qoladi. Hamma hayron bo‘ladi. Ayol esa:

— Bu bizning bolamiz, o‘tin tergani borib, tug‘ib oldim, — deb javob qaytaradi bamaylixotir.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:43:06

Aytmatov. Ilgari ayollik halovati nima ekanini, erkaklarning samimiy munosabatlarini ko‘rgan rus xotinlari alamli qo‘shiq to‘qishadi:

Ot ham o‘zim, ho‘kiz ham.
Holbuki, er ham o‘zim.
Payti kvlsa, xotinmav,
Bizlarga bersin to‘zim!


Afsuski, «kishi ruhining muhandislari» bo‘lmish biz yozuvchilarning ham bu borada aybimiz bor: sotsialistik realizm metodiga amal qilamiz deb ayol-rahbar timsolini uyalmasdan adabiyotga olib kirdik. Ayol direktor, partko‘m kotiblari erkakdan battar qo‘pol, shallaqi, uddaburon bo‘lishadi. Turish-turmushi ham, gap-so‘zlari ham erkakshoda. Shunday qilib, kommunist-konstruktorlar Xudoning o‘zi yaratib qo‘ygan ayol bilan erkak o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotmoqchi bo‘ldilar.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:43:46

Shoxonov. Ushbu suhbatimizga aloqador bo‘lgani uchun «La Vallett oqshomi» nomli she’rimni o‘qib bermoqchiman. Buni 15 yil burun yozganman, hali e’lon qilinmagan. Arxivimda yotgan edi.

I

Ko‘z ochib yumguncha
unutib dardlarini,
bo‘y yetgan Sandra
deraza oldiga chiqdi.
Sochiga ulab
tolpopuk, to‘la savat
mevani oldiga yiqdi.
Sal ko‘targin chirog‘ingni piligin,
yo‘lboshlovchi tushuntirar
Sandraning kimligin.
—   Qadimiy odati Malta qishlog‘in
kuyov bo‘lish niyatida yurgan yigit
chapdastlikda yutib chiqsin o‘rtog‘in:
biri chalar gitara, boshqasi do‘mbirani,
yana kimdir raqs tushib jon teriga,
kimdir esa she’rga solar Sandrani.
Sandra-chi, derazadan kuzatadi barchani,
oldidagi mevalardan kavshanib...
Qay yigitga kulib boqsa Sandra
kuyov o‘sha — tegadi erga...
Gimeney, hoy, o‘yna, mana xotining,
so‘ng gapirma undoq ekan, bundoq deb.
Uylandingmi, xudoga ayt dodingni,
ahmoq bo‘lsa yo o‘ziga bersa zeb.
Uylandingmi — bo‘yinturuq bo‘yningda.
Arz aylama, yoqtirganing qo‘yningda.
Odat shunday: umr bo‘yi birgasiz.
Biringiz — bit bo‘lsa, yana biring—
burgasiz.
Ajralish yo‘q, baxt haqida o‘ylash yo‘q.
O, Gimeney, Gimeney, mana senga o‘q!


Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:44:08

II

Maltani ham bizga tanitgan,
olib chiqqan dengizga shu Oy.
—   Darding olsam, nimam kamibdi!
Lekin jimdir, osmonda chiroy.
nur yog‘ilar dengiz qo‘yniga,
La-Vallett oqshomga kirar.
O’tkazamiz orol bo‘yida
hijron tuni sekin qisqarar.
Uyqusiragan qirg‘oq bo‘g‘riqar,
hansiraydi, issiqdan pishgan.
—   Singiljonim, kelgin yaqinroq,
ne sababdan ko‘zlaring shishgan?
—   Og‘ajonim, — deydi qizgina,
xasta odam ovoziday dard, —
men bir otman, yo‘qdir tizginim,
baxtsizliqdan pora bo‘lgan qalb.
Hayronligim ortadi battar:
bu qanday gap? Maqsad nimadi?
—   Og‘a, bilsang, isnod yotar
hayotimda, qora sharmanda. —
Jim turgayman odamovidek,
Qani, neni aytadi yana.
—   Tashlab ketdi, sevgilim, og‘a,
shundan g‘amim, alamim mening. —
Qarashlari qo‘rqinch tus oldi,
nigohiga dosh bermoq mushkul.
Hazil qayda, hazil yo‘qoldi.
—   Qasos olmoq niyatim nuqul.
Kechirmasman, avval erkalab.
La’nat sizga, yuzsiz erkaklar!
Qonlar tutsin sizlarni, yo rab! —
Qarg‘ab-qarg‘ab o‘girilding ters,
barchasiga go‘yo men aybdor.
Bilganim yo‘q uzoq Maltada
sen g‘aribga bo‘lishim duchor.
Iloj qancha chiqsa ham joni,
erkaklarning yonin olaman:
—   Seni tashlab kegan kimsani
rosti bilan sevgandingmi, ayt?!
G’azabdan joy topmas qo‘ygani
u o‘zini shu payt.
385
—   Sevganiga o‘lim tilamas,
Ishqivordan yaxshilab bilgin.
Yupatmoqqa aytganim emas,
oq sochlarim sababin so‘rgin!
Tayyordirman erkaklar uchun
so‘ramoqqa shafqat va rahm.
Bilsang agar o‘zim ham butun
farishtamas, bordir gunohim.
 Sabr aylagin, yana muhabbat
yuragingni qitiqlashi bor.
Bo‘lmas axir asriy malomat,
quyosh chiqqach, ketadi g‘ubor.
Biroq, singil, shu choq araz-la
yov quvganday uchdi yonimdan.
Aritmoqchi bo‘ldim g‘arazin,
voh, kelmadi bu ish qo‘limdan.
O’sha kechda Malta ustida
suzar edi qirg‘oqsiz osmon.
Ko‘p o‘yladim: nahot, tabiat
jafo chekar qizday beomon?

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:44:33

III

Kechda tolgul yashnatadi
O’-o‘, Maltaning osmonini.
Eh, go‘zalim Sandra!
Yuribsanmi, omonmi joning?
Xayolimda ba’zan ko‘raman
to‘lqinlarni kesgan orolni.
Oson emas, tan olmoqlik
o‘zi qilgan mash’um gunohni.
Qirg‘oq, chorlar, boraman yolg‘iz.
Charx uradi daydi shamollar.
Hayot — topish, qayta yo‘qotish,
Yo‘lda o‘tar umri odamning.


Qayd etilgan