Cho'qqida qolgan ovchining ohi-zori. Ch.Aytmatov, M.Shoxonov  ( 178858 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 B


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:45:45

Aytmatov. Inson o‘zi chinakam yaxshi ko‘radigan odamiga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmaydi. Haqiqiy muhabbat bilan hoyu havasning farqi ham ana shunda. Oshiq qalb sohibi o‘zini o‘ylamaydi. Oshiq o‘zini qurbon qilib, ma’shuqasini saqlab qolishga tayyor turadi. Sening qahramonlaring — o‘ziga bino qo‘ygan xudbin kimsalar. Unday kimsalar tiqilib yotibdi. Yaqin-yaqingacha ayrim zamondosh ayollar kommunist-erlarini har xil tovlamachiliklar vositasida ipsiz bog‘lab olgan edilar: partbiletingdan mahrum qilaman deb, do‘q-po‘pisa qilardilar. Bechora erkak go‘yo do‘zaxda yashashga majbur bo‘lardi. Agar bunday er bugun xotiniga «taloq» bersa bormi, ertagayoq masalasi partkomda muhokama etilardi, indinga esa raykom, hatto gorkomda yetti do‘zax azobini boshidan kechirardi. Imkoniyat cheklangan edi: yo qallig‘ing bilan to umringni oxirigacha it-mushuk bo‘lib yashashing kerak, ya’ni tirik murdaga aylanishing lozim yoxud partbiletni topshirib, jinoyatchi degan tamg‘a ostida ishdan haydalishing zarur. Tanish-bilishlaru qarindosh-urug‘lar jo‘r ovoz bo‘lishib, «jinoyatchi er»ni it piypalab tashlagan tulki ahvoliga solib qo‘yishlari to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. O’z vijdonining hukmiga bo‘ysungan erkak qolgan umrini shunday azobda kechirardi. U eng «insonparvar» jamiyatda partiya bilan davlatning inson huquqlariga haqiqiy munosabati shunaqa edi. Bu ma’noda o‘zlarini jinidan battar yomon ko‘radigan erlari bitta ko‘rpaning ostida tepkilashib yotgani uchun ayrim ayollar jonajon partiyadan minnatdor bo‘lishi kerak.

Shoxonov. Erkakshoda ayollar va xotinchalish erkaklar munosabati uzoq vaqt mobaynida yosh avlod tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Men maktabda o‘qib yurgan yillarda erkak muallimlar ko‘pchilikni tashkil etardi. Ularning o‘rni boshqacha edi — ayrimlari biz uchun ideal bo‘lardi.

Aytmatov. Sho‘ro hokimiyati hukm surgan keyingi 15-20 yil davomida maktablardan oliy o‘quv yurtlarida ayol o‘qituvchilarning miqdori keskin ko‘payib ketdi. Hozirgi yoshlar bolalar bog‘chalarida, maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida asosan xotinlar qo‘lida tarbiya olishyapti. Erkak ta’sirini sezmagan bolalar, o‘smirlar beixtiyor ayol murabbiylarning ayrim sifatlariga taqlid qila boshlaydilar. O’z lafzidan qaytgandan ko‘ra, o‘limni afzal deb biladigan or-nomusli erkaklar o‘rniga tinimsiz mahmadonalik qiladigan, faqat o‘zining huzur-halovatini o‘ylaydigan benomus erkaklar bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketdi. Bu masala jamiyatimiz uchun jiddiy muammoga aylandi.

