Ular: «Murora ibn ar-Rabi’ va Hilol ibn Umayya»,— deyishdi. Bular solih kishilar bo‘lib, Badr qatnashchisi va boshqalarga namuna bo‘larli fazilatga ega kishilar erdi. Menga bu ikkisining nomini zikr qilishgach, boyagi muddaomdan qaytdim. Janob Rasululloh Tabuk g‘azotidan qolgan biz uchchalamiz birlan musulmonlarning gaplashmoqlarini man’ qildilar. [Olloh taolo bular to‘g‘risida quyidagi oyatni nozil qilgan: «(Jihoddan) qolgan munofiqlar Ollohning rasuliga osiylik qilib (uylarida) qolganlaridan xushnud bo‘ldilar va ular Olloh yo‘lida molu jonlarini tikib jihod qilmoqni istamadilar va (o‘zaro): «Bunday issiqda urushga bormangizlar!» — dedilar. Siz aytingizki, «Agar ularning fahmlari yeqa, jahannam otashi (bundan) behad issiqroq-dur!]». Odamlar bizdan yuz o‘girishib, gaplashmay qo‘yishdi, hatto men dunyoga kelganimdan pushaymon bo‘lib ketdim. Bu axvol ellik kun davom etdi. Mening ikki sherigim (Murora va Hi-lol) uylaridan tashqariga chiqolmay qolishdi, tinmay yig‘lashardi. Men bo‘lsam, qavmni sog‘inib, ular birlan gaplashmoqqa intilar, masjidga chiqib birgalikda namoz o‘qir va bozorlarni aylanib yurar erdim, ammo hech kim men birlan gaplashmas erdi. Har safar namozga borganimda Janob Rasulullohg‘a salom berardim-da, ichimda «Salomimga alik olib lablarini qimirlatarmikanlar» deb umidvor bo‘lar erdim, so‘ng yonlariga yaqinroq borib namoz o‘qiyotib, muborak yuzlariga o‘g‘rincha tikilar erdim. Bir kuni namozga kelsam, oldimdan chiqib qoldilar, u kishiga qaragan erdim, mendan yuzlarini o‘girib oldilar, bu mening jon-jonimdan o‘tib ketib, amakimning o‘g‘li bo‘lmish Abu Qatodaning uyiga tomon ravona bo‘ldim, u mening uchun boshqalardan ko‘ra mahbubroq erdi. Uyiga kirgach, unga salom berdim, lekin u, xudo haqi, alik olmadi. Shunda men unga: «Ey Abu Qatoda, Olloh taologa yolborib so‘rayman, mening Olloh taolo birlan uning rasulini yaxshi ko‘rishimni bilasanmi, o‘zi?!» — dedim. Men boyagi gapimni yana takrorladim, yana indamadi, yana takrorladim, yana indamadi. So‘ng, shunday deb qayta murojaat qilgan erdim, u: «Olloh taolo va uning rasuli yaxshiroq bilgay!» — deb qo‘ydi. Shunda ko‘zimdan yosh tirqirab ketdi, uyidan otilib chiqib ketdim. So‘ng, Madina bozorida ketayotgan erdim, bu yerga taom sotgani kelgan Shom ahlidan bo‘lmish bir kishini ko‘rib qoldim, u odamlarga: «Kim menga Ka’b ibn Molikni topib bera oladi?» — der erdi. Odamlar men tomonga ishora qila boshlashdi, u oldimga kelib G’asson podshohi yo‘llagan bir maktubni menga topshirdi, unda «Ammo ba’d, menga ma’lum bo‘ldiki, sohibing senga jafo qilayotgan ermish, Olloh taolo seni inson kamsitiladirgan va uning haq-huquqi toptaladirgan dargoh uchun yaratgan ermas, kelgil, haqiqat biz tarafdadur, biz senga hamdardmiz! G’assoniylar podshohi bo‘lmish kamina sen Ka’bni, barchani sendan yuz o‘girtirgan payg‘ambarga «bir dars» bo‘lmog‘i uchun, islomdan qaytadi, degan fikrdaman» deb yozilgan erdi. Maktubni o‘qigach: «Bu ham balolardan biridur!» — dedim-da, u birlan tandirni tayammum qildim, ya’ni tandirga tutantiriq qildim. Ellik kundan qirq kuni o‘tgach, ul zot bir odam orqali: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ayolingdan o‘zingni chetga olmog‘ingni amr qiladilar»,— dedilar.