TARJIMONDAN
Islom axloqi... Necha-necha asrlar mobaynida shakllangan, qancha-qancha nasllar sinovidan o‘tib, o‘zining hayotiyligini, hamma zamonlar va avlodlar uchun muvofiqligini, kishilik jamiyati manfaatlariga mosligini, insoniyat kamoliga, ma’naviyat taraqqiyotiga xizmat qilishini amalda tasdiqlagan, shu tufayli davrlaru ellar e’zozini qozonib, zavol bilmay yashab kelayotgan o‘lmas bir ta’limot, umumbashariy hayot dasturi, ijtimoiy faoliyatning betakror qoidalari...
Muqaddas Qur’oni karimning tabarruk oyatlari, sarvari olam Muhammad mustafoning hadislariga asoslanuvchi islom axloqi necha-necha avlodlarni eng olijanob insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalagan, ezgulik, ijtimoiy adolat, o‘zaro totuvlik, birodarlik, mehribonlik kabi yuksak umumbashariy qadriyatlarni barqaror aylab, odamiylik, insonparvarlik tantanasiga xizmat qilib kelgan. Bu qadriyatlar hamon ma’naviyatimizning ustivor omillaridan bo‘lib kelmoqda.
Turk ilohiyotshunos olimi Abdurahmon Qoya qalamiga mansub ushbu kitobchada islom axloqining mohiyati va mazmuni, xilma-xil qirralari, ularning insoniy kamolotdagi o‘rni va ahamiyati yoritiladi.
Islom axloqi, avvalo, har bir mo‘minni o‘z insonlik burchiga sadoqat ruhida tarbiyalaydi. Shuning uchun kitobchada musulmonlarning Alloh va payg‘ambar oldidagi, ona-Vatan va xalq-millat oldidagi, ota-ona va qarindoshlar, oila, butun insoniyat oldidagi, nihoyat, o‘zining oldidagi burchlari mufassal bayon qilinadi.
Islom axloqi insonparvarlik har qaysi musulmonning doimiy odatiga aylanishini, har qadamda odamlarga yaxshilik qilishni, jamiyat manfaatlarini hamisha o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yishni taqozo etadi. Shu tufayli muallif o‘z asarida o‘quvchini halollik, mehnatsevarlik, saxovat, do‘stparvarlik, odob, adolat, sabr-qanoat kabi qator fazilatlar mohiyati va ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati bilan tanishtiradi.
Inson degan sharafli nomga nomuvofik, hatti-harakatlar, jamiyatga, odamlarga zarar keltiradigan, ularni ranjitadigan xulqu atvor islom axloqiga zid. Binobarin, tekinxo‘rlik va yolg‘onchilik, ichkilikbozlik va zinokorlik, tuhmat va hasad, takabburlik va ig‘vogarlik kabi illatlarning zararli oqibatlari ham kitobchada ancha keng yoritiladi. Asarda, shuningdek, islom olamiga xos urf-odatlar, diniy bayramlar to‘g‘risida ham qiziqarli ma’lumotlar beriladi.
Muallif islom axloqining har bir qirrasini ta’riflar ekan, o‘z fikrlarini Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillab boradi. Asar ravon va xalqchil uslub, sodda, keng ommaga tushunarli til bilan yozilgan, shuning uchun ham hammabopdir.
Kitobchada ta’riflangan axloqiy qadriyatlarning aksariyati faqat ahli islom uchungina xos bo‘lib qolmay, jamiyatimizning har bir a’zosi, xususan, yosh avlod uchun g‘oyat ahamiyatlidir. Ular qadimiy madaniyatimizning muhim manba’laridan biri sifatida yangicha axloqni, istiqlol ma’naviyatini shakllantirish va kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz. Shunday ekan, mazkur asar keng jamoatchilikka manzur bo‘ladi, deb umid qilamiz.
Anvar HOJIAHMAD