Oqibat shunday bo‘ldiki, o‘zimiz istamagan holda erkak bilan ayolning asil vazifasi to‘g‘risida cho‘ltoq tasavvurga ega bo‘lgan avlodni voyaga yetkazib qo‘ydik.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:47:16

Erkaklar nima uchun o‘qituvchi bo‘lishdan or qiladilar? Bu savolning javobi kunday ravshan: birinchidan, bu kasb egalari e’tibordan qolgan; ikkinchidan, maoshi kam. Misol uchun, aytaylik, Olmoniya bilan Frantsiyada (o‘ylaymanki, G’arbdagi boshqa taraqqiy etgan mamlakatlarda ham shunday) eng obruy-e’tiborli kasb egalari deb o‘qituvchilar, do‘xtirlar, politsiyachilar hisoblanadi. Masalan, Angliyada bolalar bog‘chasiga tarbiyachi yoki maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirish uchun juda katta ko‘rik-tanlovda g‘olib chiqish kerak. Nihoyatda adolatli yo‘l shu: boshqa ish qo‘lidan kelmagani uchun ta’lim-tarbiya sohasiga tasodifan kirib qolgan beg‘am kimsalar bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanishini ota-onalar mutlaqo istamaydilar.

Nafsilambirini aytganda, bir paytlari Sharqda ham domla-muallimlar benihoya hurmatli zotlar kabi e’zozlanardi. Hozir-chi?!
Izlanishdan, uchrashuvdan ayriliqdan iborat bo‘lgan bu hayotda Gomer va Shekspir tarannum etgan ayol tarovati, ayol ulug‘ligi jamiyatning axloqiy asosini tashkil etmog‘i lozim. Jamiyatda har qanday o‘zgarishlar ro‘y berishidan qat’i nazar, uning poydevori o‘zgarmasligi kerak.

Shoxonov. Nazarimda, suhbat mavzusini o‘zimizga buradigan payt keldi. Axir, biz ham odam, odamlarga xos xususiyatlar bizga ham begona emas. Qizig‘i shundaki, agar birorta yigit bir vaqtning o‘zida o‘nta qiz bilan oshiq-ma’shuq bo‘lib yursa ham hech kim bunga e’tibor bermaydi. Lekin, dunyoga mashhur bo‘lgan Chingiz Aytmatovning har bir qadami odamlarning ko‘z o‘ngida...

Aytmatov. Har bir taqdir cheksiz-chegarasiz, murakkab sirlari bilan yaratiladi. Har bir inson o‘z hayotida taqdir taqozosiga ko‘ra, peshonasiga yozib qo‘yilgan ayolni yoki erkakni uchratadi. Uchrashgach, ular birgalikda o‘zlarining baxt-saodatini qidiradilar. Bu borada o‘zim ham istisno emasman...

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:48:40

Mening hayotimda ham unutilmas damlar bo‘lsan. Hozir faqat xotiraga aylanib qolgan esa-da, ammo hamon esimga tushib qolsa, qalbim larzaga tushadi. Yashirmayman, talabalik yillarimda turli-tuman ziyofat kechalarida, raqs maydonlarida ko‘plab qizlar bilan tanishganman. Tunlari mijja qoqmasdan ularga maktublar yozardim, dilimni izhor qiladigan eng ta’sirchan so‘zlarni izlab qiynalardim, so‘ng ulardan ham qalin konvertlarga joylangan maktublar olardim. Mehr bilan kashta to‘qilgan juda ko‘p ro‘molchalar kaminaga sovg‘a qilingan. Esingdami, kashtali ro‘molcha sovg‘a qilish bir paytlar urf bo‘lgan edi? Shirin jilmayishingga qarab turib bildimki, o‘zing ham ancha-muncha ro‘molcha olgan ko‘rinasan...

Ammo, o‘tkinchi tuyg‘ular qanchalik tez alanga olgan bo‘lsa, shunchalik tez so‘nib qolardi. Bu hol guldan gulga qo‘nib yurgan kapalakka o‘xshaydi. Ular yurakda iz qoldirmasdi. Biroq, men o‘z hayotimda butun vujudimni qamrab olgan Muhabbatni ham uchratganman. Biz bir-birimizni izlaganimiz yo‘q. Hammasi o‘z-o‘zidan ro‘y berdi. O’sha tasodifiy uchrashuv taqdirning bebaho inoyati bo‘ldi. Mening hayotimni nur bo‘lib yoritgan Ayol — qirg‘iz san’atining yulduzi, mashhur balerina Bibisora Beyshenalieva edi.

