— Birinchi marta qachon odam o‘ldirgan eding?
— Ha, faraon, bu senga nima uchun kerak bo‘lib qoldi.
— O‘sha paytda qo‘limga tushganingda uch-to‘rt og‘iz gap gapirar edim. Endi foydasi yo‘q. Senga qarab o‘sha paytda o‘q uzilgan. Faqat yuragingga sanchilishi qoldi. Sen balki bugun qutulib ketarsan, lekin bilib qo‘y, o‘q iziga qaytmaydi, senga atab uzilganmi, demak, adashmaydi. Hukmni Ufadagi sud chiqardi, deyapsanmi, bekor gap. O‘sha birinchi qadamingda o‘zingga o‘zing hukm o‘qigansan. O‘qni ham o‘zing uzgansan. Boshqalardan o‘pkalama.
— Shundaymi, u holda o‘lim men uchun najot, sen uchun esa falokat, jazo ekan. Bunga nima deysan?
— Men o‘limning sharpasini sezmayapman.
«Qassob» shunaqami, «sezmasang, sezib ol», deganday panjasidagi bombani Solievning ko‘kragiga qattiqroq bosdi. O‘zini hotirjam tutishga harakat qilayotgan Soliev shundan so‘ng o‘zini behol sezdi. Yo‘q, «hozir bomba portlar, tanam qiyma-qiyma bo‘lib ketar», deb qo‘rqmadi. Xizmati yuzasidan hamisha o‘lim bilan berkinmachoq o‘ynaydigan odamning yengil turtkidan vahimaga tushishi mumkin emas. Alhol, Soliev vujudidagi behollik sababini bilmadi. Bu sababni keyinroq, shiftga tikilib yotgan damlarda anglaydi.
Odam bolasi tug‘ilib, dunyoni ko‘rgan onidan o‘lim bilan quvlashmachoq o‘yinini boshlaydi. O‘lim quvlaydi, odam bolasi esa qochaveradi. Kimdir bu o‘yinda tez charchaydi, o‘lim tezgina quvib yetadi. Ba’zilar esa uzoq, juda uzoq qochadi. Hatto o‘lim tezroq yugura qolsa edi, tezroq menga yeta qolsa edi, deb nolalar qiladi. Hatto yugurib horigani uchun sekinroq yura boshlaydi. Ne g‘amki, shu onda o‘lim ham yugurishni bas qiladi. Yugura-yugura charchagan, hayotdan to‘ygan odam o‘lim yeta qolsaydi, degan ilinjda to‘xtaydi. Ne qayg‘uki, o‘lim ham to‘xtaydi. Chunki... quvlashmachoq o‘yinining nihoyasi, oqibati qochayotganning ham, quvlayotganning ham ixtiyorida emas. Holiqi olam belgilagan vaqt va manzilga yetilgunga qadar bu o‘yin davom etaveradi.
Solievni quvib kelayotgan sayyod — o‘lim ayni shu bekatda saydiga yetib keldimi ekan? Buni yolg‘iz Yaratgan biladi.