O’N BIRINCHI SABOQ
RO’ZA, ZAKOT, HAJ HAQIDA
Assalomu alaykum, erkatoylarim, qo‘zichoqlarim!
Chin musulmon bo‘lishimiz uchun nima qilishimiz kerak? Iyi, iyi darrov esdan chiqarib qo‘ydingizmi? Esladingizmi, ha yashang! Buning uchun avvalo iymonli bo‘lish, keyin yana namoz o‘qish kerak ekan. Buni hech esdan chiqarmang, xo‘pmi?
Bugungi mashg‘ulotimizda Islom dinining qolgan uchta ustuni — ro‘za, zakot, haj nima ekanini tushuntirib beraman. Avval ro‘zadan boshlaymiz.
Ro‘za — ramazon oyida 30 kun erta tongdan shom bo‘lguncha ovqat yemaslik, ichimlik ichmaslik, keyin kattalarga taalluqli ayrim ishlarni qilmaslik kerak, degani. Ramazon oyi oylar ichida eng ulug‘i, tabarrugi. Shuning uchun Alloh taolo shu oyda bandalariga (ya’ni siz bilan bizga o‘xshagan barcha odamlarga) ro‘za tutishni buyurgan. Shundoq ulug‘ Podshohimiz ana shunday ulug‘ oyda ro‘za tutishni buyurgan bo‘lsa, bizlar nima qilamiz? Jon-jon deb bajaramiz, to‘g‘rimi asal-qandlarim?! Sizlar ham ota-onalaringizga qo‘shilib ro‘za tutishni o‘rganib tursangiz, Alloh taologa judayam yoqib qolardingiz-da!