O’sha aziz siymo hozirgacha tushlarimga kiradi, bedor qiladi, ko‘nglimni ko‘taradi, o‘tmishga qaytaradi... 50-yillarning oxirlari. Moskvadagi Adabiyot institutini tamomladim. Asarlarim markaziy matbuotda nashr qilina boshladi. Men to‘g‘rimda gapirib qolishdi. O’sha paytlari Boltiq dengizi flotida xizmat qilayotgan qirg‘iz oilalarining bolalariga otaliq yordami ko‘rsatadigan delegatsiya tashkil etiddi. Kaminani o‘sha paytlari Frunze shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi vazifasida ishlaydigan Turdiakun Usubaliev huzuriga chaqirib delegatsiya tarkibida Leningradga borib kelishni taklif etdi.

Qirg‘izistonning opera va balet teatri truppasi o‘sha kunlari «Lenfilm» studiyasida «Cho‘lpon» balet-filmini suratga olayotgan edi. Bosh partiyani ijro etayotgan Bibisora Beyshenalieva bilan o‘sha joyda uchrashdim. Keyinchalik bildimki, taqdir peshonamga shu uchrashuvni yozib qo‘ygan ekan.

Ikki-uchta dengizchi hamrohligida katerda «Avrora» kreyseri yoniga suzib borgan chog‘imizda bizning delegatsiya palubada turgan edi. Ular orasida oq-sariqdan kelgan, ko‘zlari doim kulib turadigan Bibisora ham bor edi. Uning kelishgan sumbatini, qop-qora sochlarini dengizdan esayotgan mayin shamol silab-siypalardi. U kulimsirab bizga qo‘l silkitib qo‘ydi. Ilgari bir-birimiz to‘g‘rimizda ko‘p eshitgan bo‘lsak-da, lekin shaxsan tanish emasdik. Negadir juda oson yaqin bo‘lib qoldik, bir-birimizga ajib mehr qo‘ydik. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Agar bizning nozik tuyg‘ularimiz birdan o‘t olib, gulxanga aylanib ketdi desam, hoynahoy, ishonmasang kerak. Biz avval uchrashmaganimizga hayron edik.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:54:04

Atrofdagi odamlar, qushlarning chug‘urlashi, yaproqlarning shitirlashi, dengiz to‘lqinlarining shovullashi — hamma-hammasi mutlaqo boshqacha tusga kirib qoldi. Mening atrofimdagi dunyo tanib bo‘lmas darajada yorqinlashib, go‘zallashib ketdi.
Leningradning oppoq tunlari qo‘ynida Neva sohillarida charchoq nimaligini bilmasdan uzoq-uzoq sayr qilardik, bir-birimizga aytadigan gaplarimiz ham sira tugamasdi. Baxtli damlarimiz bir necha soat davom etdimi yoki bir necha asr davom etdimi, buni hech kim bilmasdi. Shu paytgacha yashab o‘tgan umrim ikkinchi darajali bo‘lib qoldi. Olamda faqat men bilan Bibisora bor edi. Men va u...

Bir necha kun ham ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketdi. Delegatsiyamiz Qirg‘izistonga uchib ketdi. Yuragimning yarmini Neva sohillariga tashlab ketishga kuchim ham yetmadi, xohishim ham bo‘lmadi. Ikki o‘t orasida qoldim. Nihoyat, Moskvada ishim bor edi deb bahona qildimu Leningraddan ketmadim. Ikki-uch kundan so‘ng poytaxtga yo‘l oldim. Orqamdan Bibisora ham yetib bordi. «Moskva» mehmonxonasida bir kechayu bir kunduzni birga o‘tkazdik, xolos. Lekin, bu ruhiy yaqinlikning unutilmas damlari bo‘ldi. Biz qayta-qayta xayrlashardik, biroq aslo bir-birimizdan aslo ajralgimiz kelmasdi. Axiri men Bibisorani elektrichkada Leningradga qadar kuzatib bordim. U meni Moskvagacha qaytadan kuzatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin, men qattiq turib, zo‘rga niyatidan qaytardim.
O’sha kundan e’tiboran to Bibisoraning so‘nggi kunlariga qadar — o‘n to‘rt yil mobaynida yuragimda alanga olgan yolqin bir dam ham so‘nmadi.

