15-bob. Olloh taoloning «Oq ipni qora ipdan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-ichingizlar, so‘ng ro‘zani tongdan boshlab, to kun botgunga qadar davom ettiringizlar!», degan oyati kariymasi haqida
Adiy ibn Hotim raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Oq ipni qora ipdan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-ichingizlar!» degan oyati kariyma nozil bo‘lganda, bir qatim oq va bir qatim qora ipni olib, yostig‘im ostiga qo‘yib, (yostig‘imni qiya qilib ko‘tarib) qaray boshladim, qancha tikilib qaramay, baribir qaysinisi oq va qaysinisi qora ekanligini sira ajrata olmadim. So‘ng, kunduzi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga borib, bo‘lgan voqeani aytib berdim. Janob Rasululloh: «Bundan maqsad, tun qorong‘usi-yu, kun yorug‘idir»,— dedilar».
Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladirlar: «Oq ipni qora ipdan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-ichingizlar!» degan oyat nozil bo‘ldi. Lekin, «Tongdan boshlab...» degan oyat hanuz nozil bo‘lmagan erdi. Shunda, odamlar ro‘za tutgan paytlarida, oyoqlariga oq va qora ip bog‘lab olib, to bir-biridan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-ichaberdilar. Pirovardida, Olloh taolo «Tongdan boshlab...» degan oyati kariymasini nozil qildi. Bundan odamlar bildilarki, oq ip va qora ipdan maqsad, kecha va kunduz erkan».