Maqomi MahmudBu maqom Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) oyati karima bilan va'da qilingan bo‘lib, unga Alloh taolo nazdida boshqa hech bir inson zoti erisha olmaydi. Bu, butun insoniyatga shafoat maqomidir.
Sahih bir rivoyatda keltirilishicha: «Qiyomat kunida butun insoniyat gunohlarining kechirilishi uchun o‘zlariga bir shafoatchi izlaydilar. U kunda odamlar eng avval yaratilgan va birinchi payg‘ambar bo‘lgan, insoniyat otasi Odam (alayhissalom) huzuriga borib:
— Ey hazrati Odam! Ey otamiz! Alloh sizni hammadan avval yaratgan va sizga o‘z ilohiy ruhidan ufladi va sizga farishtalarni sajda qildirdi. Siz ulug‘ maqom egasisiz. Alloh taolo nazdida biz gunohkorlarga shafoatchi bo‘ling, bizni bu g‘amdan xalos eting, — deb yolvoradi.
Hazrati Odam (alayhissalom):
— Siz aytayotgan u maqom menga berilgan emas. Men ham qilgan gunohim tufayli Alloh taolo nazdida aybdorman. Bu kun ilohiy g‘azab kunidir. Oh, nafsim, nafsim, — deydilar.
Xalq bu holdan yanada g‘amgin bo‘lib, hazrati Nuh (alayhissalom) huzurlariga boradi:
— Ey hazrati Nuh! Siz Odam otamizdan keyin ikkinchi ota va yer yuziga yuborilgan ilk rasulsiz. Haq taolo siz haqingizda
«shukr qiluvchi bandam» deya marhamat qilgan. Holimizga rahmingiz kelsin. Alloh oldida biz osiylar uchun shafoatchi bo‘ling.
Hazrati Nuh (alayhissalom):
—Ey insonlar! Bunday martaba va maqom menga nasib etmagan. Men qavmim uchun oxirgi duoyimni ham izhor etib bo‘lganman. Bugun esa Alloh taolo eng ko‘p g‘azab qiladigan kundir. Bugun ilohiy g‘azab kunidir. Oh nafsim, —deydilar.
Odamlar hazrati Ibrohimning (alayhissalom) huzurlariga shoshadi:
— Ey hazrati Ibrohim! Siz Allohning xalilisiz, do‘stisiz, biz gunohkor bandalarni shafoat qiling!..
Ibrohim (alayhissalom) shunday deydilar:
— Ey insonlar! Menga shafoat qilish maqomi berilmagan. Bugun ilohiy g‘azab kunidir. Sizlar Musoga boringlar.
Talvasaga tushgan odamlar Muso (alayhissalom) huzurlariga keladi. Hazrati Muso ularni Iso (alayhissalom) huzurlariga yuboradilar. Hazrati Iso (alayhissalom) bunday deydilar:
— Menga bunday maqom berilmagan. Bunday ulug‘ maqom va martabaga erishgan zotgina bugun sizga shafoatchi bo‘la oladi. Hazrati Muhammadning (alayhissalom) huzurlariga boring. U muborak zot tufayligina Alloh sizga najot berishi mumkin.
Shunda butun Mahshar ahli umid bilan Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga yo‘l oladi. Ilgari yer yuzida yashagan jami munkir, gunohkor bandalar ko‘zyosh to‘kib, u zotdan shafoat istaydi. Payg‘ambarimiz Maqomi mahmudda sajda qilib, insonlarga shafoat so‘raydilar. Alloh taolo:
— Sajdadan boshingizni ko‘taring, ey Muhammad, duoyingiz va shafoatingizni qabul qildim, — deya marhamat etadi.
Rasululloh (alayhissalom):
— Yo Rabbim! Ummatim, ummatim, — deb ko‘zyosh to‘kadilar.
Haq taolo yana u Zotga marhamat qiladi:
— Ey Habibim, bugun qalbida zarracha imoni bo‘lgan kishi afvimga loyiq bo‘ladi.
Rasullulloh yana sajdaga bosh qo‘yadilar. Haq taolo marhamat qiladi:
— Boshingizni sajdadan ko‘taring. Duo qiling. Bugun sizning duo va shafoatingiz qabul bo‘ladigan kun, ey Habibim.
Muhammad (alayhissalom) yana:
— Ummatim, ummatim, — deya tazarru va iltijo qiladilar. Alloh taolo:
— Qalbida zarra qadar imoni bo‘lgan bandani kechirdim, — deya marhamat qiladi.
Rasululloh yana sajdaga ketadilar. Haq taolo yana:
— Sajdadan boshingizni ko‘taring, — deya marhamat qiladi. Muhammad (alayhissalom) sajdadan bosh ko‘targanlarida Alloh taolo qalbida zarracha imoni bor bandalarni kechirgan bo‘ladi.
«La ilaha illalloh» deganlarni mag‘firat qilib, azobdan qutqaradi.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlarida keltirilishicha, al-Isro surasida zikr etilgan «Maqomi mahmud»dan murod ana shu shafoat maqomidir. Demak, insonlarga shafoatchi, duosi qabul qilinadigan yagona zot payg‘ambarimiz hazrati Muhammaddirlar (alayhissalom).
Imom Buxoriy
«'asa an yab'asaka robbuka maqomam mahmudan» (al-Isro,79) oyati karimasini tafsir qilib, quyidagi hadisi sharifni keltiradilar: «Qiyomat kuni har bir ummat o‘z rasuliga shafoat qilishini so‘rab yolvoradi. Nihoyat, Rasulullohga (alayhissalom) murojaat qilib, shafoat so‘raydilar. U Kunda Rasululloh Mahmud maqomiga ko‘tariladilar».
Rasulullohga (alayhissalom) muhabbat yuzasidan har bir mo‘min itoatga, namozga da'vat bo‘lgan azonni eshitarkan, unga shunday javob qiladi: «Ey bu mukammal da'vatning va qoim bo‘lgan namozning Rabbi! Muhammadga (alayhissalom) vasilani va fazilatni ehson ayla. Va unga va'da qilganing Maqomi mahmudni ato et. Uni u maqomga yetkaz. U maqom Qiyomat kunida shafoat maqomidir».
Imom Buxoriy rivoyatiga ko‘ra, Rasululloh bunday marhamat qiladilar: «Har kim azon aytilganidan so‘ng ushbu duoni o‘qisa, uni Qiyomat kuni shafoat qilaman».
Ushbu duodagi «vasila» dan murod jannatdir.
"Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)gagina berilgan besh xislat" kitobidan