Albatta, mana shu o‘tgan yillar davomida har xil mish-mishlar bizni rosa bezor qildi.
Bibisora Leningradda o‘qigan  edi.  Teatr,   kino, adabiyot sohasini teran tushunardi. Uning san’at to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari juda chuqur va o‘ziga xos bo‘lardi. Betimsol iste’dod sohibasi, bag‘oyat go‘zal ayol bo‘lgan Bibisoraning butun hayotimga, ijodimga o‘tkazgan ta’sirini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:57:32

Endi kimningdir ko‘nglida haqli savol tutilishi mumkin: xuddi «Ming bir kecha» ertaklaridagi oshiq-ma’shuqlar kabi bir-birini jonidan ham ortiq darajada yaxshi ko‘radigan bu insonlar nima uchun turmush qurmaydilar? Men ana shu mavzuda gap boshlagan paytlarim Bibisora gapni darhol boshqa tomonga burib yuborar yoki hozircha shoshilmaslikni maslahat berar edi. Biz keyinchalik Dzerjinskiy bulvaridagi uydan bir-biriga qo‘shni pod’ezddan yangi kvartira oldik. Kunlarning birida biz yolg‘iz qolgan paytimiz Bibisora g‘amgin kulimsiragancha:

— Achinov (u familiyamning bosh harfi bilan ismimning birinchi bo‘g‘inidan shunday nom o‘ylab topgandi), nima demoqchi ekaningni bilib turibman. Aytadilarki, bir-birlarini haqiqiy yaxshi ko‘radigan odamlarning taqdiri qo‘shilmas emish, — dedi. U birpas sukut sakladi. — Ehtimol, shunday bo‘lishi kerakdir. Kundalik oilaviy tashvishlar har qanday buyuk tuyg‘ularni yemirib yuboradi. O’z muhabbatimizni nikoh kishani bilan zanjirband etishimiz shartmikan?

«Suygan yoriga turmushga chiqishni orzu qilmaydigan ayol bormikan?..»
Keyinchalik tushundimki, Bibisora meni partiyadosh «o‘rtoqlar»im bilan adabiyotchi hamkasblarimning shafqatsiz zarbalaridan asrab qolishni istardi. U o‘zini aslo o‘ylamasdi.
O’sha yillarda taloq — qo‘ydi-chiqdi nima ekanini o‘zing ham bilasan. Men Bibisoraning gaplariga ko‘nib, to‘g‘ri qilganmanmi? Bu savol endi meni umrbod qiynaydi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 16:59:19

Shoxonov. Bunday jazo turlari qozoqlar o‘rtasida ham juda keng tarqalgan edi. Bizning adabiyotimizning mumtoz vakili G’abit Musrepov, mashhur qahramon-yozuvchi Bovurjon Momishuli, taniqli qo‘shiqchi Yermak Serkaboevlar qayta uylanganlari uchun uzoq vaqtgacha tanqidga uchrab, feletonlarning bosh qahramonlari bo‘lib yurdilar.

Aytmatov. Biz nimalar demaylik, mening yulduzim yorqin porlashi uchun Bibisora o‘zining ayollik baxtini qurbon qiladi. Mushohada — ongning vazifasi, tuyg‘u — yurakning imtiyozi. Bir-biriga antagonistik dushman bo‘lgan ana shu ikki fazilat faqat buyuk shaxs timsolida mujassam bo‘lishi mumkin. Buyuk shaxsgina suyukli yorining foydasini ko‘zlab undan yuz o‘giradi.

