Dasturxon yig‘ishtirilayotgan paytda ko‘chaning narigi betidagi qo‘shni ko‘rindi. Ko‘cha eshik ochiq edi, shu sababli «Domlajon, uydamisiz?» deb kirib kelaverdi. Uch-to‘rt kundan beri soqol olishga hafsala qilmagan ellik yoshlardagi kishi Ismoilbey bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Dasturxonni qayta yozishmoqchi edi, unamadi.
— Bozorga bormoqchiman, domlajonni bir ziyorat qilay, dedim. Ko‘chaga chiqib qarasam, darvozamning tepasiga chorsi bog‘lab qo‘yilibdi. Yap-yangi, deng. Yechib, belimga bog‘lab oldim, — u kulimsirab belbog‘ni ko‘rsatdi. — Hoynahoy domlajonning nabiralari bog‘lashgandir, sovchi qo‘ymasdan oldin turklar shunaqa qilarmikin, deb fikr qildim.
— Yigitali aka, bizda bunaqa odat yo‘q. Sovchi qo‘yishga hali besh-o‘n yil bor.
— Endi bu bir omadi gap-da, Ahadbey inim. Hozirdan chorsi bog‘lab turilsa, chorsidan yalchib qolarmidik, deyman-da. — U shunday deb kuldi-da, ajablanib qarab turgan Zelixonga ko‘zi tushib, jiddiylashdi. — Bu hazil, domlajon, omadi gap shuki, men munday qarasam, yana uch-to‘rt darvoza tepasiga bog‘langan. Shunga boshim garang bo‘ldi. Bozorga borishga ham oyog‘im tortmay qoldi. Yo‘ldan qaytdim. Yuragimga bir g‘ulg‘ula oralaganga o‘xshaydi.
Yigitalining keyingi gapini eshitib, Ismoilbey boshini egdi. Uning yuragi bir necha kundan beri notinch edi. Bir necha kundan beri ko‘zini yumdi degunicha, ona yurti Mesxetiyani ko‘radi. Dengiz mavjlari ko‘zlarini quvnatadi. Dengiz sohilida, qirg‘oqdagi mayda toshlarni ohista silayotgan ojiz to‘lqinlarni bezovta qilib yugurayotgan ishtonchan bolani ko‘radi. «Sen kimsan?» deb so‘raydi ajablanib. Bola qiqirlab kuladi. «Men — o‘zingizman, men — Ismoilbeyman. Men bunda bobomni kutayotirman». Hayotni faqat shodlikdan iborat deb o‘ylovchi bola — Ismoilbey qiyqirib, quvnab yuguradi. Dunyodan rizqi uzilay deb turgan qariya — Ismoilbey esa unga havas bilan qaraydi. Unga ergashib yugurgisi keladi. Ammo oyoqlarini yerdan uza olmaydi. Bola — Ismoilbey yuguradi. Sachragan suv tomchilari quyosh nurida zumrad misol bir tovlanish beradi-yu, yana o‘z o‘rniga qaytadi. Bolaning quvnashidan dengiz ham mast, quyosh ham yayrab nur sochadi... So‘ng... dengizning ufqqa tutash yerini yondirib quyosh botadi. So‘ng Oy ko‘tarilib, bu yong‘indan aziyat chekkan dengiz yuzini silab, ovutadi. Oy nuri dengiz uzra uzun poyandoz soladi... Shu onda poyandoz ustida bobosi ko‘rinadi. Bola — Ismoilbeyni ko‘tarib, yelkasiga o‘tqizadi. Iziga qayta boshlaydi. Bola xursand. Bobosi g‘amgin. Indamaydi. Nur poyandoz bo‘ylab yuraveradi. Qariya — Ismoilbey bobosini chaqiradi. Javob bo‘lmaydi. So‘ng u ham poyandozga oyoq qo‘yadi. Yuraveradi, yuraveradi... Oxiri dengiz tubiga qarab tusha boshlaydi. Bola — Ismoilbey bilan bobosini suv yutadi. Uning esa nafasi qayta boshlaydi... Cho‘chib uyg‘onadi. Kalima keltiradi... Necha kundan beri ahvol shu. «Bu nimadan darak beradi?» deb o‘ylaydi. O‘y o‘ylab, o‘yining nihoyasiga yeta olmaydi.