Bir kuni Bibisora ikkovimiz «Moskva — Olmaota» poezdida Frunzega kelayotgan edik. Ikki kishilik shinam kupe. Hech kim telefonga chaqirib yoki eshik qo‘ng‘irogini jiringlatib bezovta qilmaydi. Uch kechayu uch kunduz go‘yo ertak misoli hayratomuz kechdi. Vaqt to‘xtab qoldi. Biz xuddi boshqa bir olamga tushib qolgandek edik. Har xil mavzudagi suhbatlarimiz, boshqa paytlari birovga aytib bo‘lmaydigan sirli gaplarimiz, adabiyot va san’at to‘g‘risidagi bahs-munozaralarimiz bir-birini to‘ldirardi. O’shanda ilk bora anglab yetdimki, o‘y-xayollari, ruhiyati, fe’l-atvori, tabiati jihatdan o‘zingga yaqin insonni topishdan-da a’loroq baxt yo‘q ekan. «Shunday kun ham bo‘ladiki, uni butun boshli bir asrga ham almashtirmaysan. Bugun mening hayotimdagi eng baxtli kundir».
Axir, Bibisoraning hayajon ichra aytgan o‘sha so‘zlarini unutib bo‘ladimi?

Poezd esa bizni xuddi beozor yo‘rga kabi manzil tomon olib borardi. Ba’zan vagon derazasidan tabiatga maftun bo‘lib tikilib qolardik. Rossiyaning bitmas-tuganmas ko‘m-ko‘k o‘rmonlari, xuddi xalq qalbidek bepoyon Qozog‘iston dashtlari ko‘z o‘ngimizdan bir-bir o‘tdilar. Poezdimiz Orol shahrida to‘xtagach, toza dengiz havosidan to‘yib-to‘yib nafas olish uchun tashqariga chiqdik. U paytlari Orol dengizining to‘lqinlari shahar ostonasini yuvib turardi. Quyosh shu’lasida o‘ynoqi to‘lqinlar yilt-yilt qilardi. Keyin Qizil O’rda, Aris, Chimkent, Tulqubos bekatlari keldi...

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:00:19

Esingdami, bir safar biz sening mashinangda Toshkentdan Bishkekka qaytgandik? Qip-qizil quyosh asta-sekin ufqqa enib borardi, osmonning yarmi shafaq rangiga bo‘yalgan edi. Hayajonli daqiqalar edi. Tulqubosga yaqinlashgach, baland tepalikni aylanib o‘tish uchun temir yo‘l keskin burilish yasaydi. Bahor va yoz faslida bu joylar chamanzor bo‘lib ketadi; unga qarab sira to‘ymaysan. O’shanda sendan mashinani to‘xtatishingni iltimos qildim-da, mashinadan tushdim. Qanday go‘zal! Xuddi 25 yil avvalgidek baland tepalik yonbag‘ridan Olmaota tarafga poezd o‘tib borardi. Temir yo‘l chetidagi tepalikni ikki-uch qator bo‘lib o‘rab turgan temir to‘siqlar ham o‘zgarishsiz edi. Qishda tepaliqdan qor ko‘chkisi tushib, yo‘lni to‘sib qolmasligi uchun shunday g‘ov yasab qo‘yilgandi. Yuragim xapriqib ketdi. Shu yerdan o‘tayotganimizda, aynan mana shu joy Bibisorani bag‘oyat to‘lqinlantirib yuborgandi. U tabiat go‘zalligini ko‘rib, xuddi yosh boladay quvongan edi. Biz Bibisora bilan birgaliqda juda ko‘p ajib shaharlarni, tarixiy go‘shalarni, diqqatga sazovar o‘lkalarni ziyorat qilgandik. Masalan, Frunze shahrini olib ko‘raylik. Ayrim uylar, chorrahalar, istirohat bog‘lari yonidan o‘tayotib, qaysi nuqtada nimalar to‘g‘risida gaplashganimiz, nima uchun xursand bo‘lganimiz yoki nega xafa bo‘lganimiz xuddi kechagidek yodimda turibdi.

Esingdami, yaqinda Qirg‘iziston Davlat opera va balet teatriga qandaydir uchrashuvga borgandik! Men nimalar to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lganini umuman eshitmadim, o‘z xayollarim bilan band edim, Bibisoraning benazir iqtidori mana shu sahnada gullab-yashnadi. Mening ko‘z o‘ngimdan xuddi kinodagidek u bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar birin-ketin o‘ta boshladi. Sahnaga qarasam — bas, u go‘yo oqqush kabi uchib yurgan bo‘ladi. Bibisora aynan xuddi shu timsolda xayolimga o‘rnashib qolgan. Aytish mumkinki, men uning mangu navqiron ruhiga o‘rnatilgan tirik haykalga o‘xshayman.

Qaysidir bir gastroldan u betob bo‘lib qaytdi. Diagnoz — ko‘krakda yomon shish paydo bo‘lgan edi. Bibisorani Kuntsevo kasalxonasiga yotqizdik. U bir yarim yil azob tortdi. U tortgan azob-uqubatlarning hammasini gapirib bo‘lmaydi. Kasalxona hududiga faqat maxsus ruxsatnoma bilangina kirish mumkin edi. Bibisora bilan bitta palatada xuddi o‘shanday diagnoz qo‘yilgan SSSR xalq artistkasi Olga Nikolaevna Androvskaya ham yotardi. Aleksandr Trifonovich Tvardovskiy ham xuddi o‘shanday bedavo dardga chalingan bo‘lib, u ham Kuntsevoda davolanmoqda edi. U birinchilardan bo‘lib kaminaga yozuvchilik sohasida «oq yo‘l» tilagan, ilk qissalarimni o‘zining «Novс‹y mir» jurnalida e’lon qilgan edi. Qachon kasalxonaga borsam, albatta, uning holidan xabar olib qaytardim. Vrachlar nechog‘lik harakat qilishmasin, u tez sur’atda o‘zini oldirib qo‘ydi. Ko‘p o‘tmasdan Tvardovskiy olamdan o‘tdi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:01:10

Bibisora ham kunma-kun so‘lib borardi. Uning yostiqdan boshini ko‘tarishga-da kuchi yetmasdi. U butunlay o‘zgarib ketdi. Yoqimli ko‘zlarining nuri xira tortib qoldi. O’shandan keyingina angladimki, Bibisoraning dardi bedavo ekan. Oyoqlarimda mador qolmadi...

Qittak harakat qilsa — bas, Bibisoraning joni qiynalib ketardi. Shundan so‘ng uni Frunzega olib qaytdik. Ish joyimda bosim o‘tira olmasdim, kasalxona tevaragida tinchini yo‘qotgan odam kabi aylanib yuraverardim. Umrining sanoqli kunlari qolganini bilib, Bibisora taqdiriga tan berdi. Men huzuriga kirib borgan zahotim kayfiyatimni ko‘tarish uchun majolsizgina kulib qo‘yardi. U so‘nggi damlarida ham meni balo-qazolardan asraydigan farishta bo‘lib qoldi.
1973 yilning 11 may kuni Bibisora vafot etdi.

Shoxonov. Guvohlarning aytishicha, Opera va balet teatrida bo‘lib o‘tgan vidolashuv marosimida siz bor tovushda o‘krab yig‘lagan ekansiz. O’sha paytdagi respublika rahbarlaridan birining toqati toq bo‘lib: «Anavini sal tinchitib qo‘yinglar-e, jonga tegdi-ku!» degan ekan. Unday kimsalar umr bo‘yi birga yashagan o‘z xotinining janozasida ham obro‘yidan tushib qolmaslik uchun bir tomchi ko‘zyosh to‘kishdan or qiladilar. Agar totalitar tuzum sharoitida yuqori mansabda o‘tirgan, xotini bor kommunist, Sizdek mashhur inson odamlar oldida o‘krab yig‘lagan bo‘lsangiz, demak, rostdan ham suyukli ayolingizdan ajralgansiz, boshingizga chinakam og‘ir musibat tushgan.

Esimda, bir kuni samimiy suhbat qurib o‘tirgan paytimiz taniqli qirg‘iz shoiri Suyunboy Eraliev boyagi mavzuga to‘xtalib: «Bibisora ajoyib inson edi. Uning go‘zalligi ham tabiiy bo‘lib, aql-idroki va boshqa fazilatlari haqiqiy qirg‘iz qizlariga monand edi. O’z vaqtida o‘zim ham, boshqa shoirlar ham unga she’rlar bag‘ishlaganmiz. Bibisoraning bevaqt o‘limi butun qirg‘iz xalqini, uning jamiki muxlislarini larzaga solib yubordi. Eshitishimcha, ular buyuk pok muhabbat bilan bir-biriga bog‘langan edilar. Chingiz Bibisoraning janozasiga qop-qora kiyimda, ko‘zlari shishgan holda keldi. Chingiz ko‘zyoshlarini yashirib o‘tirmadi. Ayrim ta’ziyachilarga uning holati mutlaqo yoqmadi. To‘rt tarafdan: «Uyalsa bo‘lmaydimi! Axir, xotini bor, bitta oilaning boshlig‘i!» degan shivir-shivirlar quloqqa chalinardi. Men esam fahr bilan: «Chingiz yozuvchi sifatida buyuk bo‘lgani kabi erkak sifatida ham buyukdir! U suyukli ayolini so‘nggi yo‘lga erkakka munosib ravishda kuzatib qo‘ymoqda!» deb o‘ylardim ichimda», degan edi.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:02:41

Aytmatov. Samimiy so‘zlari uchun Suyunboyga katta rahmat! Bibisorani yo‘qotib, men taqdirimni yo‘qotganimni odamlar qayoqdan bilishardi?

Shoxonov. «Manas» eposining 1000 yilligi bayram qilinayotgan tantanali kunlarda Bishkek markazida Turg‘unboy Sodiqov yaratgan «El qutu» monumental haykali ochildi. Bu ajoyib yodgorlik go‘yo qirg‘iz xalqining o‘g‘il-qizlarini shuhrat cho‘qqisiga olib ketayotgan burgutga o‘xshaydi. Yodgorlikning bir tarafida chuqur o‘yga tolgancha Siz turibsiz, boshqa tarafda esa betimsol Bibisora Beyshenalieva; qirg‘iz san’atining osmonida viqor ila parvoz etib yurgan oqqush.

Bu hol tasodifmi yoki haykaltaroshning xayolimi? Lekin, foniy dunyoda taqdirlari qo‘shilmagan ikki buyuk zot yodgorlikda ham ajralib turishibdi: o‘zlari jonidan ham aziz biladigan tog‘larga, serhosil dalalarga har xil nuqtalardan nazar solmoqdalar, Issiqko‘lni tomosha qilmoqdalar...

Yodgorlik ochilayotgan paytda men Sizning yoningizda edim. Siz Bibisoraning bronza siymosiga uzoq vaqt mehr bilan tikilib qoldingiz...

Aytmatov. Bibisora vafot etgach, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan meni Italiyaga taklif qildilar. Teploxodda Sitsiliyaga jo‘nadik. Ochiq dengiz. Oydin oqshom. Salqin shabada esardi.

Olislardan ulkan shaharning chiroqlari miltirab ko‘rina boshladi. Birdan Bibisora ikkovimiz eshitishni yoqtiradigan musiqa tovushi qayoqdandir taralib qoldi. Odamlar palubada raqsga to‘sha boshladilar. Men esam, bir chetda to‘siqqa suyanganimcha yum-yum yig‘lardim. Ko‘zyoshlarimni yashirib o‘tirishga hech qanday xojat yo‘q edi: atrof dengiz, oqshom, ko‘qda oy balqib turibdi, kimsasiz orol, o‘zim bilan o‘zim yolg‘iz qolgan edim...

O’sha musiqa tovushini hozir eshitsam ham to‘lqinlanib ketaman. Darhol Bibisora esimga to‘shadi. Bu tuyg‘uni tushuntirib berishga ojizman.
«Kassandra tamg‘asi» romanimda bitta voqea bor: mening qahramonim delegatsiya tarkibida Yaponiyaga borib qolgach, oqshom chog‘i paroxodda suzib yuradi. O’sha manzara, o‘sha kechinmalar. Bu gal yapon musiqasi ta’siri ostida uyg‘ongan xotiralar bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘taveradi. Italiyaga qilgan safarim chog‘ida yolg‘izlikning va Bibisora sog‘inchining timsoli sifatida o‘sha manzara xotiramga muhrlanib qolgan.

Qayd etilgan


Abdullоh  27 Mart 2009, 17:04:26

Shoxonov. 70-yillarning o‘rtalarida biz Moskvada uchrashib qoldik. Siz meni mehmonxonaga taklif etdingiz. O’shanda birinchi marta rafiqangiz Mariamni ko‘rdim. U Siz bilan yonma-yon o‘tirardi. Taqdir Sizga shunday ochiq ko‘ngul, ochiq chehra ayolni nasib etgani uchun ichimda xursand bo‘ldim. Sizni u chinakamiga hurmat qilib, e’zozlab qolmasdan, ayni chog‘da ijodingiz uchun qulay imkoniyatlar yaratib beradi, qo‘lidan kelgancha ko‘mak beradi. U mulohazakor, madaniyatli, iqtidorli ayol; «Asrni qaritgan kun» («Bo‘ronli bekati») romaningiz asosida manqurtchilik mavzusida maxsus kinostsenariy yozgan. Turkmaniston studiyasi o‘sha filmni suratga olib, ekranga chiqardi. Yoningda ichki olamingni tushunadigan, hamfikr inson bo‘lsa, shuning o‘zi juda katta baxt.

Aytmatov. Bibisoraning o‘limidan so‘ng bo‘shab qolgan ko‘nglimni to‘ldiradigan biror narsa topolmadim...
Shunaqa gaplar, Muxtorjon. Dastlab, uchrashuv-umid baxsh etgan, so‘ng ayriliq-azob bergan muhabbat peshonamga yozilgan ekan. O’shanday og‘ir damlarda Mariyam bilan uchrashuv nasib qildi. Asta-sekin vaqt o‘tishi bilan azob-uqubatlar ortda qoldi, hayot iziga tushib ketdi. Mariyam ikkovimizning ikkita umidimiz, ikkita suyanchig‘imiz bor — qizimiz Shirin va o‘g‘limiz Eldor. Xotinim ikkovimiz orzu qilamizki, farzandlarimiz qanday kasb-hunarni tanlashmasin, faqat munosib inson bo‘lib voyaga yetishsa bas.

Shoxonov. Xudo xohlasa, aytganingiz bo‘ladi. Yaqinda qizingiz meni juda xursand qilib yubordi. Olmaota tayyoragohidan oilangizni Bryusselga kuzatib qo‘yayotgan paytimiz, Siz tasodifan eshitib qolmasligingiz uchun astagina qulog‘imga shivirladi:
— Muxtor amaki, dadamning qand kasali bor. U mehmondorchilik payti kasalini esdan chiqarib, shirinlik tanovvul qilishi mumkin. Iltimos, dadamga ko‘z-quloq bo‘lib yuring.

Aytmatov. Ko‘p vaqtimizni birga o‘tkazamiz. Shu bois qizim otasini senga topshirgan bo‘lsa kerak...

Shoxonov. Jurnalist Jonibek Jonuzoq diktofonni qo‘liga olib, Siz o‘z hayot yo‘lingizda uchratgan ayollar to‘g‘risida «material» to‘plab, «Aytmatovning oyimlari» nomli kitob nashr ettirdi. Bu kitob hatto ba’zi bir tumanlardagi oziq-ovqat do‘konlarini peshtaxtalarida turibdi. O’zim ko‘rdim.

Qayd etilgan